Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shafeligida 11-12 iyun kunlari Toshkent va Samarqandda o‘tkaziladigan “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikallashuvning oldini olish va ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” xalqaro konferensiyasiga xorijlik mehmonlar va ekspertlar yurtimizga tashrif buyura boshladilar.
Konferensiyaga Malayziya Qirolligidan tashrif buyurgan Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti direktori professor Muhammad Yusuf ibn Hoji Usmon bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov bilan uchrashdi.
Malayziyalik mehmonga O‘zbekiston Respublikasida buyuk ajdodlar merosini o‘rganish, uni kelajak avlodlar uchun saqlash, diniy ta’lim sohasini isloh qilish, soha uchun yuqori saviyali mutaxassislar tayyorlash yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, Xalqaro Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Xalqaro Islom akademiyasining maqsadlari va vazifalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Doktor Muhammad Yusuf Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Beruniyning ismlarini jahon ilm ahli alohida ehtirom bilan tilga olishlarini, ushbu buyuk zotlar qoldirgan meros umummusulmon va umumjahon merosi ekanini ta’kidladi. "Prezidentingiz mamlakatingiz hayotidagi barcha yo‘nalishlarda bir paytning o‘zida islohotlar o‘tkazishga kirishdi va ularni butun jahon qo‘llab-quvvatlamoqda. Men ishtirok etishim kerak bo‘lgan konferensiya ham terrorizm va ma’rifiy islom bir-biriga mutlaqo zid ekanini namoyish qiladi, deb o‘ylayman. O‘zim unda Vasatiya (islomda mo‘ta’dillik) mavzusida ma’ruza qilmoqchiman. Aynan mo‘ta’dillik ma’rifiy islomning tamoyillaridan biridir", dedi Malayziyalik mehmon.
Uchrashuv yakunida Malayziya Qirolligi Islom sivilizatsiyasi instituti va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolashga kelishib olindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati