Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Ijtimoiy tarmoqlarning foyda va zararlari

09.06.2018   13747   6 min.
Ijtimoiy tarmoqlarning foyda va zararlari

Bugungi kunda odamlar, asosan, yoshlar feysbuk, telegram, odnoklassiki, instagram, tvitter, vkontakte kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqdalar. Bularning ichida feysbuk, telegram, tvitter va instagram juda ommalashdi. Aslida ijtimoiy tarmoqlar ilk bor 1995 yilda paydo bo‘lgan. Rendi Konrad ismli shaxs Classmates.com saytini ishga tushiradi. Dunyoning turli burchaklarida ta’lim olayotgan yoshlar bir-biri bilan tanishishi, do‘stlar o‘zaro bir-birini topib, hol-ahvol so‘rab turishlari uchun mazkur sayt tashkil etilgan edi. Bu sayt o‘sha paytda talabalar, yoshlar tomonidan qiziqish bilan kutib olingan.

Bugungi kunga kelib ijtimoiy tarmoqlar bilan bir qatorda ulardan foydalanuvchilar soni ham ko‘paydi. Bugungi kunda saytlarga kiruvchi, internetdan foydalanuvchilarning uchdan ikki qismi mazkur tarmoqlardan foydalanadi. Albatta, bu tarmoqlarning foydali va zararli tomonlari bor. Quyida shularni keltirib o‘tamiz.

 

Foydalari

  1. Ijtimoiy tarmoqlar ma’lumot olishning eng oson va qulay manbaidir. U jurnalistlarga ko‘p yordam beradi.

 

  1. Talabalarga, tadqiqotchilarga va boshqa qiziquvchilarga ham ko‘p yordami tegyapti. O‘zlariga kerakli materialni qaysidir davlatning qo‘lyozmalar fondidan yoki muzeyidan so‘rash, rasmini ko‘chirib olish, soha mutaxassisi bilan gaplashib, ilmiy xulosalar berishda qulaylik tug‘diryapti.

 

  1. Fuqarolarning jurnalistik mahoratlarini yuzaga chiqaryapti. Bir inson o‘z shahrida bo‘lgan voqeani rasmga oladi va uni o‘z sahifasiga sharhi bilan joylaydi. Mazkur maqolani boshqalarga ham yuboradi. Yuborilganlar orasida axborot saytlari ham bo‘lishi mumkin. Professional jurnalistlar bora olmagan joylarga o‘sha yerlik kishilar borib, voqeani rasm yoki videoga olib, tarmoqda e’lon qilmoqdalar. Bu esa jurnalistlarga qo‘l kelyapti.

 

  1. Ijtimoiy tarmoqlar Alloh taoloning diniga da’vat qilish vositalaridan biriga aylandi. Diniy idora va uning tizimidagi masjid, madrasa, ilmiy tadqiqot markazlari va ziyoratgohlarning rasmiy veb-saytlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochib, o‘sha orqali xalqimizga va butun dunyodagi o‘zbekzabon musulmonlarga diniy-ma’rifiy ma’lumotlarni yetkazish imkoniga ega bo‘lyaptilar. Qolaversa, ko‘plab imom domlalarimiz tarmoqlarda o‘z sahifalarini tashkil etib, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan ma’lumotlarni taqdim etib, dinimizni sof holda yetkazish ishiga katta hissa qo‘shmoqdalar.

 

  1. Faqirlar, boquvchisini yo‘qotganlar, bemorlarga moddiy ko‘mak berish maqsadida e’lonlar berish, xayriya tadbirlari tashkil etish, yoshlarni uyushtirish, imkoniyati bor kishilarni shu ishga jalb etishda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni katta. Bunga misol qilib “Saxovat” ko‘mak guruhini keltirishimiz mumkin.

 

  1. Maslahat so‘rash maydoni. Turli kasb vakillari o‘zlariga tegishli mavzularda tarmoq foydalanuvchilaridan maslahat so‘raydilar va kerakli maslahat va g‘oyalar oladilar.

 

  1. Do‘stlar orttirish. Ko‘plab insonlar ushbu tarmoqlar orqali o‘zlariga do‘stlar orttiradilar. Keyinchalik hatto o‘sha do‘stlar bilan hayotda ko‘rishib, do‘stliklarini davom ettiradilar.

 

  1. Xotirani tiklash. Ijtimoiy tarmoqlar xotiralarni tiklash uchun ham qulay imkoniyatdir. Ko‘pchilik foydalanuvchilar maktab davridagi rasmlarini bir-birlariga ulashib, yoshliklarini eslashadi, sinfdoshu kursdoshlari bilan topishishadi. Hatto bordi-keldi to‘xtab qolgan, boshqa yurtlarda yashovchi qarindoshlar bilan topishish mumkin.

 

 

Zararlari

  1. Axloqsizlik, fahsh, buzuqlikni targ‘ib qiluvchi saytlar va ularning sahifalari keng yoyilgani.

 

  1. Mish-mish, yolg‘on, uydirmalar, buzg‘unchi g‘oyalar, soxtalashtirish, tarafkashlikning yoyilgani. Ayrim foydalanuvchilar o‘z sahifalariga soxta rasmlar qo‘yib olishi, ma’lumotlarni soxtalashtirishi, asosi yo‘q, yolg‘on xabarlarni tarqatishi, bir guruhdagi kishilar o‘zlariga teskari fikr bildirgan tarafga (aslida barchalari musulmonlar) nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishlari, faqat o‘zlarining fikrlarini haq deb, boshqalarning fikrini mensimasliklari bunga misol bo‘ladi.

 

  1. E’lon qilingan ayrim maqolalarda ishonchli manbalarning yo‘qligi, qaysi kitob yoki saytdan olinganligi, kim yozganligi haqida ma’lumotning yo‘qligi, birovlarning haqlarini poymol etish, ularning yozgan maqolalarini o‘zlashtirib olib, ma’naviy, intellektual huquqlarning buzilishi sodir bo‘lishi.

 

  1. Ushbu tarmoqlarda insoniy aloqalar zaiflashadi, yuzma-yuz ko‘rishish bo‘lmagani uchun o‘zaro mehr kamayadi, voqelikdan uzilib qolish yuz beradi, oilaviy ahillikka, er-xotin o‘rtasidagi totuvlikka salbiy ta’sir qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarga e’tiborni qaratib, oilasiga, ayoliga, ota-onasiga, farzandlariga vaqt ajratolmaslik natijasida o‘rtaga sovuqchilik tushadi.

 

  1. Tarmoqlardan noto‘g‘ri foydalanish vaqtning isrof bo‘lishiga, keragidan ortiq foydalanish esa, unga o‘rganib qolishga sabab bo‘ladi. Keyin unday kishilar xuddi tamaki, spirtli ichimlik, nos va giyohvand moddalarga o‘rganib qolgan kimsalarga o‘xshab internetsiz, ijtimoiy tarmoqlarsiz turolmaydigan bo‘lib qoladi.

 

  1. Tarmoqlarga qattiq berilish oqibatida namoz, Allohni zikr qilish, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish, farzand tarbiyasi, ayoliga go‘zal munosabatda bo‘lish, ota-onaga yaxshilik qilish, ustozlar, bemorlar holidan xabar olish, janozada qatnashish kabi muhim ibodat va vazifalar qolib ketadi.

 

  1. Maqtanchoqlikning yoyilgani. Tarmoq foydalanuvchilari kiygan kiyimlari, yegan ovqatlarini o‘z sahifalariga joylashtirishlari oqibatida maqtanchoqlik, barchaning e’tiborida, diqqat markazida bo‘lish xohishi kuchayib, kambag‘al, nochor ahvolda yashayotganlarning his-tuyg‘ulari e’tiborga olinmaydigan kayfiyat yuzaga keladi.

 

  1. Turli oqimlar o‘z mafkuralarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng ko‘lamda foydalanmoqdalar. Bu ham yoshlar, umuman, dindan, diniy ma’rifatdan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilarni sof aqidadan og‘ib ketishiga, fiqhiy mazhablar borasida noto‘g‘ri fikr va tushunchaga ega bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

 

  1. Ahli ilm, imom, ulamo kishilar haqida bo‘hton uyushtiruvchi, ularni obro‘sizlantirishga urinuvchi guruhlarning ko‘pligi. Ulamolar, imom domlalarni yaqindan tanimagan, ular haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmagan kishilar mazkur bo‘htonchi guruhlarning ta’siriga tushib, so‘zlariga ishonib, ulkan gunoh bo‘lgan – g‘iybat balosiga mubtalo bo‘lmoqdalar.

 

Alloh taolo barchamizga ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishimizni nasib etsin!

 

 

mawdoo3.com sayti materiallari asosida

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

04.06.2025   9813   2 min.
INSON QADRINING YANA BIR YAQQOL IFODASI

Munosabat

Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.

Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.

Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.

Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.

Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.

Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.

Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.

Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib,  Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.

Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi

o‘rinbosari.

Maqolalar