Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Shavkat Mirziyoyev Amina Muhammadni qabul qildi

9.06.2018   3053   1 min.
Shavkat Mirziyoyev Amina Muhammadni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyun kuni Sindao shahrida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammadni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari keyingi ikki yilda O‘zbekiston va BMT hamkorligi faol tus olgani, amaliy natijalar bilan boyiganini ta’kidladi. BMTning nufuzli delegatsiyalari mamlakatda bo‘lgani, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Amina Muhammad O‘zbekiston prezidentining BMT Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi ishtirokini yodga oldi. Mamlakat tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Toshkentda o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu masalaga jahon hamjamiyati e’tiborini tortgani qayd etildi.

Muloqotda avvalgi uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi bo‘yicha atroflicha fikr almashildi. Hamkorlikning istiqboldagi muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Xitoyga jo‘nab ketgani xabar qilingandi.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   5039   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.