frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Barakotli kecha

08.06.2018   60316   2 min.
Barakotli kecha

Alloh taolo Duxon surasining 1-6- oyatlarida shunday marhamat qiladi:

Aniq Kitob (Qur’on) bilan qasamyod eturmanki,

albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz.

U (muborak kecha)da barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur.

(U ishlar) Bizning huzurimizdan bo‘lgan ishlardir. Darhaqiqat, Biz (payg‘ambar) yuboruvchidirmiz.

Bu Rabbingiz (tomoni)dan rahmatdir. Albatta, Uning o‘zi Eshituvchi va Biluvchidir.[1]

Imom Nasafiy rahmatullohi alayhi aytadilar: “Jumhur ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, oyati karimadagi muborak kechadan murod Alloh taoloning: “Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik.”[2] Va: “Ramazon oyi Qur’on nozil qilingan oydir.”[3] So‘zlariga binoan Qadr kechasidir.” So‘ngra aytadilar: Qur’oni karim bir jumlada lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga Qadr kechasida nozil qilgan. So‘ngra unga ehtiyoj tushganida Jabroil alayhissalom uni Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lingan holatida olib tushgan. Ba’zilar, Qur’oni karimni bo‘lingan holda nozil qilinishi boshlanishi Qadr kechasida bo‘lgan deydilar.

Muborak, unda tushadigan yaxshilik va baraka va duoning qabul bo‘lishidan iborat yaxshiligi ko‘p ma’nosida. Agar bu kechaning unda Qur’on bo‘lganidan boshqa fazilati bo‘lmaganida ham, barakotli ekanligiga shuning o‘zi ham kifoya qilardi.[4]

 

 

 

Shayxontohur tumani

“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi, TII o‘qituvchisi 

A. Sobirov

[1] Duxon surasi 1-6-oyatlar.Shayx Abdulaziz Mansur.  Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti. 

[2] Qadr surasi 1-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur.  Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti. 

[3] Baqara surasi 851-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur.  Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti. 

[4] Imom Nasafiy. Tafsirun nasafiy 1109 b.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Xo‘jamulki" mahallasida obodlik va mehr-saxovat

16.08.2026   15601   1 min.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.

Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.

Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari