Alloh taolo yaratgan bandalariga fahsh ishlardan saqlanishni qattiq buyurgan. Qur’oni karimning Isro surasi, 32-oyatida shunday marhamat qilinadi: «Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki bu buzuqlik va eng yomon yo‘ldir». Inson hayotini barbod qiladigan bu yo‘llardan qaytariq bo‘lishiga qaramay, ba’zi kimsalar gunohi kabiralarni qilishdan toymaydi. Buni hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘ymoqda.
Yaqinda internetda Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozori atrofida fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollar tasviri tushirilgan video paydo bo‘ldi. Unda hudud keksalari tomonidan bunday kimsalar yoshlarga salbiy ta’sir o‘tkazayotgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar esa vaziyatga mana bir necha yilki, befarq qarab kelayotgani ta’kidlanadi.
Fohishalar faoliyatiga qarshi tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir uyushtirildi. Natijada fohishalik bilan shug‘ullanuvchi 80 nafarga yaqin ayol ushlandi. Ularga nisbatan ma’muriy ishlar bo‘yicha Bektemir tuman sudi tomonidan jazo belgilandi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, fohishalik bilan shug‘ullangan shaxsga nisbatan eng kam ish haqining 1 baravaridan 3 baravarigacha jazo nazarda tutilgan. Ular jazosini oldi. Shu bilan muammo o‘z yechimini topdimi? Yo‘q...
Bayon qilmoqchi bo‘lgan fikrlarimiz qo‘pol chiqadigan bo‘lsa, aybga buyurmaysiz, chunki bu mavzuga batafsil to‘xtalib o‘tish va uni xolis yoritish ana shunday qo‘pol fikrlarni yuzaga chiqaradi. Xo‘sh, suddan so‘ng ular uyiga boradi, telefonini yoqadi, “kliyent”lari yoki o‘zi ularga qo‘ng‘iroq qiladi (qiyin vaziyatda emasmi?!). Mijozga odatdagidek fohishalik xizmati taklif etiladi. Qarabsizki, belgilangan jarima puli tayyor. Ertasiga kassaga pulni to‘laydi va yuzim-ko‘zim demay faoliyatini davom ettiraveradi (agar Alloh insof berib bu gunohdan qaytmasa). Ko‘rib turganingizdek, razolat egalariga bunday jarima jazosi yetarli emas.
Ularning nega bunday qabih ishlar qilishayotgani sababi bilan qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, ularning aksariyati yashash joyidagi tuman hokimiyatiga murojaat qilgan, ish topolmagan, uysiz, ajrashganlarining esa huquqiy ongi past, aliment undirishga murojaat qilishni bilmaydigan yolg‘iz ayollar.
O‘tgan davr mobaynida ularga nisbatan befarqlik holatlari kuzatilgan, tegishli tashkilotlar esa keraksiz qog‘ozlarni to‘ldirish bilan band bo‘lgan. Zimmalaridagi vazifalarni bajarmay kelgan. Afsus bilan tan olishimiz kerak bu - «o‘zimiz pishirgan osh».
Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Hayot qiyinchiliklariga uchragan boshqa ayollar-chi? Ular bunday qabih ishlarni qilayotganlari yo‘q-ku. Allohga shukr aytib, halol mehnati bilan oilasini boqayotgan ayollar qanchadan qancha. Bu musulmon millatiga yarashmaydigan jirkanch holatdir.
Rivoyat qilishlaricha, jahannamdagi bir vodiyda ilonlar bo‘ladi. Har bir ilonning yo‘g‘onligi tuyaning bo‘ynidek bo‘lib, ular namozni tark qiluvchilarni chaqadi. Ularning zahri inson jismida yetmish yil o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. So‘ng uning go‘shtlari shalvirab tushadi. Jahannamda “Jubbul huzn” (qayg‘u o‘rasi) deb nomlangan yana bir vodiy bo‘lib, u ilon va chayonlar makonidir. Har chayon xachirdek keladi. Uning yetmishta nishi bo‘lib, har bir nishi zaharga to‘la. U zinokorni chaqib zaharlaydi. Uning og‘rig‘i ming yil azob beradi. So‘ng zinokorning go‘shtlari titilib, farjidan qon, yiring oqadi. Oxiratda zinokorlar ana shunday dahshatli jazo olishlari sahih hadislarda aytib o‘tilgan. Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari va «Islom ota» jome masjid imom xatibi Jasurbek qori Raupov bilan aynan mana shu gunohi kabira mavzusida suhbatlashdik. “Bunday gunohlarga ota-onalarning farzandlariga halol va harom nima ekanligini o‘rgatmaganliklari sabab bo‘lmoqda. Alloh taolo zino qilish tugul unga yaqinlashishni ham taqiqlagan. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v): «Qaysi bir qavmda zino ko‘payadigan bo‘lsa, ularga ota-bobolari eshitmagan kasallik keladi», - deb aytib o‘tganlar. Bugungi kunda tarqalgan OITS va shunga o‘xshash kasalliklar ana shunday ofatlardan biri hisoblanadi. Yana bir hadisda Muhammad (s.a.v): «Kimki ikki jag‘i va ikki oyog‘i orasini gunohlardan saqlasa, jannatga kirishlariga men kafil», deb aytib o‘tganlar. Shunday ekan jannatga kirishning oson yo‘lidan to‘sadigan zinodan saqlanishimiz zarur.
Bir kuni bir sahoba kelib payg‘ambarimiz (s.a.v)ga “Yo Rasululloh, zino qilmoqchiman, kuch-quvvatim ko‘payib ketyapti”, dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v) «O‘zingning opang, singling yoki onang bilan begona erkak zino qilishini xohlaysanmi?», dedilar. Shunda uning jahli chiqib, nega bunday deyayotganliklarining sababini so‘radi. Shunda Rasululloh: «Sen zino qilmoqchi bo‘lgan insonning ham akasi, ukasi yoki o‘g‘li bo‘lishi mumkinligini unutma», - dedilar. Shunda sahoba bu gunohi kabiradan saqlanishga Alloh nomi bilan qasam ichdi.
Jamiyatda bunday illat tarqalishiga asosiy sabab insonning nafsi, uni jilovlay olmasligi. Boshqa qiyinchiliklar sabab bo‘la olmaydi. Urush davrida juda ko‘p qiyinchiliklar bo‘lgan. Lekin insonlarimiz sabr qilgan. Hozir jamiyatimizda mehnat qilgan inson rizqini topyapti. Ochlikdan o‘ldi, degan gapni eshitganimiz yo‘q. Ochko‘zlikdan o‘ldi, degan gaplar qulog‘imizga chalinyapti. Shunday ekan sabr qilishimiz, mehnat qilib halol rizq topishni o‘rganishimiz zarur. Farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmay, solih va soliha farzandlarni tarbiyalab o‘stirishimiz kerak”, - dedi Jasurbek qori Raupov.
Xulosa shuki, biz farzandlarimizga halol va harom nima ekanligini yoshlik chog‘laridan singdirishimiz kerak ekan. Bundan tashqari, fahsh ishlar kabi jinoyatni qilgan shaxslarga nisbatan qonunchilik tomonidan og‘irroq jazolar nazarda tutilishi shart. Bunday shaxslarga ma’lum bir muddatga majburiy mehnat jazosi berilsa, adolatdan bo‘lar edi. Zora jazo davrida halol mehnatning noni shirinligini tushunib yetishsa. Qonunchilik tashabbusiga ega tashkilotlardan ana shunday loyihalarni kutib qolamiz. Shu bilan birga, joylardagi hokimliklar, xotin-qizlar qo‘mitalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar ittifoqi mutasaddilari mazkur muammo bo‘yicha jamiyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha alohida dasturlarini ishlab chiqishlari zarur. Muammo ildizi ko‘rinib turibdi. Unga barham berish qolgan xolos. Yutuqlar doimgidek biz bilan qoladi. Kelajakda maqtanishga vaqt topiladi. Muammo bor. Uni bosiqlik bilan rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalangan holda hal etish kerak. Yo‘qsa, razolat botqog‘i kengayishda davom etadi.
Zafarbek Solijonov
Ramazon ostonasidagi duolarimiz
Allohim, muborak Ramazon oyi tashrifini barcha musulmonlarga xayr va baraka tashrifi etgin!
Allohim, bizning ro‘zalarimizni, namozlarimizni, qiyomlarimizni qabul ayla va gunohlarimizni mag‘firat etgin! Albatta Sen G‘afur va Rohiym Zotsan!
اللهم إنا نسألك أن تبلغنا شهر رمضان المبارك لا فاقدين ولا مفقودين ونحن في راحة بال ونتمتع بصح وعافية، وأن تجعل هذا الشهر المبارك نهاية المعاصي التي قد ارتكبناها وأعنا على أن نعبدك في هذا الشهر عبادة ترضيك وترضينا
Allohim, bizni muborak Ramazon oyiga (yaxshiliklarini) yo‘qotmagan va (g‘animat fursatlarini) o‘tkazib yubormaganlar qatorida rohat, xotirjamlik, salomatlik va ofiyat ila (bu oydan) bahramand bo‘ladigan holda yetkazgin.
Bu oyni biz uchun sho‘ng‘ib ketganimiz gunoh-ma’siyatlarning yakun topishi qilgin va O‘zing bizdan rozi bo‘ladigan va bizni ham rozi qiladigan ibodatlarni ado etishimizda yordam bergin!
يارب العباد إنا ندعوك أن تغفر لنا ذنوبنا وأن تجعل شهر رمضان المبارك بداية لنا لكل خير وأن ترزقنا فيه البركة والرزق الواسع وأن تعتق رقابنا ورقاب من نحب فيه من النار
Ey bandalarning Robbisi, biz Sendan ushbu muborak oyda bizning gunohlarimizni mag‘firat qilishingni va bu oyni bizga barcha yaxshiliklarning boshlanishi etishingni va bu oyda baraka, keng rizq ila rizqlantirishingni, bo‘yinlarimizni va biz sevganlarning bo‘yinlarini do‘zaxdan ozod etishingni so‘raymiz!
اللهم إنا نسألك أن تجعل شهر رمضان المعظم شهر تملأ فية الفرحة قلوبنا وتفرج فيه كروبنا وأن ترزقنا فيه الخير كله
Allohim, ushbu muazzam Ramazon oyini qalblarimizni shodlik va quvonchga to‘ldiradigan, g‘am-tashvishlarimizni ketkazadigan oy etishingni va ushbu oyda barcha xayr, yaxshiliklarni nasib etishingni so‘raymiz!
اللهم إنا نسألك أن تبلغنا صلاة التراويح ودعوات المصلين وختم كتابك، اللهم إنا نسألك أن تبلغنا نحن ومن نحب شهر رمضان المبارك وأن ترزقنا فيه الخير والسعادة وأن تتقبل منا صلاتنا وصيامنا وان تعتق رقابنا من النار
Allohim, bizni Kitobing xatmiga, namozxonlarning duolariga va taroveh namozlariga yetkazishingni so‘raymiz!
Allohim, bizni va bizning suyganlarimiz, yaqinlarimizni muborak Ramazon oyiga yetkazishingni va u oydagi xayr va saodat ila rizqlantirishingni va bizdan namozlarimizni, ro‘zalarimizni qabul etmog‘ingni va bizga do‘zaxdan najot bermog‘ingni so‘raymiz!
Yaqinlashayotgan Ramazoni sharif barchamizga muborak bo‘lsin!