“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xusu-siyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”.
Alloh taolo ushbu oyati karimada oiladagi rahbarlik mas’uliyati kimning zimmasida bo‘lishi, soliha ayollarning sifati va oilada zaifa ayol sababli yuzaga keladigan kelishmovchilikni bartaraf etish yo‘llarini quyidagicha bayon qilgan:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir”. Ya’ni, er oilada xotin va farzandlar ustidan ularni manfaatli bo‘lgan ishlarga buyurib, zararli holatlardan qaytarib turishda rahbardir. Oyatda “qoim turuvchilar” ma’nosini anglatuvchi “qovvamun” so‘zi arab tili qoidasiga ko‘ra mubolag‘a siyg‘asida kelgan. Bu oila boshlig‘i bo‘lgan er xotin va farzandlarning tarbiyasida ularga odob-axloq o‘rgatishda, moddiy ta’minotda, haq-huquqlarini saqlashda va himoya qilishda ulkan mas’uliyat ustida ekanini ko‘rsatadi. Imom Qurtubiy: “Erkaklarning tabiatida ayollar tabiatida bo‘lmagan ziyoda quvvat bor. Chunki erkaklarning tabiatida issiqlik va quruqlik g‘olib bo‘lib, bu quvvat va shiddatdan dalolat beradi. Ayollarning tabiatida namlik va sovuqlik bo‘lib, bu yumshoqlik va zaiflikdan dalolat beradi. Shu sababdan erkaklarga ayollar ustidan rahbarlik haqqini bergan”, degan.
Ushbu oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqe’a sabab bo‘lgan. Habiba binti Zayd eri Sa’d ibn Robe’ga itoatsizlik qildi. Shunda Sa’d uni bir shapaloq urdi. Habiba otasi bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib: “Men qizimni unga to‘shak qilib bersam, u qizimni uribdi” deb shikoyat qildi. U zot: eridan qasos olsin, dedilar. Ular qaytib ketayotgan edilar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni qaytarib: “Jabroil alayhis salom oyat keltirdi”, dedilarda mazkur oyatni o‘qidilar. So‘ngra: “Biz bir ishni xohladik va Alloh ham bir ishni iroda qildi. Alloh iroda qilgani yaxshidir”, dedilar.
So‘ngra Alloh taolo oilada erlarga rahbarlik mas’uliyati berilishidagi asosiy ikki sababni bayon qildi:
Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. Demak, ushbu ikki sababning birinchisi erkaklarning ayollardan ba’zi xususiyatlarda ortiqligi va ikkinchisi o‘z mol-mulklaridan nafaqa qilganlari. Bu bilan aytishlik mumkinki, erkaklarni afzal qilib yaratilishi ayollarning foidasi uchundir. Chunki erkaklar o‘zlariga berilgan aqlu idrok va kuch-g‘ayrat orqali oilani go‘zal tarizda boshqaradi va moddiy tomonlama ta’minlaydi. Mufasssirlar oyatda kelgan “ortiqlik”ni payg‘ambarlik, xalifalik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oila nomini unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabi xususiyatlar bilan tafsir qilganlar.
So‘ngra Alloh taolo erning boshqaruvi ostida bo‘lgan ayollar haqida so‘z yuritib, ularni ikki qism bo‘lishini aytdi. Ularning birinchi qismi:
(Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Ushbu jumlalar xabar ko‘rinishida kelgan bo‘lsada, bundan erga itoat etish, uni mol-mulkini va o‘z iffatini saqlashga buyurish qasd qilingan. Demak, o‘z dinida soliha bo‘lgan ayollarning bir sifati Allohga va eriga itoatli bo‘lishidir. Ularning ikkinchi sifati esa, nafaqat erlari huzurida, balki ular yo‘qligida ham mol-mulklarini va obro‘larini hamda o‘z iffatlarini saqlaydilar. Ular bu ishlarida Allohning roziligini ko‘zlaganlari uchun Alloh ham ularni o‘z himoyasiga oladi. Abu Dovud Tayolisiy “Musnad”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollarning yaxshisi–nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoat etadigan va g‘oyib bo‘lsang, seni o‘z nafsida va molingda muhofaza qiladiganidir”, deganlar. Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver”, deyiladi”, deganlar.
Keyingi oyatlarda Alloh taolo ayollarning ikkinchi qismini bayon qilib, ular sababli ba’zan oilada vujudga keladigan noxushliklar muolajasini qilgan. Bu noxushlikka ayol sababchi bo‘lib, eriga itoatsizlik qilsa, unga nisbatan qanday yo‘l tutilishi bayon etilgan:
“Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”. Demak, o‘z eriga itoatsizlik qilgan ayollarga nisbatan birinchi navbatda Allohning kitobi va Rasulining sunnatini eslatish orqali pand-nasihat qilinadi. Ya’ni, Alloh ayollar zimmasiga o‘z erlariga itoatda, chiroyli muomala va munosabatda bo‘lishni vojib qilib qo‘ygani aytiladi. Er o‘z ayoli ustidan bir daraja yuqori turishini e’tirof etishga chaqiriladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Agar insonni insonga sajda qilishga buyurganimda edi, ayolni o‘z eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim[1]” deb marhamat qilgan hadislari yana bir bor eslatiladi. Imom Shofe’iy rahmatullohu alayh nasihat qilish: “Allohdan qo‘rqqin. Seni ustingda meni haqqim bor. Sen ushbu holatingdan qaytgin. Menga itoat etishing seni zimmangda farz ekanini bilgin” kabi gaplar bilan bo‘ladi, deganlar.
Salafi solihlarimiz eriga itoatsizlik qilgan xotinga nafaqa berilmasligini alohida ta’kidlaganlar.
“so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz,”. Ya’ni, agar ayolga pand-nasihat manfaat bermasa, birga yotadigan to‘shagini alohida qiladi. Zero, o‘rinni alohida qilish eriga muhabbatli ayol uchun og‘ir botib, tezda o‘zini o‘nglashga harakat qiladi. Bundan o‘ziga xulosa chiqarmagan ayol, eriga itoatsizlikda qat’iy ekanini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘ladi. Mufassirlar oyatda kelgan “tark etish”ni turlicha tafsir qilishib, jumladan, Ibn Abbos roziyallohu anhu: bir to‘shakda undan yuz burib, gaplashmaydi, degan. Ba’zilar: yumshoq gapirmasdan, dag‘allik qiladi, deyishgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qachon ayol erining to‘shagidan alohida tarizda tunni o‘tkazadigan bo‘lsa, qaytgunicha farishtalar unga la’nat aytib turadi[2]”, deganlar.
“so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz”. Alloh taolo ayollarga avvalo pand-nasihat qilishga so‘ng o‘rinlarda tark qilishga buyurdi. Agar bu ikkisi foyda bermasa urushga o‘tiladi. Zero, ba’zi ayollarga borki ularni urish o‘nglaydi va erining haqqiga to‘la-to‘kis rioya qilishga undaydi. Ammo urish deganda, qattiq kaltaklash, a’zolarini sindirish yoki boshqa jarohatlar yetkazish tushunmaslik kerak. Ulamolar ushbu oyati karimada izn berilgan urishning ma’nosi, misvok yoki biror barmog‘i bilan turtish, deganlar.
Alloh taolo Qur’onda faqat mana shu o‘rinda va ulkan gunohlarning hadlaridagina ochiq-oydin urishga buyurgan. Xotinlarning o‘z erlariga nisbatan gunohlarini ulkan gunohlar bilan tenglashtirgan. Odob berish huquqini to‘g‘ridan to‘g‘ri erlarning o‘zlariga bergan. Ushbu gunohni guvoh yoki hujjatlar orqali isbotlanishi va belgilangan choralarni qo‘llashda qozining huzurida bo‘lishini shart qilmadi. Bu Alloh erlarni xotinlar ustidan rahbar qilib qo‘ygani, ular uchun haqiqiy ne’mat ekaniga dalolat qiladi.
Muoviya ibn Hayra Qushayriy roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?” deb so‘raganida, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Agar taom yesang, unga ham yedirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma”, deganlar. Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohning cho‘rilarini urmanglar!” deganlar. Ushbu rivoyatlardan ma’lum bo‘ladiki, oyati karimadagi urishga berilgan izn faqat siyosat, o‘zini bilmagan ayollarga ta’sir o‘tkazish va o‘rtani tuzatish uchundir.
“Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”. Alloh oyatning avvalida erlarning fazilatini, so‘ng ularga odob berish haqqini berganini bayon qilib, ushbu oyatda zulm qilib qo‘yishdan qaytarmoqda. Ayollarning hassos va zaif holda yaratilgani ayni haqiqatdir. Ular o‘z zaifaliklariga borib, itoasizlik va odobsizlik qilib qo‘yadilar. Yuqorida aytib o‘tilgan choralardan biri qo‘llangach, o‘zlariga kelib itoatga qaytsalar, ularga nisbatan boshqa chora qo‘llashga o‘tilmaydi. Chunki mazkur choralarni qo‘llash oilani saqlab qolish uchun edi. Zero, maqsad hosil bo‘lgach, boshqa choraga ehtiyoj ham yo‘q aslida. Shuni unutmaslik kerakki, xotin itoat qilgandan keyin ham ularga qarshi boshqa yo‘l axtarish, ularga zulm qilish bo‘lib qoladi. Albatta, Alloh taolo zulm qilgan zolimlardan o‘ch olishga qodir oliy va ulug‘ zotdir.
Manbalar asosida
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Farhod JO‘RAYEV
tayyorladi
[1] Ushbu hadisni imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi