Laylatul qadrga yetishish va unda berilajak ajr-mukofotlardan bahramand bo‘lish har bir musulmon orzusi. Shunday ekan, bu muborak tunni qaysi kechadan izlamoq kerak?
Dastlab, Qadr Ramazon oyining nechanchi kechasi ekani Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan Qadr kechasini aniqlab aytib berishlarini qayta-qayta so‘rashgach, u zot avval oyning uchinchi o‘n kunligidan, keyinroq oyning oxirgi yetti kechasidan, so‘ngra oyning oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar va hokazo. Shunga ko‘ra, manbalarda bu borada kelgan ma’lumotlar turlichadir. Demak, Qadr kechasini quyidagi vaqtlardan topish mumkin ekan:
Yil davomida. Ba’zi ulug‘ zotlar odamlar yilning ma’lum bir kechasiga suyanib, faqatgina o‘sha tunni g‘animat bilib, uni ibodat bilan bedor o‘tkazib, qolgan kechalarga beparvo bo‘lib yurmasinlar degan maqsadda, bu muborak kechani topmoqchi bo‘lgan kishi yil davomida izlashi kerak, deyishgan.
Tabiiyki, bu juda mashaqqatli bo‘lib, unga hamma ham qodir bo‘lolmaydi. Zero, Islom yengillik dinidir. Alloh taolo bandalariga toqatidan tashqari narsani yuklamaydi. Dinimizda har bir masalada kishining holati inobatga olinadi, hatto ibodatda ham. Masalan, sog‘lom kishi namozni tik turib o‘qisa, unga toqati yetmaganlar o‘tirib imo-ishora bilan ado etadi va hokazo. Alloh taoloning mehribonligini qarangki, sog‘lom odam namoz o‘qiganida, unga qancha savob berilsa, ixlos bilan o‘tirib, imo-ishora bilan o‘qilgan ibodatga ham o‘shancha ajr yoziladi. Agar bularga ato etiladigan savoblar ayricha bo‘lganida edi, bemorlar, qarilar va zaiflar singari odamlar kuch-quvvati bor sog‘lom kishidek savob qozonishlari mumkin bo‘lmay qolardi. Bu esa, zulmdir. Holbuki, Alloh subhonahu va taolo hech kimga zulmni ravo ko‘rmas. Demak, Qadr kechasi haqida keltirilgan ma’lumotlar ham shunga qiyoslanadi. Zero, Qadr kechasini topish ham ulug‘ ibodatdir.
Ramazon oyidan. Shunday qilib, yil davomida Qadr kechasini izlash imkoniyati yo‘q kishilar qanday yo‘l tutishlari kerak? Ular mazkur kechani Ramazon oyidan qidiradilar. Demak, mazkur kechani topish yanada qulaylashdi, yildan oyga qisqardi.
Ramazon oyining oxirgi dahasidan. Bu muborak kechani Ramazon oyi davomida topish ko‘pchilikka og‘irlik qildi, deylik. Endi, ular Ramazonning oxirgi o‘nligidan qidirishlari kerak. Zero, Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar va:
تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ
«Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar» (Muttafaqun alayh). Demak, shart-sharoiti ko‘targan kishilar shu kechalar ichidan topishga harakat qiladilar. Bu, Laylatul qadrni topish oydan o‘n kechaga qisqardi, deganidir.
Ramazon oyining oxirgi yetti kechasidan. Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi dahasidan topishga ham toqati yetmaganlar uni oxirgi yetti kechadan qidirishlari mumkin. Zero, Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinishicha, sahobalardan ba’zilari tushlarida Laylatul qadrni oxirgi yetti (kecha)da ekanini ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar:
أَرَى رُؤْيَاكُمْ قَدْ تَوَاطَأَتْ فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ فَمَنْ كَانَ مُتَحَرِّيهَا فَلْيَتَحَرَّهَا فِي السَّبْعِ الأَوَاخِرِ.
«Sizlarning tushingiz oxirgi yetti kechaga muvofiq kelayotganini ko‘ryapman. Kim u (kecha)ni izlamoqchi bo‘lsa, oxirgi yetti (kecha)da qidirsin» (Muttafaqun alayh). Zotan, haqiqiy mo‘minning ko‘rgan tushi vahiy kabidir. Zero, azon sahobalar (roziyallohu anhum)ning tushlari tufayli joriy bo‘lgani tarixdan ma’lum. Endi u zotlarning tushlari sharofatidan Laylatul qadrni izlash o‘n kechadan yetti kechaga qisqardi. Bu ham qulay imkoniyat.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kechasining toqlaridan. Bu Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi yetti kechasidan izlashga ojiz kishilar uchun yo‘ldir:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِي الله عَنْهَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِي.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kechasining toq (kecha)laridan izlanglar» (Ikki Shayx va Termiziy rivoyati). Demak, Qadr kechasini topish yettidan besh kechaga qisqardi. Ular Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi, yigirma beshinchi, yigirma yettinchi va yigirma to‘qqizinchi kechalaridir. Ha, bu muborak kechalar ham Laylatul qadrni topish uchun qulay fursatdir.
Ramazon oyining yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan. Bu yuqoridagi besh kechaga toqati yetmaganlar uchun qulay fursatdir:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي الله عَنْهما أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: الْتَمِسُوهَا فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي تَاسِعَةٍ تَبْقَى فِي سَابِعَةٍ تَبْقَى فِي خَامِسَةٍ تَبْقَى. رواه البخاري.
Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: «Laylatul qadrni Ramazondan oxirgi o‘n (kechasi)da izlanglar: to‘qqiz kecha qolganda, yetti kecha qolganda, besh kecha qolganda» (Imom Buxoriy rivoyati). Demak, Laylatul qadrni topish besh kechadan uchga qisqardi. Shunga ko‘ra, bu Ramazonning yigirma birinchi, yigirma uchinchi va yigirma beshinchi kechalaridan topish kerak bo‘ladi.
Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan. Mazkur uch kechaga ham majoli yetmaganlar Qadr kechasini Ramazonning yigirma yettinchi kechasidan izlashga imkonlari bor. Zero, bu ulug‘ tun Ramazonning aynan shu kechasida ekaniga dalolat qiladigan hadislar ko‘pdir. Jumladan, Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ سَبْعٍ وَعِشْرِينَ
«Laylatul qadr yigirma yettinchi kechadadir» (Imom Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Mashhur sahobiy Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu) Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning Qadr kechasi haqidagi aytgan alomatlaridan aniqlab, jazm bilan uni yigirma yettinchi kechada ekanini ta’kidlaganlar. Uning alomati o‘laroq, o‘sha kechaning barakotlariga guvoh bo‘lish uchun juda ko‘p farishta osmondan yerga tushib-chiqar ekan. Ularning ko‘pligidan quyosh yog‘dusi to‘siladi. Shu bois, o‘sha kechaning tongida quyosh tog‘araga o‘xshab, atrofga ziyo sochmay ko‘tarilarkan.
Qadr kechasi Ramazon oyining yigirma yettinchisida ekani Islom olamida mashhurdir. Demak, bu muborak oyni g‘animat bilib, imkoni bo‘lsa, barcha kechalarida ibodatga bel bog‘lab, bedor o‘tkazishga, ayniqsa, yigirma yettinchi kechaga alohida e’tibor qaratish kerak. Shu bilan birga, bu muborak kechada, ahli oila, yoru do‘stlarni ham ibodatga chorlash maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo o‘sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning savobidan ko‘ra ko‘proq ajr berishidan umidvor bo‘lish lozim. O‘sha kechada qilingan ibodat va duolar fazlidan o‘tgan gunohlarning kechirilishini umid qilish darkor.
Ramazonning oxirgi o‘n kechaning biridan. Rivoyatlarda kelishicha, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasini izlamoqchi bo‘lib, Ramazonning avvalgi va o‘rta o‘n kunliklarida e’tikof o‘tirdilar. Shunda tushlarida u tun Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekani, o‘sha kechaning alomati o‘laroq u zot tongda loy hamda suvga sajda qilishlarini ko‘rdilar. Buni kishilarga aytib, ularni ham e’tikof o‘tirishga chorladilar. Bir kuni tongda yomg‘ir yog‘di. Masjidi Nabaviyaning tomi xurmo shoxlari bilan yopilganidan, diyarli yomg‘irning ko‘p qismi masjid yeriga tushar edi. Bomdod namozi o‘qilganida Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak peshona va burunlari uchiga loy hamda suv tegdi. Shunda sahobalar darhol Laylatul qadr alomatini esladilar. O‘shanda Ramazonning yigirma birinchi kechasi edi. Boshqa rivoyatda esa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Menga Laylatul qadr ko‘rsatildi. So‘ngra xotiramdan ko‘tarildi. Menimcha, o‘sha kechaning tongida loy va suvga sajda qilsam kerak», dedilar. Shunda Ramazonning yigirma uchinchi kechasida yomg‘ir qo‘ydi».
Ulamolar Laylatul qadr har yili ko‘chib yuradi, bir yil u kechada, keyingi yil bu kechada, deganlar. Shu e’tibordan, u kechani topmoqchi bo‘lgan kishi Ramazon oyining hamma kechalarini ibodat bilan o‘tkazsa, albatta, uni topadi. Alloh taolo hammamizni bu ulug‘ onlarning fayzu barakotidan nasibador qilsin, duolarimizni ijobat aylasin, gunohlarimizni afv etsin, tavbalarimizni qabul qilsin. Bu muborak oyning sharofatidan butun dunyoga, ayniqsa, yurtimizga tinchlik-xotirjamlikni bardavom aylasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qarash kimni quvontirsa, Urva ibn Zubayrga qarasin»
Abdulmalik ibn Marvon.
Urva ibn Zubayr hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifaliklaridan bir yil qolganida, musulmon oilalar orasida eng hurmatli va oliy maqom xonadonda tavallud topdi. Otalari Zubayr ibn Avvom (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning fidoiy sahobalaridan, jannat bashorati berilgan o‘nta sahobaning biri edi. Onalari esa Asmo binti Abu Bakr «zun nitoqayn - ikki belbog‘ sohibasi» (Hijrat kuni belbog‘ini ikkiga bo‘lib, biri bilan Rasululloh sollallohu vasalamning yegulik idishlarini, boshqasi bilan suv idishlarini bog‘lagani uchun shunday sharafga erishgan) edi.
Ona tarafdan bobolari Abu Bakr Siddiq (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifalari va g‘ordagi hamrohlari bo‘lgan edi. Ota tarafdan momolari Sofiya binti Abdulmuttalib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari va mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho u kishining xolasidir. Oisha onamiz (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) vafot etganlarida Urva ibn Zubayr o‘zlari qabrga tushib, lahadga qo‘ygan. Iymon sharafi va Islom izzatidan boshqa, mana shunday nasabdan ko‘ra oliy nasab va shunday sharafdan ko‘ra buyuk sharaf bormikin?
Ka’bai Muazzama oldida akalari va hamrohlari bilan yaxshi orzuga erishishni tanlash xayol qilinganda, Urva ibn Zubayr men Rabbimdan amal qiluvchi olim bo‘lishni orzu qilaman. Mendan odamlar Allohning Kitobini, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini va Islom dini ahkomlarini o‘rgansalar, dedi. Shu qilgan orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Urva ibn Zubayr ilm tahsiliga bel bog‘lab, qattiq kirishdi.
Hayot bo‘lgan sahobalarni g‘animat bilib, ularning uylariga qatnab, orqalarida toat-ibodat qilib, ilm majlislarida doimiy ishtirok etdi. U Ali ibn Abu Tolib, Abdurrahmon ibn Avf, Zayd ibn Sobit, Abu Ayyub Ansoriy, Usoma ibn Zayd, Sa’id ibn Zayd, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos va No‘mon ibn Bashir (Alloh u kishilardan rozi bo‘lsin) dan hadislar rivoyat qildi. Aksar ilmini xolasi Oisha roziyallohu anhodan oldi va odamlar ularga din ishlarida suyanadigan, solih hokimlar esa o‘zlari mas’ul bo‘lgan xalqlar va shaharlar masalasida ulardan yordam istaydigan, Madinaning o‘sha davrda ko‘zga ko‘ringan faqihlaridan biri bo‘lib yetishdi.
Buning dalili o‘laroq, Umar ibn Abdulaziz Valid ibn Abdulmalik tarafidan Madinaga voliy etib tayinlanganida, odamlar qutlash uchun uning huzuriga keldilar. Peshin namozini o‘qib bo‘lgach, Madina ulamolaridan o‘n kishini taklif qildi. Taklif qilingan olimlarning peshqadami esa Urva ibn Zubayr edi.
Umar ibn Abdulaziz ulamolarni yaxshi kutib olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgach, Allohga hamdu sano aytib shunday dedi: «Menga haq ustida yordamchi bo‘ladigan va ajr-savobga ham ega bo‘lib qoladigan bir ish uchun sizlarni taklif qildim. Men har bir ishni sizlarning fikringiz va maslahatingiz bilangina qilmoqchiman. Sizlardan iltimosim shuki, agar biron kimsani boshqa birovga zulm qilayotganini ko‘rsangiz yoki mening xodimlarim haddan oshib, zulmga qo‘l urgani sizlarga yetsa, shuni menga xabar bersangiz!». Bu gaplarni eshitgach, Urva ibn Zubayr uning haqqiga duoi xayrlar qilib, Allohdan unga haqda sobit turishi va rushdi hidoyat tilab qoldi.
Urva ibn Zubayr ilm bilan amalni jamlagan edi. U issiq kunlarda ro‘zador, uzun tunlarda bedor, tili esa doim Allohning zikri bilan mashg‘ul edi. Bunga qo‘shimcha, u Allohning Kitobiga hamroh bo‘lib olgan, Qur’on o‘qishga shunday berilgan ediki, kunduzlari Qur’onning to‘rtdan birini mus'hafga qarab, tunlari shuncha qismini yoddan tilovat qilar, e’tiborli jihati shuki, imkon qadar mana shu odatini u yoshligidan boshlab to vafot topgunga qadar tark qilmagan, faqat bir marta boshiga tushgan musibat sababigina qoldirgan edi.
Urva ibn Zubayr saxovatda ham peshqadam bo‘lib, bag‘rikeng va nihoyatda qo‘li ochiq inson edi. Saxiyligi haqidagi rivoyatlardan biri shuki: «Uning Madinadagi eng katta bog‘lardan hisoblangan bir bog‘i bor edi. Bog‘ning ichi salqin, suvi shirin, xurmo daraxtlari baland va mevalari serhosil edi.
Hayvonlar va yosh bolalar kirib daraxtlarga shikast yetkazmasligi uchun yil davomida bog‘ning atrofini devor bilan o‘rab himoya qilar, qachonki xurmolar ishtahani ochadigan tarzda g‘arq pishganda odamlar bemalol kirib to‘ygunlaricha yeb va xohlaganlaricha olib ketishlari uchun, bog‘ning bir necha tarafidan darcha ochib qo‘yardi. Qachon bog‘iga kirsa Alloh taoloning ushbu so‘zini qayta-qayta o‘qir edi: «Sen bog‘ingga kirganingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», deganingda edi! ...» (Kahf surasi, 39-oyat).
Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Alloh taolo Urva ibn Zubayrni iymon va ishonch bilan sug‘orilgan qalb egalarigina chiday oladigan imtihon bilan sinashni hohladi.
Musulmonlar xalifasi Urva ibn Zubayrni Damashqqa kelib, mehmon bo‘lib ketishga taklif qildi. Taklifni qabul qilgan Urva ibn Zubayrga katta o‘g‘li hamroh bo‘ldi. Damashqqa yetib kelishganda xalifa ularni chiroyli kutib oldi, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, hurmatlarini joyiga qo‘ydi. So‘ng ko‘ngillar istamaydigan bir ish bo‘lishini Alloh taolo iroda qildi. Avval Urva ibn Zubayrning o‘g‘li xalifaning zotli otlarini ko‘rish uchun otxonaga kirganida, otlardan birining to‘satdan tepib yuborishi natijasida o‘sha yerda vafot etdi.
Musibatzada ota o‘g‘lini tuproqqa qo‘yishi ketidan, o‘zi ham qorason kasali bilan og‘rib qoldi. Boldiri shishib, og‘riq ham kundan-kun kuchaya bordi. Xalifa har taraflardan tabiblar chaqirib, aziz mehmonini davolashi uchun, turli vositalar bilan ularni rag‘batlantirdi. Lekin barcha tabiblar: «Kasallik jasadning hammasiga tarqab, halokatga olib bormasidan avval, oyoqni kesish kerak», degan yakdil xulosa bildirdilar. Bunga ko‘nishdan boshqa chora yo‘q edi.
Jarroh kelib oyoqni kesish uchun anjomlarini hozirlab, oyoqni kesguniga qadar Urva ibn Zubayr takbir va tahlil aytishdan to‘xtamadi va nihoyat oyoq jasaddan ajraldi. Qonni to‘xtatish va gazak olmay yara tez bitishi uchun qizdirib turilgan yog‘ga botirilganda Urva hushidan ketib, uzoq vaqt behush bo‘lib yotdi. Ana shundagina yuqorida aytganimiz, Qur’oni Karimdan o‘qiydigan kundalik odatini o‘qiy olmadi. Yoshligidan boshlagan bu xayrli odatini, mana shunda bir martagina tark qildi.
Urva ibn Zubayr Madinaga qaytib, oilasi huzuriga kirganida ularga: «Ey ahlim qayg‘urmanglar, Alloh taolo bizga to‘rt farzand bergan edi, bittasini olib, uchtasini o‘zimizda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Menga ikki qo‘l va ikki oyoq bergan edi, bittasini olib uchtasini o‘zimda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Alloh mendan ozini olib, ko‘pini o‘zimda qoldirdi. Bir marta balolagan bo‘lsa, ko‘p marta ofiyat berdi», deb ularga tasalli berdi.
Madina ahli o‘z imomlari va olimlari Urva ibn Zubayrning qaytganlarini bilgach, u zotga ta’ziya bildirish va hol-ahvol so‘rash uchun har tarafdan kela boshladilar. Ta’ziya bildirganlar ichida eng chiroyli va ta’sirli so‘z Ibrohim ibn Muhammad ibn Talhaning so‘zi bo‘ldi: «Xursand bo‘ling, ey Abu Abdulloh, a’zolaringiz va farzandlaringizdan biri, sizdan avval jannatga ketdi. Alloh xohlasa barchangiz bir-birlaringizga ergashasiz. Alloh taolo bizlarga biz muhtoj bo‘lgan, sizning ilmingiz va fikringizni qoldirdi. Alloh taolo ilmingizni sizga ham bizga ham manfaatli qilsin. Alloh ajru-savob beruvchi va go‘zal hisob qiluvchi Zotdir».
Urva ibn Zubayr butun hayoti mobaynida musulmonlar uchun hidoyat nuri, najotga yo‘llaguvchi va yaxshiliklarga chorlovchi bo‘lib qoldi. Eng katta ahamiyatni bolalarga, xususan, o‘zining farzandlari, shu bilan birga boshqa musulmonlarning farzandlari tarbiyasiga qaratib, hech bir fursatni qo‘ymay, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, nasihatlar qilib turardi.
Urva ibn Zubayr yetmish bir yil yaxshilik va ezguliklarga to‘la, taqvo bilan burkangan umr kechirdi.