Ramazon xususida biz bandalarga uchta mag‘firat va’da qilindi. Dastlabkisida “kim Ramazon ro‘zasini imon va ajr umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deyilgan. Keyingisida “Kim Ramazon oyida imon va ajr umidida qoim (tunda bedor) bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deyilgan va oxirgisida “kim qadr kechasida qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb aytilgan. Agar uchinchi jumlaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, faqat bir kechani ibodatda o‘tkazishlik uchun shunchalik ko‘p savob va’da qilinyapti. Qur’oni karimda esa uni ming oydan afzalligi aytilgan. (Qadr surasi). Bu qadar fazilatga ega kechani qaysi ekanligini bilish hammamiz uchun ham ahamiyatldir.
Imom Bag‘aviyning ta’kidlashlaricha, Alloh taolo juma kungi ijobat onlarini, go‘zal ismlari orasidagi “ismi a’zam”ni va boshqalarni yashirgani kabi ibodatda zo‘r g‘ayrat qilmoqliklari uchun qadr kechani ham o‘z bandalaridan maxfiy tutgan. Imom Buxoriy va Muslimlar rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligidan izlanglar”, deganlar. Bu ma’noda va xossatan oxirgi o‘n kunlikning toq kechalarida ekanligini tasdiqlovchi rivoyatlarni ko‘plab topish mumkin.
Shunday bo‘lsada, uni Ramazonning 27-kechasiga to‘g‘ri kelishlik ehtimoli kattaroq ekanligiga ishora qiluvchi rivoyatlar ham talaygina. Jumladan, ibn Umar (r) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Kimda-kim uni izlamoqchi bo‘lsa, 27-kechada izlasin”. (Imom Ahmad rivoyati). Ibn Abbos (r) dan rivoyat qilinadi: bir kishi payg‘ambar (s.a.v.) oldilariga kelib dedi: “Ey Allohning payg‘ambari, men keksa, kasalmand cholman. Menga (har kechada) qoim bo‘lishlik og‘irlik qiladi. Shuning uchun meni Alloh taolo qadr kechasiga muvaffaq qilishi mumkin bo‘lgan bir kechada qoim bo‘lishga buyur. Ul zot: sen yettinchi kechani mahkam tutgin, dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati).
Quyidagi hadislarda esa uning alomatlari ham zikr qilinib o‘tilgan. Zirr ibn Hubayshdan rivoyat qilinadi: “Ubay ibn Ka’bga bunday deyildi: Abdulloh ibn Mas’ud: kim yilning hammasida qoim bo‘lsa, qadr kechasini topadi, deganlar. Shunda Ubay dedi: Unda o‘zga iloh yo‘q bo‘lgan Allohga qasamki, u albatta, Ramazonda (istisnosiz qasam ichdi). Allohga qasamki men uni qaysi kecha ekanligini bilaman. U 27-kechadir va alomati uning tongida (kechadan keyingi tongda) quyoshni shulasiz chiqishidir”. (Ahmad, Muslim va Abu Davudlar rivoyati).
Buxoriy Abu Saiddan rivoyat qiladi: “Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan Ramazonning ikkinchi o‘n kunligida e’tikof qildik. Ular bizning huzurimizga yigirmanchi kunning tongida chiqib murojaat qildilar: “Men qadr kechasini ko‘rdim va so‘ng unutib qo‘ydim. Uni oxirgi o‘n kunlikda, toq kechalarda izlanglar. Men o‘zimni suv va loyda sajda qilayotganimni ko‘rdim. Kim Rasululloh (s.a.v.) bilan e’tikof qilgan bo‘lsa, qaytsin”. So‘ng bizlar qaytdik va osmonda biror dog‘ni ko‘rmadik. Shunda birdan bir bulut keldi va yomg‘ir yog‘ib masjid tomidan (xurmo shoxidan qilingan edi) oqa boshladi. Namozga iqomat aytildi va men Rasululloh (s.a.v.) ni suv va loy ustida sajda qilayotganlarini ko‘rdim. Hattoki ul zotning peshonalarida loyning izini ko‘rdim”.
Ming oylik ibodatdan afzal bo‘lgan qadr kechasining fazilatini topishlikni Alloh taolo barchalarimizga muvaffaq qilsin!
Sayyid Jamol
Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:
- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.