Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

Islom banklari faoliyati

04.06.2018   15322   10 min.
Islom banklari faoliyati

Bugungi kunda islom banklarida an’anaviy bank operatsiyalarining deyarli barchasi, ya’ni depozit, kredit, akkreditiv, hisob-kitob, to‘lov operatsiyalari amalga oshiriladi.

Bugungi kunda jahonning 40 dan ziyod mamlakatida islom banklari faoliyat yuritmoqda. «SarIa...» xalqaro banklar reyting agentligining 2000 yil ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda islom banklarining aktivlari 160 mlrd. dollardan oshib ketgan. Klassik g‘arb bank tizimi o‘ziga xos inqirozni boshidan kechirayotgan bir paytda shariat ahkomlari asosida muvaffaqiyat bilan ish yuritayotgan nisbatan yosh banklar tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bankir va olim Kris Barlton o‘zining «Rivojlanayotgan bozorlardagi banklar» asarida islom banklari faoliyatini har tomonlama tahlil qilgan. Uning tahliliga ko‘ra islom banklari kapitali yiliga 10—15 foiz sur’at bilan o‘smoqda. Bu esa moliya sohasida juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Kuzatilayotgan yana bir tendensiya xususida ham to‘xtalib o‘tish joiz. So‘nggi paytlarda ko‘pgina g‘arb banklari dunyoning turli mamlakatlarida o‘zlarining islomiy sho‘balarini ochmoqdalar. «Cheyz Manxetten», «Goldmen Saks», «Ay — En — Dji», «Nomura Sekyuritiz», «Djey Pi Morgan» va boshqalar shular jumlasidandir. Amerikaning mashhur banklaridan «Sitibank» maxsus islom fondlari uchun 1 mlrd. dollar mablag‘ ajratishi ham moliya bozorida islom banklarining roli tobora oshib borayotganligidan dalolatdir.

Bugungi kunda islom banklarida an’anaviy bank operatsiyalarining deyarli barcha operatsiyalarini amalga oshirmoqda. Ular sanoat, agrar sektor, tijorat va xizmat ko‘rsatish sohalariga katta mablag‘lar investitsiya qilmoqda.

Mazkur banklar quyidagi tamoyillar asosida faoliyat yuritadi.

  1. Mushoraka— sherikchilik asosida, ya’ni bank va tadbirkor tomonidan loyihani birgalikda amalga oshirish.

Islom banklarida amalga oshiriladigan bank operatsiyalarining mushoraka turida bank moliyalashtirishdan ko‘zlagan maqsad muayyan foiz olish emas, balki olinishi kerak bo‘lgan foydada ishtirok etishdir.

Mushorakada olingan foyda quyidagicha taqsimlanadi:

— foydaning bir qismi ish haqi, boshqaruv yoki loyihani amalga

oshirishdagi boshqa ishtiroki uchun sherikka ajratiladi;

— foydaning qolgan qismi esa sheriklar, ya’ni bank va tadbirkor o‘rtasida loyihaga tikilgan mablag‘ning nisbatiga ko‘ra proporsional ravishda taqsimlanadi,

Biroq, shuni ta’kidlash joizki, ish natijasi zarar bilan yakunlansa, u ham sheriklar o‘rtasida moliyalashtirishdagi ishtirokiga ko‘ra proporsional ravishda taqsimlanadi.

Tadbirkor loyiha tashabbuskori bo‘lgani bois, menejmentni o‘z qo‘liga oladi. Bank esa shartnomaga qat’iy rioya qilgan holda loyihaning bajarilishini nazorat qilib boradi. Bu bilan u o‘zi va sherigi tomonidan ish uchun tikilgan kapitalni himoya qiladi.

Mushoraka bo‘yicha kapital, albatta, ikki tomondan qo‘yilmog‘i lozim. Lekin, shuni ta’kidlash joizki, tomonlar kapitalining teng bo‘lishi shart emas. U turli nisbatda qo‘yilishi mumkin. Investitsiya qilinayotgan mablag‘ erkin aylanadigan bo‘lishi va eng muhimi, uning manbai ma’lum bo‘lmog‘i lozim. Mushoraka shartnomasi sheriklarning bir-biriga bo‘lgan to‘liq ishonchiga asoslanadi. Shirkat mablag‘ini begona - uchinchi shaxs manfaatiga ishlatish yoki pul mablag‘larini boshqarishni uchinchi shaxsga, topshirish, shuningdek, kompaniya mablag‘larini o‘zining shaxsiy mablag‘lari bilan aralashtirib yuborish, umumiy mablag‘ni qarzga berish yoki kafolat sifatida qo‘yish mumkin emas.

Bank talabgor tadbirkorlar ichidan sherik tanlashda uning nafaqat professional mahorati, balki uning axloqiy jihatlarini ham inobatga oladi.

  1. Mudoraba— ishonch asosida moliyalashtirish. Ushbu bank operatsiyasi turining mohiyati shundaki, bunga ko‘ra tomonlarning biri sarmoya qo‘yuvchi va ikkinchi taraf ish yurituvchi sifatida faoliyat yuritadi. Demak, bank loyihani to‘liq moliyalashtiruvchi bo‘lsa, tadbirkor loyihani bevosita amalga oshiruvchi hisoblanadi.

Islom banklarida amalga oshiriladigan operatsiyalarning mudoraba turi musulmon aholi o‘rtasida keng tarqalgan asosiy xo‘jalik yuritish tamoyilini o‘zida aks ettiradi. Muomaladan xoli yoki bo‘sh sarmoyaga ega bo‘lgan shaxs uni o‘zi xohlagan sohaga yoki bir paytning o‘zida turli sohalarga yo‘naltirishi mumkin. Bunda ikkinchi taraf sarmoyani tasarruf etuvchi, ya’ni loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tashkiliy va boshqaruv ishlariga mutasaddi shaxs sifatida muomalaga kirishadi.

Mudoraba shartnomasiga ko‘ra foyda taraflar o‘rtasida oldindan kelishilgan nisbatda taqsimlanadi.

Shariat nuqtayi nazaridan mudoraba moliyaviy vositalarni ishlab chiqarish omillariga aylantirishning halol va qonuniy yo‘li hisoblanadi. Bunda turli imkoniyatga ega bo‘lgan xo‘jalik subyektlari birikib, ijtimoiy foyda keltiruvchi xayrli amal bilan shug‘ullanadilar.

Mudorabada 3 ta iqtisodiy kategoriya amal qiladi: kapital, mehnat, foyda. Bunda kapital pul yoki natural shaklda bo‘lishi mumkin. Shartnoma tuzilayotgan vaqtda kapitalning hajmi va manbai ma’lum bo‘lishi, shuningdek, u boshqa bank operatsiyalariga jalb etilmasligi lozim.

Loyihani amalga oshirish uchun sarflangan mehnatga haq foyda hisobidan to‘lanadi. Mexnatga haq to‘lab bo‘lingandan so‘ng qolgan mablag‘ sof foyda bo‘lib, u sheriklar o‘rtasida shartnomada kelishilgan nisbatda bo‘linadi.

Xuddi mushoraka singari mudoraba shartnomasida ham loyiha bank tomonidan sinchkovlik bilan bosqichma — bosqich o‘rganiladi. Ushbu shartnoma turida ham talabgorning nafaqat moliyaviy ahvoli, balki uning axloqiy jihatlariga ham asosiy e’tibor qaratiladi.

Bank tomonidan loyihaning bajarilishi ustidan doimiy va qattiq nazorat o‘rnatiladi. Agar loyihani amalga oshiruvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato yoki e’tiborsizlik oqibitida zarar ko‘riladigan bo‘lsa so‘zsiz, ushbu zararni qoplash ish yurituvchi zimmasiga yuklatiladi. Ana shunday vaziyatlarni nazarda tutgan holda islom banklari talabgordan ma’lum qiymatga ega bo‘lgan mulkni garov sifatida qo‘yishni talab qilishi mumkin.

  1. Murobaha— tijorat operatsiyalarini moliyalashtirish. Islom banklari opretsiyalarining ushbu turida bank muayyan tijorat operatsiyasini moliyalashtiradi va shartnomada ko‘rsatilgan foydaga ega bo‘ladi. Bunda mijoz buyurtmasiga ko‘ra tovar bank tomonidan xarid qilinadi. So‘ngra bank ushbu tovarni shartnomada ko‘rsatilgan ustama narx bilan mijozga sotadi. Ushbu ustama narx bankning foydasi hisoblanadi.
  2. Ijor— Ijara operatsiyasi. Bank operatsiyasining ijor turiga asosan tadbirkor ko‘chmas mulk yoki ishlab chiqarish vositasini bankdan ijaraga oladi. Islom banklarining ushbu operatsiyasi bugungi kundagi an’anaviy banklarning lizing operatsiyalariga o‘xshash bo‘lib, u bank va tadbirkor o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
  3. Ijor va iqtino— sotib olish huquqi bo‘lgan ijara. Bank va mijoz o‘trasida tuzilgan ushbu shartnomaga ko‘ra, bank tomonidan ijaraga berilgan ko‘chmas mulk yoki ishlab chiqarish vositasi ijara muddati tugagach mijozning mulkiga aylanadi. Albatta, bunga qadar ijara obyektining kelishilgan narxi belgilangan muddat ichida to‘lab bo‘lingan bo‘lishi kerak. An’anaviy banklar ham lizing operatsiyalarini amalga oshirishda mijozga ijara muddati tugagach, sotib olish huquqini beradi.
  4. Zakot— Moli nisobga yetgan davlatmand musulmonlardagi kambag‘allar haqi.

Bank tomonidan zakotlarni jamlash uchun Zakot uyi tashkil etiladi. O‘z navbatida bank Zakot uyiga tushgan mablag‘larni kambag‘allar turmush ahvolini yaxshilashga, ularni ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishga va boshqa jamoat manfaatidagi ishlarga safarbar qiladi. Zakot uylari zakot to‘lovchilardan tashqari barcha turdagi xayriya va ehsonlarni qabul qilib, ularni aholining muhtoj qatlamlariga yetkazish uchun xizmat qiladi.

  1. Al-Qard al-Hasan— foizsiz qarz.

Islom banklari jismoniy va yuridik shaxslarga ma’lum muddatga foizsiz qarz berishi mumkin. Ushbu qarz asosan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun (masalan, zavod, fabrika, yo‘l va ko‘priklar qurish) uchun ajratiladi. Ayrim hollarda, ma’lum obyektiv sabablarga ko‘ra qarzdor shaxs yoki tashkilot olingan mablag‘ni qaytara olmasa, bank uni zakot fondi hisobidan qoplab berishi mukin.

Shunday qilib islom banklari o‘z mijozlariga yuqoridagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun uch xil foizsiz hisob (schot)ni taklif qiladi:

  1. Joriy hisob.Bu foiz stavkasi qo‘yilmaydigan chek va jamg‘arma hisobi bo‘lib, bunda bank mijozlardan qo‘yilma va depozitlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatgani uchun muayyan to‘lov olishga haqlidir. Agar mamlakatda inflyatsiya jarayoni kuzatilayotgan bo‘lsa, hisob raqamidagi pul mablag‘lariga indeksatsiya asosida muayyan miqdordagi pul kompepsatsiya sifatida to‘lanadi.
  2. Investitsion hisob.Ushbu hisob turi bo‘yicha mijozlar turli operatsiyalar vositasida o‘z mablag‘larini istiqbolli loyihalarga investitsiya qilishlari mumkin. Albatga, bunda foyda va zarar, yuqorida aytib o‘tilgandek, bank va mijoz o‘rtasida shartnomaga ko‘ra taqsimlanadi.
  3. Kredit xisobi.Islom banklari mazkur hisob orqali talabgor tadbirkorlarga hamda aholining muhtoj qatlamlariga foizsiz qisqa muddatli yoki uzoq muddatli qarz (kredit) beradi.

Bunda davlatmand musulmonlar o‘z ehtiyojlaridan holi bo‘lgan bo‘sh mablag‘larini bankning kredit hisobiga qisqa yoki uzoq muddatli depozit sifatida qo‘yadilar. Bank ushbu mablag‘larni kelishilgan muddatda to‘lig‘icha qaytarishni kafolatlaydi.

«Islomiy bank va moliyalar kitobi» asosida

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi

“Bozor boshi” jome masjidi mutavallisi

Muzaffarxon SHOJALILOV

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi

29.04.2025   1085   1 min.
Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi

Shu yil 28 aprel kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchigida viloyat vakilligi xodimlari, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va “Haj – 2024” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruhi a’zolari uchun  Pop tumanidagi “Kichik Xo‘jabod“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
 

Unda Pop tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:


1. Imom-xatib “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;

2. Imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish va unga ko‘mak berish;

3. Imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.


Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari Pop tumanida ish olib bordi.


Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari Pop tumanidagi masjidlar hududidagi mahalliy xonadonlarga kirib, ularning hol-ahvoli so‘raldi. Xususan, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, muammolari o‘rganildi, taklif, fikr-mulohazalari tinglandi va keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Namangan viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi Popdagi masjidlar va mahalliy aholi holati o‘rganildi
O'zbekiston yangiliklari