Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Aprel, 2025   |   19 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:27
Bismillah
17 Aprel, 2025, 19 Shavvol, 1446

Ro‘zadorlar (she’r)

02.06.2018   57694   1 min.
Ro‘zadorlar (she’r)

Keling ey ro‘zadorlar, birga iftor etaylik, 
Behuda so‘zni tashlab shirin guftor etaylik. 

O‘ltirib dasturxon atrofida yoronlar, 
Shukroni ne’mat aylab, qullik izhor etaylik. 

Sahar turib Xudoga tavba tazarru’ aylab, 
Nuri imonimizni sof, beg‘ubor etaylik. 

Ro‘zani amr etibdur Islomga Haq taolo, 
Ado etib bu farzni talab diydor etaylik. 

Sabr ila bu kechirgan ochlik va tashnalikdan, 
Ibrat olib muhtojlar ko‘nglin shukkor etaylik. 

Mohi sharif kelganda jurmu-xatodin o‘zni, 
Saqlab qilib ibodat, tavvob sayyor etaylik. 

Ro‘za bilan barobar nafs yo‘lini berkitib, 
Gunoh loyiga botmay elni hushyor etaylik. 

Ro‘zani ajrini xos Tangri O‘zi berarmish, 
Damni g‘animat aylab, toatni yor etaylik. 

Bir kechani bu oyda pinhon etibdur Subhon, 
Istab ani yoronlar o‘zni bedor etaylik. 

Fazilati bu kechani qadri ming oyga tengdir, 
Muborak xislatini xo‘p e’tibor etaylik. 

Allohning izni birla farishtalar tusharlar, 
Alar bilan barobar tasbeh takror etaylik, 
Hushnudni ham qatorda sohib asror etaylik. 

Zarifa Mahkam qizi oqqa ko‘chirdi. 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

Kishi do‘stining dinidadir

17.04.2025   767   2 min.
Kishi do‘stining dinidadir

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Do‘stingiz bilan biror dunyoviy manfaat yoki bir maqsad uchun emas, aksincha, Alloh yo‘lida birodar bo‘lishni xohlaysiz.

Bordi-yu, xatoga yo‘l qo‘ysangiz, hech ikkilanmay sizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashini xohlaysiz.

Do‘stingiz siringizni birovlarga tarqatmasdan, ichida saqlashini xohlaysiz.

Do‘stingiz sizni g‘iybat qilmasligini va yana siz haqingizda yomon gaplar gapirmasligini xohlaysiz.

Barcha ishlarda tiliyu dili bir bo‘lishini xohlaysiz.

Ishingiz tushib turganida, sizga hech ikkilanmay yordam berishini xohlaysiz.

Do‘stingiz xulqingizdagi kamchiliklarni me’yor doirasida ko‘tarib, tashlab ketmasligini xohlaysiz.

Do‘stingiz sizni pastga tortqilamasin, aksincha, o‘zi ko‘tarilgan zinapoyalar tomon olib chiqsin. O‘zingizdan-da, xushxulq, amalda mahkam va  o‘tkir aql egasi bo‘lgan kishini do‘st sifatida tanlang!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada bunday dedilar: “Sizlarning yaxshilaringiz uni ko‘rish sizlarga Allohni eslatadigan va gapi ilmingizni ziyoda qiladigan va amali sizlarni oxiratga undaydigan odamdir”[1].

Qayerda bo‘lsangiz ham solih kishilarni izlab toping va ularni do‘st tuting. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytadilar:

Ularning safida bo‘lmasam ham men,
Solih kishilarning oshuftasiman.
Ul zotlar ortidan ergashib zora,
Shafoat yo‘liga topsam gar chora.
Mukkasidan ketgan gunohlar ichra,
Bunday kishilarni suymasman sira,
Bo‘lsa ham amallarim undan-da qora.

Luqmoni Hakim rahimahulloh o‘g‘liga vasiyat qilib: “Ey o‘g‘lim, birga yursang senga bezak bo‘ladigan, uning oldida bo‘lmaganing payt seni himoya qiladigan kishi bilan do‘st tutin”, degan ekan.

Doimo sizga yordam qo‘lini cho‘zadigan va yaxshilik tomon yetaklab, yomonlikdan chetlatadigan kishilarga yaqin bo‘ling. Yaxshilar bilan birga bo‘lishga intiling.

Kuzatuvlardan ma’lumki inson do‘stiga juda katta ta’sir o‘tkazadi. U do‘stini yaxshilik yo‘liga boshlab, uning iymoniyu diyonatini ziyoda qilishi ham mumkin, yoki, aksincha, zalolat va buzg‘unchilik botqog‘iga botirib, uni halokatga yuz tuttirishi ham mumkin. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi do‘stining dinidadir. Shunday ekan, biringiz kim bilan oshno bo‘layotganiga qarasin”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyati.