Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Aprel, 2025   |   18 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:42
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
16 Aprel, 2025, 18 Shavvol, 1446

Ramazonda ibodatlarga beparvo bo‘lmang!

03.06.2018   797   4 min.
Ramazonda ibodatlarga beparvo bo‘lmang!

Shariatda ibodatlarning turlari juda ko‘p bo‘lib, ulardan eng ulug‘lari: poklik ibodati — tahorat, g‘usl; badaniy ibodat — namoz; ruhiy ibodat — ro‘za; moliyaviy ibodat — zakot; badaniy-moliy ibodat — umra, haj hisoblanadi.

Mazkur ibodatlar silsilasini oylar sultoni Ramazon kunlarida bajarilsa, ajru savoblar bir necha barorbariga ko‘paytirib beriladi.    Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: “Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi”, deb aytganlar.

Ibn Rajab rahmatullohi alayhi: “Ro‘zaning shundoq ham boshqa amallarga nisbatan ajri bir necha barobar ko‘p bo‘lgach, Ramazonning ro‘zasi ham boshqa ro‘zalarga nisbatan bir necha barorbar ustun bo‘ladi. Bu uning vaqtining sharofati va u Alloh farz qilgan ro‘za bo‘lanligi hamda U Zot bu ro‘zani Islom barpo qilingan arkon – ustunlarning biri qilgani e’tiboridandir”, - dedilar.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi, duolari ijobat va gunohi kechirilgandir”.

Demak, Ramazoni sharif mukarram oy. Undan unumli foydalanib qolish kerak. Chunki Termiziy rahmatullohi alayhi rivoyatlarining birida

“Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda boshqa oylardagidan ko‘ra ko‘proq (ibodatga) jiddu jahd qilar edilar”, deb aytganlar.

Qalblarga jilo beradigan Qur’oni karim tilovati ham muborak Ramazon oyiga xoslanadi. Sababi Alloh subhanahu va ta’olo insoniyatga o‘zining muqaddas Kitobini Ramazoni sharifda nozil qilgan.

Alloh taolo Baqara surasida shunday deb marhamat qiladi:

“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (185-oyat).

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Ro‘za va Qur’on bandaga shafoatchilik qiladi. Ro‘za: “Yo Rabbim! Men buni kunduzlari yemoq va shahvatdan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur’on: “Yo Rabbim! Men uni kechalari uyqudan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil”, deydi. Shunda ikkovining ham shafoati qabul qilinadi”.

Ma’lumki, shariatda va’da qilingan savoblar erkagu ayolga teng barobardir. Shu bois, bu oyda ayollar ham ko‘plab ajru mukofotlarga erishib qolishlarida turmush o‘rtoqlari, farzandlari hamda oila a’zolari yaqindan ko‘mak bersalar nur ustiga a’lo nurdir. Negaki, opa-singillarimiz saharlik va iftorlik dasturxonimiz uchun kuyib-pishadilar, ro‘zador holatlarida kundalik ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘ladilar, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanadilar, oila a’zolari xizmatiga shay turadilar. Albatta, bu ishlar orqali savobga ega bo‘ladilar. Lekin, kundalik vazifalar bilan ayollarimiz iftorlikdan so‘ng toliqadilar, natijada nafl ibodatlari va Qur’on tilovatiga vaqt ajrata olmay qoladilar. Mislsiz ajrlar va’da qilingan oyda ko‘proq o‘z ibodatlari uchun ham e’tibor qaratishsa va bunda oila a’zolari yaqindan ko‘mak bersa ramazon oyi bundanda shukuhli o‘tadi.  

Shu bilan bir qatorda opa-singillarimiz ham o‘zlari ramazon oyida ibodatlariga beparvo bo‘lishmasin, turli seriallar va bekorchi suhbatlar bilan g‘animat vaqtlarini boy bermasinlar. Aksincha, qazo va nafl namozlarini ado etib, ko‘proq Allohning zikrida bo‘lsinlar, istig‘for tavbalarni ko‘proq aytsinlar. Mo‘tadil va toliqmaydigan holatda oila xizmatiga yarasinlar.

So‘z so‘ngida shuni aytamizki, ushbu fazilatli ramazon kunlarda kundalik yumushlar, tirikchilik ishlarini biroz yengillatib, ko‘proq ibodatlarni ixlos bilan qilib olishga e’tiborli bo‘lish zarurdir. Chunki Ramazon mag‘firat oyi hamdir. Abu Hurayradan qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam mana bunday degan ekanlar: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”. Imom Ahmad va sunan sohiblari (Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy va ibn Moja)

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisasi N. G‘ofurova

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazratning maqolasi arab dunyosida keng targ‘ib qilinmoqda

15.04.2025   2709   3 min.
Muftiy hazratning maqolasi arab dunyosida keng targ‘ib qilinmoqda

Yaqinda, aniqrog‘i 2025 yilning fevral oyida  Iordaniya mamlakatining poytaxti Ummon shahridagi elektron axborot agentligi o‘zining arab va ingliz tillarida faoliyat yuritadigan "Ummon" nomli veb-saytida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuruddin Xoliqnazar hazratlarining "O‘zbekistondagi buyuk meros: "Katta Langar Qur’oni”ning qo‘lyozma tarixi" mavzusidagi ilmiy maqolasini  nashr qilingan edi.
 

Joriy yilning aprel oyida esa ushbu maqolani Islomiy hamkorlik tashkilotining rasmiy bosma nashri “OIC Journal” ham o‘z sahifasida e’lon qildi.


Arab tilida e’lon qilingan ushbu maqolada Muftiy hazratlari tarixiy qo‘lyozma asar haqida ma’lumot berar ekan, uning yozilish tarixi  VIII asrning oxirlariga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan. Bunga asos esa 2000 yilda Groningen universitetining Izotop tadqiqiot markazi rus va golland olimlari ushbu qo‘lyozmada eramizning 775-995 yillari oralig‘iga oid radiokarbonni anqilaganini keltirgan. Bu davr esa arab tili grammatikasining shakllanish pallasiga to‘g‘ri kelishi aytilgan. Demak, bizning diyorlarimizda ilm-fan va ma’rifatning tarixi juda qadimiy ekanligini bu ilmiy asoslar yana bir bor isbotlaydi. 


Kitobning aynan “Katta Langar Qur’oni” deb atalishi haqida ham aniqliklar kiritgan muallif Qur’oni karim uzoq yillar saqlanib kelingan Qashqadaryo viloyatidagi “Langar ota” maskanidan olganini ta’kidlagan.


Maqola bilan tanishgan o‘quvchi uning turli yillarda turli xil vaziyatda saqlangani, qarovsiz qolgani tufayli aksar varaqlari yo‘qolib ketgani, hozirgi vaqtda qancha sahifasi qayerda saqlanayotgani haqida ham ma’lumotlarni umumiylashtirganiga guvoh bo‘ladi. So‘ngi yillardagi qadimiy qo‘lyozmani saqlash, avaylab asrash ishlari unga yangi hayot bergani ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikai Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-2021 yillar davomida qo‘lyozma keng qamrovli restavratsiyadan o‘tkazildi. Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari mahalliy mutaxassisldar bilan birgalikda amalga oshirgan bu nozik jarayon asrlar davomida unga yetgan zarar va eskirishlarni bartaraf etgan.


Muftiy hazratning ushbu ilmiy maqolasi orqali butun islom olamiga yurtimizda tarixiy, ilmiy meroslarni saqlash, ilm-fanga e’tibor, islom ilmlarini rivojlantirishga qaratilgan xatti-harakatlar yana bir bor namoyon qilib berildi. “Katta Langar Qur’oni” qo‘lyozmasi islomshunoslik va madaniy merosni asrab-avaylashning isboti bo‘lib xizmat qiladi. Uning ahamiyati O‘zbekiston chegaralaridan chiqib, insoniyat uchun ma’naviy-tarixiy xazina bo‘lib xizmat qilmoqda.


Qadimdan islom ilmlari beshigi bo‘lib kelgan yurtimiz bu kabi asarlarni o‘rganish va saqlashda hamda ko‘p asrlik islom an’analarini zamonaviy tadqiqotlar va ularni asrash usullari bilan bog‘lash borasida ham dunyo xalqlariga o‘rnak bo‘layotgani yana bir karra ushbu maqolada ochib berilgan.

           

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining o‘rinbosari

Muftiy hazratning maqolasi arab dunyosida keng targ‘ib qilinmoqda
O'zbekiston yangiliklari