O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy maktablarda 2018 yilning 10 iyunidan boshlab “Qur’oni karim va tajvid” bo‘yicha pullik o‘quv kurslari o‘z faoliyatini boshlashi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 1 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha diniy ta’lim muassasalari hamda ilmiy maktablarda kurslarda bilim olish istagini bildirganlarning hujjatlarini qabul qilish boshlandi.
Ma’lumot uchun, o‘quv kurslariga 2018 yilning 1-3 iyun kunlari soat 09:00 dan 17:00 gacha hujjatlar qabul qilinadi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk tarixiy va madaniy meroslarimizni o‘rganish, asrash va targ‘ib etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Dunyoda eng qadimgi nusxalaridan biri hisoblangan Usmon Mus'hafi tarixi haqida ilk bor ilmiy-ommabop kitob tayyorlanmoqda.
Mazkur kitobda Qur’oni Karimning eng qadimiy nusxalaridan biri sanalmish, 7 asrda ko‘chirilgan va hozirgi kunda O‘zbekistonda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining kelib chiqishi, tarixiy yo‘li, paleografik xususiyatlari, diniy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi. Kitob nashr etilgach Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi tarkibiga kiritiladi va tashrif buyuruvchilarga ushbu noyob Qur’on qo‘lyozmasi haqida batafsil ma’lumot berish imkonini yaratadi.
Loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston hududida saqlanayotgan bu nodir tarixiy manba orqali islom ilm-fanining yuksak saviyasini, musulmon dunyosining ilk davrlardagi yozuv madaniyati va Qur’onni ko‘chirish an’analarini keng jamoatchilikka tanitishdan iborat.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi