Ro‘zani buzmaydigan holatlar
01.06.2018
54437
2 min.
Quyidagi holatlarda ro‘zadorning ro‘zasi buzilmaydi:
- Ro‘za tutganligi esidan chiqib, yeb-ichib qo‘ysa; Ammo bu holatda ro‘zadorligi esiga tushishi bilanoq, darhol yeb-ichishni to‘xtatishi kerak.
- Kunduz kuni ro‘zador uxlab, dam olib uyqusida ehtilom bo‘lib qolsa; Bu holatda ro‘za ochilmaydi. Bu odam g‘usul qilib ibodatlarini ado qilaveradi;
- Ko‘zga dori tomizsa yoki surma qo‘ysa; Ko‘ziga dori tomizganda garchi tomog‘ida uning mazasi bilinsa ham ro‘za ochilmaydi;
- Qon oldirsa;
- Misvok ishlatsa;
- Mubolag‘asiz og‘iz-burunni chaysa; Ramazon oyida tahorat paytida og‘iz chayilganda suv tomog‘da g‘arg‘ara qilinmaydi, burunga suv olinganda oxirigacha tortilmaydi. Chunki bu holatlarda suv ichkariga o‘tib ketib, ro‘zani ochilishiga sabab bo‘lishi mumkin;
- G‘usl qilsa; Bunda ustidan suv quyib ya’ni dush qabul qilishi mumkin. Ammo ro‘zador vannani to‘ldirib ichiga tushib o‘tirishdan yoki basseynga tushishdan saqlanishi lozim.
- Salqinlash maqsadida ho‘l lattaga o‘ranib olsa;
- G‘iybat qilsa ham ro‘za ochilmaydi, balki ro‘zaning savobidan mahrum bo‘lib qoladi;
- Og‘zini ochishni niyat qilsa ham ro‘za ochilmaydi, balki tutgan ro‘zasining savobi mukammal bo‘lmaydi;
- Ro‘zadorning ichiga uning ixtiyorisiz tutun, chang yoki pashsha kirsa ham ro‘zasi ochilmaydi; Ammo ro‘zadorligi esida turib, xushbo‘y narsani tutatib hidlasa, ro‘zasi ochiladi.
- Tish oldirib, qon yoki dorini yutmagan bo‘lsa ham ro‘za ochilmaydi;
- Quloqdan suv kirsa ham, quloqni kavlasa ham ro‘za ochilmaydi; Ammo bu ishlarni qilmagan ma’qul.
- Balg‘am yoki mishiqning kirishi yoki chiqishi bilan ham ro‘za ochilmaydi;
- O‘zi xohlamagan holda, majbur bo‘lib qussa ham ro‘za ochilmaydi;
- Tishlari orasida qolgan no‘xatdan kichik narsani yesa ham ro‘za ochilmaydi; Ammo shunday bo‘lsa-da, og‘izdan tashqariga chiqarib, so‘ngra yana og‘ziga solib yutsa, ro‘za ochiladi.
- Og‘iz so‘lagini yutsa ro‘za ochilmaydi; Ammo tashqariga chiqarib yutsa ro‘zasi ochiladi.
- Junub holda yurish bilan ham ro‘za ochilmaydi;
- Mushakka, teri ostiga ukol qilish bilan ham ro‘za ochilmaydi.
Manbalar asosida
TII prorektori
Ibodulla Ahrorov
tayyorladi.
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING