frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Chinakam ibodat

01.06.2018   50971   1 min.
Chinakam  ibodat

Ramazon oyi arafasi... Soli aravakash ertalabdan kechgacha bozorda arava sudrab, oila boqadi.

Uning to‘rtta yosh bolasi, qari onasi bor. farzandlaridan birining sog‘ligi yaxshimas.

Muborak ramazon oyi ham kirib keldi.

Erta tongda ishiga ketib borayotgan Soli aravakash masjidning oldiga yetganda o‘tirib olib qo‘llarini osmonga cho‘zgancha nola qildi:

“Ey Allohim! Sening ulug‘ oying ham kirib keldi. Ammo men nima qilay? Hamma saharlik qiladigan bir vaqtda ishga borsam, hamma iftorlik qiladigan paytda ishdan qaytsam! Uyda och nahor oilam bor! Har kuni issiqda arava tortaman. Ishim davomida qultum-qultum suv ichishga majburman! Ishdan horib kelib uxlab qolaman. Allohim! men ham boshqa bandalaring singari ro‘za tutishni, sening oldingda gunohlarimni poklashni istayman! Nima qilay, yo Rabbim!  Bir tomonda ibodat, bir tomonda oila tashvishi! Nima qilsam sening suygan bandang bo‘laman?..”

Shu choq kimdir uning qo‘llaridan tutib, o‘rnidan turg‘azdi. Aravakash tong qorong‘usida kelgan odamning yuzini ko‘ra olmadi Shu tob o‘sha notanish kishi gap boshladi:

– Bilasanmi, mening bir qo‘l-oyog‘i yo‘q tanishim bo‘lardi. O‘zi juda oqko‘ngil yigit edi. U namoz o‘qishni shu qadar istardiki, ammo qo‘li yo‘q edi! Masjidga, madrasaga borishni shu qadar istardiki, ammo oyog‘i yo‘q edi! Biroq kalima keltirishga tili bor edi va shu kalimasi-yu, duolari sabab joni chiqishidagi oxirgi so‘zi “La ilaha illalloh” bo‘ldi.

 

Sherzod  HAYDARBЕKOV

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

13.08.2026   35353   3 min.
Imom-xatiblar: «Islom sivilizatsiyasi markazi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi»

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.

«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.

Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.

«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.

Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.

«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.

Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari