Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Ramazon-Qur’on oyi

31.05.2018   54754   7 min.
Ramazon-Qur’on oyi

Ramazon Qur’on oyi, muqaddas Islom dinimizni asl negizi bo‘lgan Allohning kalomi Qur’on ayni shu oyda Alloh taolo tomonidan nozil bo‘lgan kitobdir.

Alloh Qur’oni karimda «Albatta, zikr(Qur’on)ni biz nozil qildik va albatta, uni muhofaza qilurmiz»(Hijr, 9-oyat), deb marhamat qiladi.

Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqlik dinimizning beshta arkonidan biri bo‘lib, Alloh taolo farz qilgan amaldir. Bu oyning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanligida. Biz aynan shunga e’tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, taroveh kechalarida xatmi Qur’on bo‘ladigan masjidlarda qorilarimizning qiroatlaridan bahramand bo‘lsak eng katta yutuqni qo‘lga kiritgan bo‘lamiz .

Bu yilgi Ramazon ham o‘zgacha fayzu tarovati bilan kirib keldi. Yurtimizda mingdan ziyod masjidlarda qorilarimiz tomonidan xatmi Qur’onlar qilinmoqda. Albatta, bu xatmlarda o‘zgacha fayz bag‘ishlayotgan qorilarimiz hisoblanadi. Bunday qorilardan mingdan oshig‘i hozirgi kunda xalqimiz xizmatida bo‘lib, masjidlarda Qur’on xatmlarini qilib bermoqdalar.

Har bir mu’min va musulmon  ushbu Qur’on oyida, Allohning kalomiga muhabbatini ziyoda qilmog‘ligi zarur, chunki bu oy shunchalik fazilatliki uni topmoqlik har kimga ham nasib qilavermaydi. Bu oyda Yurtimizdagi masjidlarda bo‘layotgan taroveh namozidagi xatmonalarga g‘ayrat bilan qatnashib, Allohning rahmatiga muyassar bo‘lish baxtiga erishaylik.

Bugun, Alloh taoloning oxirgi va so‘ngi kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni tilovat qilishlik kishining nafsini pokligi va axloqini sayqallashiga juda katta ta’siri mavjudligini butun insoniyat yaxshi biladi.

Qur’oni Karim tilovati juda ham fazilatli amal hisoblanadi. Alloh taolo “Fotir ” surasida: Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to‘kis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar.

Chunki U zot ularga ajrlarini to‘liq qilib berur va O‘z fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U o‘ta mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir.”,  degan. (Fotir, 29-30 oyatlar)

Ha, Qur’on tilovati nihoyatda zarur. Shuning uchun ham, yuqoridagi oyati karimada mo‘minlar sifatlari bayon qilingan paytda birinchi bo‘lib Qur’on tilovati keltirilyapti.

Ushbu oyda har birimiz ezgu va xayrli amallar qilishga harakat qilmog‘imiz maqsadga muvofiqdir.  Ezgu amallar deganda, avvalo, chin ixlos-e’tiqod, ibodatda bardavom bo‘lish, shuningdek, o‘zgalarga xayru saxovat ko‘rsatish va mazkur amallarni chiroyli ko‘rinishda xolis ado etish tushuniladi.

Ramazon oyida qilingan ezgu ishlarning savobi haqida Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Kimda-kim Ramazon oyida biror-bir nafl amalni bajarsa, u boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda-kim bu oyda bir farz amalni bajarsa, boshqa oydagi yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi”. (Bayhaqiy rivoyati)

Shu sababali xayrli amallarimizni mana shu Ramazon oyida ado etish juda fazilatlidir.

Alloh taolo Qur’oni karimda bu haqda «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» – deb marhamat qilgan. (Baqara, 185-oyat).

Qur’on bilan ro‘za oyi orasidagi mustahkam aloqa va bog‘liqlikni Ramazonning ilk kuni kirishi bilanoq har bir musulmon kishi o‘z qalbining tub-tubidan his etadi. Va o‘ta kuchli muhabbat va qiziqish bilan Rabbisining Kitobini mutolaa qilishga kirishadi. Uning oyatlari borasida tafakkur yuritadi, unda keltirilgan qissalaru xabarlardan ibrat oladi.

Ramazon yaqinlashgan sayin har kuni namozxonlar ro‘za va xatmi Qur’on haqida so‘rab surishtirishadi, masjidlar namozxonlar va Qur’on tilovat qiluvchilar bilan to‘lib ketadi. Dunyodagi bor masjidlarda Qur’oni Karim xatmi boshlanadi. Bu esa ularning Allohning kitobiga bo‘lgan muhabbatlari, ishtiyoqlari baland ekanligini ko‘rsatadi.

Ramazon – Qur’on oyi, sabr oyi, taqvo oyi, dilni poklash, tavbaga yuzlanish oyi. Bu qutlug‘ onlarda inson tanasi poklanadi, qalbi quvvat oladi, dili nurga to‘ladi.

Ramazon Qur’on tilovati, zikr va istig‘for oyidir. Rasululloh (s.a.v.) bu oyda Qur’onni to‘liq Jabroil alayhissalom nazoratlaridan o‘tkazib olar edilar. Bu ulug‘ farishta bilan birgalikda Qur’oni karimni dars qilardilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar.

U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi.  Ramazon oyida boshqa nafl ibodatlarni qo‘yib, faqat Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Imom Zuhriy Ramazon kirsa: “Bu oy faqat Qur’on o‘qish va (iftorda) ochlarni to‘ydirish oyidir”, – derdilar.

Imom Molik rahmatullohi alayhning Ramazon oyi kirsa, hadis o‘qishdan to‘xtab, Qur’on bilan mashg‘ul bo‘lishlari naql qilingan. Abdur Razzoq aytadilar: “Sufyon Savriy Ramazon oyi kelsa, barcha nafl ibodatlarni qo‘yib, Qur’onga yuzlanar edilar”.

O‘tgan ulug‘larimiz ham bu muborak oyda Qur’oni karim uchun alohida e’tibor va vaqt ajratganlar. Faqih olimlar ham bu oyda ilm bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib yoki kamaytirib, Qur’on mutolaasiga e’tiborlarini qaratganlar.

Ramazon oyini g‘animat bilib, imkon qadar Qur’oni Karimni tilovat qilish, Tarovih namozidagi Qur’on xatmlarida ishtirok etish bilan Ramazonni o‘tkazgan inson naqadar baxtli insondir!

 Alloh taologa cheksiz va beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, ibodatlarimizni hech bir xavf-xatarsiz, Alloh buyurganiday ado etishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Taroveh namozlari, boshqa ibodatlar ado etilib, yurtimiz ravnaqi, el-yurt tinchligi, rizq-ro‘zimiz mo‘l bo‘lishini so‘rab, Alloh taologa duo va iltijolar qilinyapti. 

Azizlar, ushbu “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom olgan joriy yilimizda yurtimiz mo‘min-musulmonlari buyuk va mo‘tabar bo‘lgan xalqimizning duolarini olish sharofatiga muyassar bo‘lgan holda barcha oilalar o‘rtasida o‘zaro ahillik, muhabbat, tarbiya va ruhiy farog‘at qaror topishi uchun tinmay harakat qilishmoqda, zero bu Qur’on oyi bo‘lgan muborak Ramazon oyi dillarga surur baxsh etadigan oydir.

Alloh taolo Ramazonni barchalarimizga muborak va barakotli etsin, ushbu oyni Qur’on xatmlari, taroveh namozlari, amri ma’ruf va nahyi munkar va solih amallar bilan o‘tkazishimizni nasib aylasin!

Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi 

A Abdullayev.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

Bomdod namozining foydalari

18.04.2025   10034   2 min.
Bomdod namozining foydalari

Bomdod namozi savobi ko‘p va ahamiyati katta namozdir. Ba’zilarda “Nega Alloh taolo bandalari bomdod namozini ado etishi uchun bu paytni, ya’ni uyqu paytini ixtiyor qildi?” degan savol paydo bo‘lishi mumkin.

Inson biror mukofotga erishganda yoki biror voqeadan xursand bo‘lganda, go‘zal manzarani ko‘rganda, miyasida dofamin degan sekretsiya, garmon ishlab chiqariladi.

Xo‘sh, dofamin nima? Bu – rohatlanish va zavqlanish uchun javobgar neyromediator (nervlarga signal uzatuvchi vosita). Biz uchun yoqimli biror hodisa ro‘y bergan paytda miyamizda dofamin ishlab chiqariladi. Kechasidagi uyqu miyaning bu moddani kamroq ishlab chiqarishiga yordam beradi. Shunda miya kunduzi bu moddani ko‘proq ishlab chiqarishiga imkon qilingan bo‘ladi. Quyosh chiqishidan oldin uyqudan turish dofaminning ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishiga yordam beradi. Mana shunda miya o‘z vazifasini yuksak layoqat bilan bajaradi. Natijada, inson xushkayfiyat, xursand holda bo‘ladi.

Dofamin miya hujayralari orasida garmon, asablararo uzatgichi vazifasini bajaradi. Bu modda ko‘paygani sari miya eng yaxshi holatda, inson esa bag‘ri dili ochilgan, yoqimli tuyg‘ular og‘ushida bo‘ladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu haqda bundan bir ming to‘rt yuz yil oldin aytganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat bor: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Shayton sizlardan biringiz uxlab yotgan paytida gardaniga uchta tugun tugadi. U har bir tugunga ura turib: «Hali tun uzoq, uxlayver», deydi. Agar (banda) uyg‘onib, Allohni zikr qilsa, bitta tugun yechiladi. Agar tahorat qilsa, ikkinchi tugun yechiladi. Agar namoz o‘qisa, uchinchi tugun ham yechiladi hamda u tetik va xushhol bo‘lib qoladi. Aks holda lanj va tanbal insonga aylanadi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Hadisdagi “Aks holda lanj va tanbal insonga aylanadi” degan jumla hozirgi zamon ilmining xulosasidir. Quyosh chiqishidan oldin uyqudan turish kishini nafsiy, ruhiy xotirjamlikka olib boradi.

Ey mo‘min birodarim! Endi bomdod namoziga uyg‘onib, tanangizda tetiklik, qalbingizda xotirjamlik, kayfiyatingizda ko‘tarinkilik, butun jismingizda xushhollikni va eng muhimi, Allohning farzini ado etib, ulkan savoblarni qo‘lga kiriting.