Mohi sharifni har bir musulmon chiroyli kutib olib, chiroyli kuzatishni orzu qiladi. Chunki ro‘za oyi yilda bir kelib ketadigan mehmon. Uyimizga mehmon kelsa, uni yaxshi kutib olib, ko‘ngildagidek kuzatish uchun bor bor-budimizni qo‘yamiz. Xuddi shuningdek, mohi ramazonni ham ixlos bilan kutib olib, unda qo‘limizdan kelganicha solih amallarni qilishga xarakat etmog‘imiz lozim. Har bir musulmon bu oyda o‘zining iymon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e’tiqodu imoni nurini ziyoda qilib olishi zarur.
Ro‘za insonni halol poklikka da’vat etadi, uning qalbini g‘uborlardan tozalaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat) larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara surasining 183-oyati).
Salmoni Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Sha’bon oyining oxirgi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga xutba o‘qib shunday dedilar:
“Ey odamlar! Sizlarga eng ulug‘ va barokatli oy soya solib kelmoqda. U oyda bir kecha borki, u kecha ming oydan afzaldir. Alloh taolo u oyda ro‘za tutishni farz, kechasida namoz o‘qishni nafl qilgan. U oyda kimda kim biror bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi, kimda kim bu oyda biror farz amalini ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi. U – sabr oyi. Sabrning mukofoti esa jannatdir. U – xayr ehson ulashadigan oy. U oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”.
Shunda biz: “Yo Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir xo‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorni qornini to‘yg‘azsa Alloh qiyomatda unga havzi kavsardan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi”, dedilar”.
Ramazoni sharif – toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyi. Illo, bu oyda gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos va e’tiqod ila qilingan duolar mustajob bo‘lib, qalblar taskin topajak.
Ulug‘ oyda har bir qilingan amal uchun 70 tadan 700 tagacha savobga ega bo‘lish mumkinligi haqida hadisi shariflarda marhamat qilingan. Biroq ushbu oyda insonlarga yaxshilik qilib, xayru saxovat ko‘rsatib ulkan ajru savoblarga ega bo‘lish o‘rniga xalqimizga qiyinchilik tug‘dirayotganlar ham bor. Afsuski, Ramazon oyi kirib kelishi bilanoq oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tariladi. Sababini so‘rasangiz, uyalmay-netmay “ro‘za keldi-da” deyishadi. Aslida-chi, haqiqiy musulmon ramazon oyida o‘ta saxovatli bo‘lishi lozim.
G‘arb mamlakatlarini kuzatadigan bo‘lsak, ibratli bir holatga guvoh bo‘lamiz. Nasroniylar o‘zlarining “Rojdestvo”, “Pasxa” kabi bayramlari arafasida aksariyat savdo do‘konlarida aksiyalar e’lon qilib narxlarni 50 foizgacha arzonlashtiradi. Aslida bunday saxovatpeshalikda o‘zbek xalqi peshqadam bo‘lishi kerak emasmi!.
Ramazonda inson nafsini tarbiyalash maqsadida yemoq-ichmoqdan tiyiladi. Bizda esa, kimo‘zarga iftorliklar berishga intilishlar sezilib qoladi. Bu ham shar’an durust emas. Iftorlikni me’yorida qilib, ortgan mablag‘larimizni qarindoshlar orasidagi, mahallamizdagi muhtojlarga bersak ana o‘shanisi afzaldir.
N.XOLIQNAZAROV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV