Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Aprel, 2025   |   19 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:27
Bismillah
17 Aprel, 2025, 19 Shavvol, 1446

O‘xshashi yo‘q ibodat

30.05.2018   49514   3 min.
O‘xshashi yo‘q ibodat

Ramazonning fazilatini ro‘za tutganlar biladi. Ro‘zadorning tanasi holsizlansa-da, ko‘ngli to‘q, nafsining jilovi qo‘lida, ruhi tetik bo‘ladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men o‘zim berurman, dedi”, deya marhamat qiladilar. Hadisga ko‘ra, Alloh taolo “Ro‘za Men uchundir” deyapti. Ana shu fikrga e’tiborimizni qaratsak, ro‘zani niyat qilgan kishi hech kim ko‘rmasa ham yeb ichmaydi, hatto tariqcha bo‘lsa ham tomog‘idan narsa o‘tmasligiga harakat qiladi. Shubhali narsalardan yiroq yuradi, Alloh taoloning “Basiyr” ya’ni hamma narsani ko‘ruvchi ekaniga imon keltiradi. Hamisha qalbida “Alloh taolo ko‘rib turibdi”, degan fikr bo‘ladi. Ro‘za tutmagan vaqtlarda ham bu ishonch odatga aylanadi hamda kishi o‘zini yomonliklardan ana shu fikri orqali uzoq tutadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ro‘za saqlovchidir. Ro‘zador kishi  fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin”.

Ro‘za o‘z sohibini ko‘pgina yomonliklardan asraydi. Ro‘zador tiliga ham nihoyatda ehtiyot bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida qanchadan-qancha janjallarning oldini oladi, yaxshiliklarga sabab bo‘ladi.

Ro‘zaning fazilatlari cheksiz. Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftorlik qilsa xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga yuzlanganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan cheklangan nafsning iftorlik chog‘idagi rohatini faqat ro‘zadorgina his qila oladi. Avvalo, ibodatni ado etganidan, katta savobga erishganidan, qolaversa, tashna jismiga suv va ochiqqan nafsiga halol yegulikka yetishganidan ko‘ngli ko‘tariladi. Oxiratda esa tutgan ro‘zasi tufayli jannatda shodlanadi.

Nabiy (s.a.v.) hadislarida shunday dedilar: “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”. Hayotimiz davomida ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yamiz, ularni mag‘firat etishini hamisha Allohdan so‘raymiz. Ro‘za sabab gunohlar kechirilishi bu ulkan imkoniyatdir. Bundan tashqari, Ramazon ro‘zasini imon va savobni umid qilib tutish joizligi eslatilmoqda. Ushbu hadis ro‘zaning naqadar qadri yuksak ekanini anglatadi.

Har bir musulmonning orzusi jannat. Unga yetishmoqni doim Yaratgandan so‘raymiz. Biroq ro‘zadorlar uchun jannatning alohida eshigi borligi bu ibodatning naqadar fazilatli ekanini anglatadi. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanur. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kirurlar, ulardan boshqa birortasi kirmas. “Ro‘zador qayerda?” deyurlar. Ular undan kirurlar. Qachon ularning oxirgisi kirsa, u bekitilur. Undan boshqa hech kim kirmas”. Ro‘zadorlarga berilajak ajru mukofotlarning salmog‘ini ana shu hadisdan ham bilib olsak bo‘ladi.

Haqiqatan, ro‘zaning fazilatlari bitmas-tuganmas xazina kabi. Bu haqda qancha gapirmaylik, yanada ortib boraveradi. Muhimi, imkoniyatlar faslida – muborak Ramazon oyidan foydalanib qolaylik. Ramazonning kunlari g‘animat, u juda tez o‘tib bormoqda. Shukrki, yurtimizda ushbu oyni munosib o‘tkizish uchun ko‘pgina sharoitlar yaratilgan. Musulmonlar o‘z ibodatini emin-erkin ado etmoqdalar. Masjidlarda har kuni taroveh namozlari o‘qilmoqda. Ba’zi kunlari dolzarb mavzularda suhbatlar uyushtiriladi, yurtdoshlarimiz o‘z savollariga javoblar olmoqda. Albatta, bularning barchasi bizga berilgan bebaho ne’matdir.

 

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Termiziy markazi va Islom instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi!

17.04.2025   389   1 min.
Imom Termiziy markazi va Islom instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi!

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘lib o‘tgan taqdimot va matbuot anjumani doirasida Markaz hamda Imom Termiziy nomidagi islom instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.


Mazkur memorandum ikki ilmiy-ma’rifiy muassasa o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalarni Islom ilmlari va termiziy allomalarning ilmiy merosi asosida ta’lim-tarbiya berish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni nazarda tutadi.


Shuningdek, tadbirda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom institutiga markazda nashr etilgan nodir kitob va ilmiy risolalar taqdim etildi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

Imom Termiziy markazi va Islom instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi! Imom Termiziy markazi va Islom instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi!
O'zbekiston yangiliklari