Ramazonning fazilatini ro‘za tutganlar biladi. Ro‘zadorning tanasi holsizlansa-da, ko‘ngli to‘q, nafsining jilovi qo‘lida, ruhi tetik bo‘ladi. Bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men o‘zim berurman, dedi”, deya marhamat qiladilar. Hadisga ko‘ra, Alloh taolo “Ro‘za Men uchundir” deyapti. Ana shu fikrga e’tiborimizni qaratsak, ro‘zani niyat qilgan kishi hech kim ko‘rmasa ham yeb ichmaydi, hatto tariqcha bo‘lsa ham tomog‘idan narsa o‘tmasligiga harakat qiladi. Shubhali narsalardan yiroq yuradi, Alloh taoloning “Basiyr” ya’ni hamma narsani ko‘ruvchi ekaniga imon keltiradi. Hamisha qalbida “Alloh taolo ko‘rib turibdi”, degan fikr bo‘ladi. Ro‘za tutmagan vaqtlarda ham bu ishonch odatga aylanadi hamda kishi o‘zini yomonliklardan ana shu fikri orqali uzoq tutadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Ro‘za saqlovchidir. Ro‘zador kishi fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin”.
Ro‘za o‘z sohibini ko‘pgina yomonliklardan asraydi. Ro‘zador tiliga ham nihoyatda ehtiyot bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida qanchadan-qancha janjallarning oldini oladi, yaxshiliklarga sabab bo‘ladi.
Ro‘zaning fazilatlari cheksiz. Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bor. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftorlik qilsa xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga yuzlanganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan cheklangan nafsning iftorlik chog‘idagi rohatini faqat ro‘zadorgina his qila oladi. Avvalo, ibodatni ado etganidan, katta savobga erishganidan, qolaversa, tashna jismiga suv va ochiqqan nafsiga halol yegulikka yetishganidan ko‘ngli ko‘tariladi. Oxiratda esa tutgan ro‘zasi tufayli jannatda shodlanadi.
Nabiy (s.a.v.) hadislarida shunday dedilar: “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”. Hayotimiz davomida ko‘pgina xatolarga yo‘l qo‘yamiz, ularni mag‘firat etishini hamisha Allohdan so‘raymiz. Ro‘za sabab gunohlar kechirilishi bu ulkan imkoniyatdir. Bundan tashqari, Ramazon ro‘zasini imon va savobni umid qilib tutish joizligi eslatilmoqda. Ushbu hadis ro‘zaning naqadar qadri yuksak ekanini anglatadi.
Har bir musulmonning orzusi jannat. Unga yetishmoqni doim Yaratgandan so‘raymiz. Biroq ro‘zadorlar uchun jannatning alohida eshigi borligi bu ibodatning naqadar fazilatli ekanini anglatadi. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanur. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kirurlar, ulardan boshqa birortasi kirmas. “Ro‘zador qayerda?” deyurlar. Ular undan kirurlar. Qachon ularning oxirgisi kirsa, u bekitilur. Undan boshqa hech kim kirmas”. Ro‘zadorlarga berilajak ajru mukofotlarning salmog‘ini ana shu hadisdan ham bilib olsak bo‘ladi.
Haqiqatan, ro‘zaning fazilatlari bitmas-tuganmas xazina kabi. Bu haqda qancha gapirmaylik, yanada ortib boraveradi. Muhimi, imkoniyatlar faslida – muborak Ramazon oyidan foydalanib qolaylik. Ramazonning kunlari g‘animat, u juda tez o‘tib bormoqda. Shukrki, yurtimizda ushbu oyni munosib o‘tkizish uchun ko‘pgina sharoitlar yaratilgan. Musulmonlar o‘z ibodatini emin-erkin ado etmoqdalar. Masjidlarda har kuni taroveh namozlari o‘qilmoqda. Ba’zi kunlari dolzarb mavzularda suhbatlar uyushtiriladi, yurtdoshlarimiz o‘z savollariga javoblar olmoqda. Albatta, bularning barchasi bizga berilgan bebaho ne’matdir.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi
Joriy yil, 18 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Qatar vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, oliy darajada imzolangan hujjatlar hamkorlikning jadal taraqqiy etishida muhim omil ekani ta’kidlandi.
Martabali mehmonga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, e’tiqod erkinligi yo‘nalishidagi yangilanishlar va ko‘p millatli xalqimiz uchun taqdim etilayotgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, «Vaqf» xayriya jamoat fondi, ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid-madrasalar, Fatvo markazi, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi.
G‘anim bin Shahin al-G‘anim O‘zbekistonga ilk tashrifidan mamnun ekani, bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulug‘ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalar butun olamga mashhur ekanini e’tirof etdi.
Uchrashuvda diniy soha xodimlari malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot, ta’lim-tarbiya va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qilib, osori-atiqalarni saqlash, ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash va islom ma’rifatini keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan tarixiy ishlarni yuqori baholadi.
Shuningdek, martabali mehmonlar Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida ham bo‘lib, oliy ma’had faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
“Hazrati Imom” masjidida o‘qilgan juma namozidan so‘ng ikki davlat hamkorligi yanada taraqqiy etishi, din yo‘lida qilinayotgan xizmatlar bardavom bo‘lishini tilab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati