Hurmatli muxlislar!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan muborak Ramazon oyida Siz azizlar uchun “Muslim TV” internet telekanali yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qiladi.
“Muslim TV” internet telekanali internet tarmog‘ida katta auditoriyaga ega bo‘lgan “ITV.UZ” interaktiv televideniyesi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi. Endilikda siz “ITV.UZ”ga ulanish orqali “Muslim TV” internet telekanalini tomosha qilishingiz va internet tarmog‘idagi itv.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tgan holda ko‘rsatuvlarimizni tomosha qilishingiz mumkin.
Mobil qurilmalar uchun esa itv.uz mobil ilovasini ko‘chirib olgan holda telekanalimizni kuzatish mumkin bo‘ladi.
Ushbu internet telekanal barchamiz uchun manfaatli bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolamiz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Vengriyaning “Daily News Hungary” axborot portalida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, forumga 46 mamlakatdan 200 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari xodimlari, kinematograflar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar jam bo‘ldi.
Tadbirning asosiy maydoni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi. Muallifning ta’kidlashicha, forumdagi asosiy muhokama zamonaviy raqamli avlod uchun tarixiy va madaniy merosni dolzarblashtirish masalasiga qaratilgan.
Qayd etilishicha, jurnalistikaning asosiy mezonlari bo‘lgan haqqoniylik va xolislikni qat’iy saqlagan holda sun’iy intellekt, immersiv texnologiyalar hamda striming platformalaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning nutqiga, “CNN”, “Euronews” va “BBC Studios” kabi xalqaro media sanoati gigantlarining ishtirokiga alohida e’tibor qaratilgan.
Materialda Toshkent mediaforumi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikka poydevor qo‘ygani, O‘zbekistonning global imijini shakllantirishda an’ana va innovatsiyalarning muvaffaqiyatli uyg‘unlashuvini namoyon etgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati