Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

Ro‘za – tan zakoti

29.05.2018   47364   11 min.
Ro‘za  – tan zakoti

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Har narsaning bir zakoti bor. badanning zakoti ro‘zadir” (Imom ibn Moja rivoyati).

Sayyoramizda o‘n bir oyning sultoni, muborak ramazon oyi kezmoqda. Islomning besh shartidan biri bo‘lgan ro‘za ibodati hayotimizni o‘zgartirdi. Rabbimizning rizoligini istab nafsimizga ham xush keluvchi narsalarga  bir oy davomida kunduzlari yaqinlashmaymiz.

Ro‘zani niyat qilar ekanmiz, uning ma’naviy hayotimizdagi ma’no va ahamiyati haqida tafakkur etamizmi, nima deysiz?

Ajabo, Payg‘ambar alayhissalom “Ro‘za badanning ibodati” deganlarida nimani nazarda tutgan ekanlar?

Albatta, bu iboraning ilk aqlga kelgan ma’nosi aniq. Ehtiyojidan ortiqcha moli bo‘lgan kishining o‘sha molidan bir qismini zakot sifatida bermog‘i uning bandalik burchi bo‘lsa, sog‘lom bir tanali bo‘lgan odamning ham ro‘za tutmog‘i ayni shunday mas’uliyatlidir. Ya’ni ro‘za tutmoq bajarilishi shart bo‘lgan burchdir. 

Oyati karimalarda va hadisi shariflarda zakoti berilmagan molning bir baloga uchrashi aytilgan. Modomiki, sog‘lom tananing zakoti ro‘za bo‘lsa-yu, bu burchni bajarmagan tana ham bir azobga giriftor bo‘lishi tayindir.

Shuning bilan birga, hadisi sharifning boshidagi “Har narsaning bir zakoti bor...” iborasining o‘zidanoq har bir ne’mat va imkondan uni bergan Alloh taologa shukr ma’nosida bir zakot berishimiz kerak bo‘lishini tushunamiz.

Demak, sog‘lom tananing shukrini ro‘za tutib ado etishga harakat qilganimiz kabi yoshlik, bo‘sh vaqt, zako, qobiliyatga o‘xshagan necha imkonlarni ham Alloh taoloning ne’mati bilib, ularga ham shukr etmog‘imiz va ulardan zakot bermog‘imiz darkor bo‘lar ekan.

Har ne’matning shukri va zakoti o‘zining jinsidan bo‘lmog‘i e’tiboriga ko‘ra, ulardan ham Allohning yo‘lida sarf etmoq uchun zakotlarini berishimiz lozim. Ramazon oyi bir haqiqat ustida tafakkur etmog‘imizni talab etadi. Ro‘za tufayli nafsning xizmatidan qutulganimiz bu barakotli oyda aqlimizni ilm va ma’rifat-la, ko‘nglimizni ilohiy ma’rifat-la, vaqtimizni solih amallar-la kechirib, hammasining zakotini berishga harakat qilamiz.

Omonatning asl sohibini unutmaylik!

Zakot berish bir yerda insonning nafsiga yuzlanib “Sohib bo‘lganing bu mol aslida seniki emas, faqat senga bir imtihon uchun muayyan vaqt senga berilgan bir omonatdir. Shunday ekan, bu omonatning asl sohibini unutma. hechqursa, bir qismini U amr etgan yerga ber”, demog‘i uchun vasiladir.

Ayni shaklda ro‘za tutmoq ham insonning nafsiga yuzlanib: “Sohib bo‘lganing bu badan senga omonat qilib berilgandir. Undan faqat haqiqiy Sohibining amriga uyg‘un shaklda foydalanish haqqing bor. Shunday ekan, Rabbingning amri ila shu bir oy davomida uni halol ne’matlardan uzoq tutganing kabi umring bo‘yi harom va shubhali taomlarning yoki amallarning lazzatidan uzoq tutajaksan”, deyishga vasila bo‘ladi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham shunga ishorat etib, “Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Allohga qasamki, ro‘zadorning og‘zidan keladigan noxush hid Allohning huzurida mushku anbarning hididan ham sevimliroqdir. Ro‘zador odamga ikki marta sevinish nasib etadi: birinchisi, iftor qilganida; ikkinchisi, ro‘zadorlik savobi bilan Rabbisining qarshisida hozir bo‘lganida”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mo‘min uchun bu dunyo hayoti ro‘za tutishga o‘xshagan amallar bilan chegaralagan. G‘ofil insonlar dunyo hayotining zavqlarini asl g‘oya holiga keltirib olganlar, halol-harom demasdan to‘g‘ri kelgan ishni qilib ketaveradilar. Ammo mo‘minlar o‘zlarini nafslari yoqtirgan ba’zi narsalardan uzoq tutadilar. Buni ham faqat Rabbining rizosi uchun qiladi. Albatta, bunday qilish bilan ayni zamonda nafsini qiynaydi. Shundan ham zakot tushunchasining yana bir ma’nosi namoyon bo‘ladi.

Rabbimizning amrlarini bajarish va taqiqlaridan qaytishning ikki dunyoda mukofoti bor. Allohning amrlariga itoat etgan kishi ham oxirotda buyuk mukofotga erishadi hamda undan oldin bu dunyoda nafsini jilovlagani uchun turli razilliklardan va hayotini qadrsiz narsalarga sarflab qo‘yib keyin pushaymon bo‘lishdan qutulib qoladi.

Ro‘za bu ma’noda ham zakotga o‘xshaydi. Chunki ro‘za tutgan banda nafsini sabrga o‘rgatib, uni sabrsizlikdan va uning ortidan keladigan balo-qazolardan xalos qiladi.

Sabr – nafs xush ko‘radigan narsalardan uzoq turish va qiyin vaziyatlarda matonatli bo‘lmoqdir. Odatda nafsga yoqadigan narsalar har doim yer yuzida lazzatlanishlardan bo‘lgani uchun  taqvoning va go‘zal axloq sohibi bo‘lishning yo‘li nafsning orzulariga qarshi sabrli bo‘lmoqdan bo‘ladi. Shuningdek, ma’naviyatimizni inkishof ettirgan ibodatlar va Allohning diniga xizmat kabi solih amallar ham nafsga yoqmagani bois nafsni sabr bilan tarbiya qilinadi. Nafsga sabrni o‘rgatish, zavq va orzularga ochiladigan “ishtaha”dan poklanmoq juda muhim bir zakotdir.

Nafsni itoatga o‘rgatish oyi

Tasavvuf istilohida nafs deganimiz badanimizning orzu-havaslarining markazi bo‘lgan  xudbinlik moyasidir. Ana shu moyaning quvvati yegan-ichganimizdan keladi. Insonning qorni to‘q bo‘lsa, yana boshqa orzu-havaslarga navbat keladi. Yemoq-ichmoqni bir oz cheklaganimiz zahoti nafs ochlik dardiga tushadi, har kuni yeb-ichishning naqadar buyuk ne’mat ekanini anglab yetadi.  Ana o‘shanda uzmirligi kamayadi va uni itoat ostiga olish osonlashadi. 

Agar tanamizdan kelgan havas va ishtaha signallarini quvvatli bir iroda ostiga olib ularga hokim bo‘lmoqni istasak, buning eng samarali yo‘li ro‘za tutmoqdir. Chunki ro‘za ochlik va suvsizlik-la nafsning quvvatini kesadi, adashib-uloqishdan voz kechtiradi. Undan so‘ngra tanamizga hokim bo‘lib unga foydali ishlar va ma’naviy amallar qildirish mumkin bo‘ladi. Solih amallar qilish esa umrni barakasidir. Ana shu yerda zakotning yana bir turi ko‘zga tashlanadi.

Zakot ayni zamonda yuksalish, barakatlanish ma’nolarini ham anglatadi. Moldan berilgan zakot ko‘rinishda molni kamaytirgan o‘xshaydi, Ammo Rabbimiz o‘sha molni ko‘paytirib qo‘yishining xabarini bergan: “Alloh sudxo‘rlikni (foydasini) yo‘q qiladi va sadaqa (beruvchilarga boylik)larni ziyoda qiladi” (Baqara, 276).

Odam bolasi mol to‘plashga hirsli bo‘lgani bois zakot bersa, molim kamayib ketadi deb o‘ylaydi. Holbuki, unga o‘sha molni bergan Rabbimiz istasa bir falokat yuborib hammasin qo‘lidan oladi. Yoxud kishi molini qo‘riqlab umrini qorovullik bilan o‘tkazadi va merosxo‘rlariga tashlab ketadi. Asl yurtiga borganida qarasa qo‘lida bergan zakoti va sadaqalaridan boshqa hech narsa ko‘rmaydi.

Zakotni bergan mo‘min esa boqadiki, berganlarining o‘rnini Rabbisi yangilari bilan ziyod qilib to‘ldirib qo‘yibdi. Buni ko‘rib u yanada ko‘proq zakot berishni orzu  qiladi.  Va nihoyat dunyoda ham biror zarar ko‘rmaydi, oxirotda esa buyuk mukofotga erishadi. Chunki Rabbimiz amr etib: “...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’, 39) , degan.

Ro‘zaning zakotga shu jihatdan ham o‘xshash tarafi bor. Ro‘za tutishni niyat qilishdan oldin shayton insonni: “Ro‘za tutish qiyin ish, chiday olmaysan. Ro‘zaga niyat qilish sening erkinligingni cheklab qo‘yadi, yeb-icha olmaysan, boshqa ko‘ngixushliklarni qila olmaysan... Ayniqsa, ro‘zangni ochib qo‘ysang, 60 kun uzmasdan ro‘za tutib berishing kerak bo‘lib qoladi”, deb vahimaga soladi. Vaholanki,  inson Allohga tavakkal qilib ro‘za tutishni niyat qilganidan keyin Alloh taolo unga chidash uchun kuch-quvvat berib qo‘yadi hamda ma’naviyat va barakat nasib aylaydi.

Ro‘zador kishi boshqa ibodatlardan ham fayz oladi. Ochligi sababli qalbi yumshagani bois namozni o‘qiyotgan choqda xushu tuyadi.  Faqirlarning holini anglagani va nafsning ochko‘zlik hissi so‘ngani uchun zakotini hech qiynalmasdan beradi. Qur’oni karim tilovatining lazzatini his qiladi. Zikr, tasbeh va duolar qalbidan keladi. Shu tariqa, ro‘za tufayli umrining  haqiqiy g‘oyasini topadi va barakatga erishadi. Ana shu tushunchalar ro‘zaning ma’naviy ziyofatga da’vat ekanini namoyon etadi.

Ro‘za tutganga buyuk mujda!

Albatta, xuddi zakotda bo‘lgani kabi nafsga zo‘r keladigan tarafi ham bor. Chunki bu ibodatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri nafsga daxl qilib unga zo‘r keluvchi vazifani yuklamoqda. Savobi ham shunga yarasha bo‘ladi.

Hammamiz bilamizki, ro‘za ibodatining savobi haqida Payg‘ambar solallohu alayhi vasallam juda ko‘p mujdalar berganlar:

Alloh taolo: Ro‘zador odam Men uchun yeyishni, ichishni, jinsiy orzusini tark etadi. Ro‘za faqat Men uchundir. Uning mukofotini ham O‘zim beraman. Shuningdek, boshqa go‘zal amallarning hammasining savobi o‘n barobar ortadi”, deydi” (Imom Buxoriy).

Ushbu hadisi sharifni tasavvuf allomalaridan biri Abu Bakr Muhammad Qulabuziy rahmatullohi alayh bunday izohlagan: “Alloh taolo ro‘zani bandasining dushmanining shafqatsizligi va hisob-kitob vaqtida chalg‘itishga urinishidan himoya qilish uchun o‘ziga olgan. Mo‘minning amallarini raqiblari o‘zlashtirib olib uning hech bir amali qolmaganida Alloh taolo devonga uning O‘zi uchun tutgan ro‘zalarini keltiradi. Shuni asos qilib Rububiyatni haq ettiradi va unga mukofotini beradi. Chunki u ro‘zani Alloh uchun tutgandir, savobi ham Allohning qudratiga mos bo‘lib Unga oiddir”. 

Binobarin, hech birimiz amallarimiz Allohning huzurida qabul bo‘lgan-bo‘lmaganini bilmaymiz. Balki nafs va shayton ularga bir necha xato va nuqsonlar qo‘shib yuborgan bo‘lishi mumkin. Masalan, namoz o‘qiganda uning vaqtiga rioya etmagan bo‘lishimiz, ko‘nglimizni xushu ila Allohga qaratmagan bo‘lishimiz mumkin. Agar Rabbimiz afv etmasa, ular bilan yuizmizga urishi tayin. Zakot va sadaqaga bergan pullarimiz ham shubhali bo‘lgani bois yoki ularni bergan choqdagi riyokorligmiz sabab bo‘lib rad etilishi mumkin. 

Ana shu vaqtda Rabbimiz ro‘zamizning savobini keltiradi. Agar g‘iybat, yomon so‘zlar va boshqa gunohlar bilan zarar yetkazilmagan bo‘lsa. ro‘za ibodatining savobi boshi-yu oxiri ko‘rinmaydigan bir nur ummoni kabi keladi.

Rabbimiz “Uning mukofoti Menga oiddir”, dedimi, albatta u mukofot hisobsiz, chegarasiz bir mukofot bo‘ladi. 

Ro‘zani ana shu shuur ila tutaylik va uning biz uchun buyuk bir ma’naviy ne’mat ekanini unutmaylik.

 

Muallif: Xadicha Kubro ERGIN

Tarjimon: Damin JUMAQUL

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   14270   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari