Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o‘ta saxiy zot bo‘lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo‘lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Afsuski, hayotimizdagi barcha mayda ishlarni ham e’tibordan chetda qoldirmay hisob-qitob qilamiz-u, biroq ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo‘lgan yaxshilikdan beparvolik sababli mahrum bo‘lamiz. Zero, oxiratning obodligi bu dunyoni obod qilish bilan boshlanadi. Abadiy saodatga erishish uchun ibodatlarni go‘zal tarzda ado etishga odatlanish lozim. Shu sababli, mo‘min-musulmonlarning Ramazon oyining har bir kunduziyu kechasini o‘tkazish tartibini rejalashtirib olishlari maqsadga muvofiq.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot alayhissalom bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
"Yo Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?!" dedim.
"Albatta, men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalaman", dedilar.
"Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaymi?" dedim.
U zot alayhissalom: "Ha shunday. Qay bir musulmonga biror musibat yetsa, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadi", dedilar".