frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazon – taqvo omili

29.05.2018   51699   6 min.
Ramazon – taqvo omili

“Sizlarga muborak oy – Ramazon tashrif buyurdi...” biz ummatlarga bu xabardan ham yaxshiroq xushxabar bo‘lmasa kerak. Habibimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ramazon borasida xabar berib “muborak oy” dedilar. Darhaqiqat, bu oy butun insoniyatga har jihatdan muboraklik – barokatlar ulashadi. Ramazonning barakasi butun olamlar Parvardigori bo‘lgan Alloh taoloning buyrug‘ini bajarish, sabr-qanoat, ehsonu saxovat, insonlarning holidan xabar, yaqinlar qalbiga surur ulashish kabi ishlarda namoyon bo‘ladi.

Lekin biz Ramazonning bu barokatlari haqida emas, balki undan ham muhimroq barokati – uning taqvoga bo‘lgan ta’siri haqida so‘z yuritamiz. Nega aynan taqvo deysizmi? Chunki Alloh taolo biz bandalarga yuborgan dinning asosini taqvo hosil qiladi. Alloh taolo O‘z kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:

وَلَقَدْ وَصَّيْنَا الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ مِنْ قَبْلِكُمْ وَإِيَّاكُمْ أَنِ اتَّقُوا اللَّهَ

 

“Sizlardan oldingi Kitob berilganlarga va sizlarga ham, Allohga taqvo qilingiz, deb amr qilganmiz”. (Niso surasi, 131-oyat)

Qolaversa, taqvo insonni boshqalardan fazilatli qiladigan, uni O‘z Robbisiga yana ham yaqinlashtiradigan xislatdir.

Taqvo aslida saqlamoq, saqlanmoq, qo‘rqmoq deganidir. Shundan kelib chiqib “Taqvo – insonning Alloh taolo buyurganlarini bajarib, qaytargan narsalardan o‘zini saqlashi” desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Taqvo – kishining o‘zi va undan qo‘rqadigan narsasi o‘rtasida bir qalqon qilmog‘idir. Bandaning Robbiga bo‘lgan taqvosi esa – banda o‘zi bilan Parvardigori o‘rtasida Uning g‘azabi, nafrati va azobidan saqlaydigan himoya hosil qilmog‘idir. Bu himoyaga esa O‘sha Parvardigorning buyruqlarini bajarib, qaytarganlaridan qaytish, Unga mahbub bo‘lgan amallarni ko‘paytirmoq ila erishiladi. 

Endi esa Ramazonning taqvoga bog‘liq jihatlarini o‘rganib chiqsak:

Ro‘za faqatgina shakliy ibodat bo‘lmay, balki, ro‘zadan asl maqsad ruhiyatni poklash, taqvoni kuchaytirishdir.Alloh taolo bandalariga ro‘zani farz qilishining asl maqsadlaridan biri ham kishilarning taqvo hosil qilishidir. Buning ayni haqiqat ekanini mo‘minlarga  Ro‘zani farz qilib tushgan quyidagi oyatda ko‘rishimiz mumkin:   

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. (Baqara surasi, 183-oyat)

Demak, Alloh taolo ramazon ro‘zasini O‘ziga yaqinlashtiradigan ibodat bo‘lishi bilan birgalikda insonlar gunohlaridan saqlanishi, nafslarini tarbiyalab, ruhiy olamini poklashi buning natijasida esa taqvo hosil qiladigan sabab ham qilgan.

 Ro‘za tutish natijasida inson o‘z shahvatlarini kesadi. Chunki shahvatlar asosi ko‘p taom yeyish, ro‘zador esa o‘z-o‘zidan taomlarni kamaytirish bilan shahvatlar eshigini ham yopadi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yoshlar jamoasiga qarab shunday xitob qilgan:

“Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim nikohga qodir bo‘lsa uylansin! Albatta u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim unga qodir bo‘lmasa o‘ziga ro‘zani lozim tutsin. Chunki ro‘za u uchun (saqlovchi) pardadir”. (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati)

Mufassir ulamolarimiz “shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” oyatining tafsirida quyidagilarni aytishgan:

“Ro‘za taqvo hosil qiladigan sabablarning eng kattasidir. Chunki ro‘za tutishda Alloh taoloning amrini bajarish va man qilgan narsalaridan saqlanish ro‘yobga chiqadi. Ro‘za tutish kishining taqvosiga quyidagicha ta’sir ko‘rsatadi:

  • Ro‘za tutvchi kishi kun davomida yeyish, ichish, ahli ayoli bilan yaqinlik qilish va shu kabi nafsini rohatlantiradigan, Alloh taolo harom qilgan ishlardan o‘zini saqlaydi. Bu bilan Alloh taologa qurbat hosil qilib, qilayotgan amallari uchun savob umidida bo‘ladi;
  • Ro‘zador ma’lum shartlarga binoan Alloh taolo bilan ahdlashib, unga vafo qilayotganini, Alloh taolo esa bandam ahdiga sodiqmi, yoki yo‘qmi, deb, uni kuzatib turganini his qiladi;
  • Ro‘za shaytonlarning insonga bo‘lgan ta’sirini kesadi. Negaki, hadisi sharifga binoan shaytonlar insonlarning qonlari oqadigan joyda harakatlanadi. Qon esa taomlar orqali to‘planadi
  • Ro‘zador toat-ibodatlarni ko‘paytiradi. Ibodatlar esa taqvoni hosil qiladi
  • Boy kishi ro‘za tutish orqali ochlik va yo‘qsillik alamini totib ko‘radi. Bu esa uni kambag‘al, yo‘qsil oilalarga kengchilik qilishga undaydi. Bu ham taqvoni oshiradigan unsurlardan hisoblanadi.

Eng asosiysi, Ro‘za Alloh taolo buyurgan farz ibodat bo‘lgani uchun ham uni qilishning o‘zi taqvo hisoblanadi.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu  “Alloh taologa haqiqiy taqvo qilinglar”(Oli Imron surasi, 102-oyat) oyatini tafsirida shunday deydilar: “Haqiqiy taqvo – Allohga isyon qilmasdan itoat qilish, esdan chiqarmasdan yod etish, ne’matlariga kufr qilmasdan shukr etishdir”.

Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: “Taqvo sohiblari – harom qilingan ishlardan tiyilgan va o‘zlariga farz qilingan amallarni ado qilgan kishilardir”.

Xulosa o‘rnida, bugungi muborak Ramazon oylarida Alloh taolo farz qilgan Ramazon ro‘zasini tutayotgan, boshqa ibodatlarni ado etayotgan musulmonlarning barchasini taqvo sohiblari desak xato qilmagan bo‘lamiz.

 

Elyorjon AHMATQULOV,

TII “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi

kabinet mudiri.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   18068   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari