Alloh taolo marhamat qiladi:
وَمَنْ يُؤْمِنْ بِاللَّهِ يَهْدِ قَلْبَهُ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ
التغابن“Kimki imon keltirsa, u uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir”. (Tag‘obun: 11)
Qalbning hidoyatlanishi bu barcha hidoyatning poydevori, barcha muvaffaqiyatning asosi, barcha umrning tayanchi hamda barcha ishning negizi hisoblanadi.
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisning oxirida: Nabiy alayhis salom:
أَلا وَإِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلَحَتْ صَلَحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلُّهُ أَلا وَهِيَ الْقَلْبُ
“Ogoh bo‘linglar! Hammaning jismida bir bo‘lak go‘sht bo‘ladi. Agar u salohiyatli bo‘lsa, butun jasad salohiyatli bo‘ladi. Agar u fasod (aynisa, yaroqsiz) bo‘lib qolsa, butun jasad fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘ling, u qalbdir”, dedilar.
Qalbingizni salohiyatli bo‘lishi bu dunyo va oxiratda sizning saodatingizdir. Uning fasod bo‘lishi aniq halokat bo‘lib, uning qay darajada halokatga yuz tutishini yolg‘iz Alloh biladi. Alloh taolo aytadi:
إِنَّ فِي ذَلِكَ لَذِكْرَى لِمَنْ كَانَ لَهُ قَلْبٌ أَوْ أَلْقَى السَّمْعَ وَهُوَ شَهِيدٌ (37)
“Albatta, bunda (o‘yg‘oq) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir”. (Qof:37)
Barcha maxluqning yolg‘iz qalbi bo‘ladi. Lekin u ikki xildir.
Alloh subhanahu va taolo imondan yuz o‘giruvchilarning qalblari haqida bir oyatda quyidagi mazmunda marhamat qiladi:
فِي قُلُوبِهِم مَّرَضٌ فَزَادَهُمُ اللّهُ مَرَضاً (البقرة 10)
“Ularning dillarida xastalik (shubha va kibr kasali) bor. Alloh ularga (shu) xastalikni ziyoda qildi”. (Baqara: 10)
Yana boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday deydi:
(وَقَالُوا قُلُوبُنَا غُلْفٌ بَلْ لَعَنَهُم الله بكُفْرِهِم فَقَلِيلاً مَا يُؤمِنُون.) (سورة البقرة: الآية 88)
"Qalblarimiz (islom uchun) berk", - deydilar. Yo‘q, balki kufrlari sababli ularni Alloh la’natlagan. Binobarin, ularning ozchilik qismigina imon keltiradilar. (Baqara: 88)
Alloh taolo aytadi:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ أَمْ عَلَى قُلُوبٍ أَقْفَالُهَا? (محمد 24)
“Axir, ular Qur’on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda qulflari bordir?!” (Muhammad: 24)
Yana boshqa bir oyati karima quyidagi mazmunda kelgan:
وَقَالُوا قُلُوبُنَا فِي أَكِنَّةٍ مِمَّا تَدْعُونَا إِلَيْهِ وَفِي آذَانِنَا وَقْرٌ? [فصلت: 5]
“Ular dedilar: "Dillarimiz sen bizlarni da’vat qilayotgan narsadan to‘silgan, quloqlarimizda esa og‘irlik (karlik) bordir”. (Fussilat: 5)
Demak, qalblar kasal bo‘lishi, muhrlanib qolishi, qulflanishi hamda o‘lishi ham mumkin ekan.
To‘g‘ri, islomdan bosh tortadiganlarning ko‘ksilarida qalblari bor. Lekin u qanaqa qalb? Bu haqda quyidagi mazmundagi oyati karima mavjud:
وَلَقَدْ ذَرَأْنَا لِجَهَنَّمَ كَثِيرًا مِنَ الْجِنِّ وَالْإِنْسِ لَهُمْ قُلُوبٌ لَا يَفْقَهُونَ بِهَا وَلَهُمْ أَعْيُنٌ لَا يُبْصِرُونَ بِهَا وَلَهُمْ آذَانٌ لَا يَسْمَعُونَ بِهَا أُولَئِكَ كَالْأَنْعَامِ بَلْ هُمْ أَضَلُّ أُولَئِكَ هُمُ الْغَافِلُونَ [الأعراف/179]
“Jinlar va insonlarning ko‘pchiligini jahannam uchun yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan "anglamaydilar". Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan "ko‘rmaydilar". Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan "eshitmaydilar". Ular hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Ana o‘shalar g‘ofillardir.
Ushbu oyati karimada Alloh taoloning marhamati, hidoyatidan benasib bo‘lgan haqiqiy g‘ofil bandalar haqida aytilyapti. Ularning ham qalblari bor. Lekin bu qalblari bilan ular haqiqatni anglay olmaydilar.
Imom Buxoriyning al-Adab al-Mufrad nomli kitoblarining 683 sonli hadisda:
حدثنا الحسن بن الربيع قال حدثنا أبو الأحوص عن الأعمش عن أبي سفيان ويزيد عن أنس قال : كان النبي صلى الله عليه و سلم يكثر أن يقول اللهم يا مقلب القلوب ثبت قلبي على دينك.
Anas roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey qalblarni aylantiruvchi Zot, qalbimni O‘z diningda sobit qil”, deb ko‘p duo qilardilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Mo‘minning qalbi nafaqat ramazon oyida balki, boshqa oylarda ham ro‘za tutadi. Qalb qanday ro‘za tutishi mumkin?..
Qalbning ro‘za tutishi bu qalbning halok qiluvchi shirk amallardan, buzuq e’tiqoddan, yomon vasvasadan, yovuz, jirkanchli niyatlardan hamda g‘amga botgan lahzalardan forig‘ bo‘lishidir.
Mo‘minning qalbi doimo Alloh taologa bo‘lgan muhabbat ila tirik turadi. Alloh taolo Qur’oni karimda qanday O‘zini sifatlagan bo‘lsa, bu qalb Robbisini, xuddi shunday ismi-sifatlari bilan taniydi. Bu qalb aql ko‘zi bilan Robbisining ismi-sifatlari satrlarini, U Zotning bu borliqdagi qudrati sahifalarini mutolaa qiladi. Hamda maxluqotlarni yaratishi haqidagi daftarlarni o‘qiydi.
Mo‘minning qalbida zulmatlik qoldirmaydigan yorqin nuri bo‘ladi. Bu nur payg‘ambardan, samoviy ta’limotlardan hamda rabboniy shari’atdan bo‘lgan nurdir. Ushbu nur Alloh taolo bandasiga ato qilgan fitrat nuriga qo‘shilish natijasida ikkita ulkan nurga aylanadi. Qur’oni karimda ushbu mazmunda oyat bor:
نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ
النور
“Nur ustiga nur (bo‘lur). Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) masallarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir”. (Nur: 35).
Mo‘minning qalbi chiroq kabi charaqlaydi, quyosh kabi nur sochadi, tong kabi yaraqlaydi.
Mo‘min qalbining Qur’oni karimni eshitishi ila imon nuri, tafakkur qilishi ila ishonchi hamda atrof-muhitga ibrat nazari bilan boqishi ila hidoyati ziyodalashadi.
Mo‘minning qalbi kibr qilishdan ro‘za tutadi. Chunki kibr - qalb ro‘zasini buzadi. Shuning uchun ham kibr mo‘minning qalbidan joy olmaydi. Chunki kibrlanish insonga xos emas. Aslida kibrning joylashadigan o‘rni qalb hisoblanadi. Mabodo kibr qalbdan joy olsa, bu qalb egasi esi past ahmoqqa, vahshiy hayvonga aylanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh subhanahu va taolo shunday deydi:
قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ الْكِبْرِيَاءُ رِدَائِى وَالْعَظَمَةُ إِزَارِى فَمَنْ نَازَعَنِى وَاحِدًا مِنْهُمَا قَذَفْتُهُ فِى النَّارِ
“Kibrlilik mening ridomdir. Ulug‘vorlik mening izorimdir. Kim shulardan birortasini mendan tortib olmoqchi bo‘lsa, uni jahannamga uloqtiraman”.
Mo‘minning qalbi ujubdan ro‘za tutadi. Ujub – inson o‘z nafsini komil bo‘ldi deb tasavvur qilishi, o‘zini boshqalardan afzal ko‘rishi va o‘zida boshqalarda bo‘lmagan yaxshiliklar bor deb o‘ylashi. Bu esa ayni halokatning o‘zidir. Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
عن انس بن مالك عن النبي صلى الله عليه و سلم ثلاث مهلكات شح مطاع وهوى متبع واعجاب المرء بنفسه من الخيلاء.
“Uchta halok qiladigan narsa bor: Itoat qilinadigan baxillik. Ergashiladigan havoyi nafs. Insonning kibr tufayli o‘z-o‘zidan ajablanishi”.
Bu ujublanish kasalligining da’vosi – inson o‘z aybiga, ko‘plab kamchiliklariga, unutib qo‘ygan minglab yomonliklari-yu xatolariga nazar tashlamog‘i. Shuningdek, bu narsalarning Robbisi huzuridagi hech ham yozishlikda adashmaydigan va unutib ham qo‘ymaydigan kitobda saqlanib turganini his qilmog‘i.
Mo‘minning qalbi hasad qilishdan ro‘za tutadi. Chunki hasad insonning solih amallarini behudaga suvoradi. Uning qalbidagi nurini o‘chiradi. Hamda doimo Alloh sari qiladigan say-harakatlarini puchga chiqaradi. Alloh taolo “Niso” surasining 54 oyatida shunday mazmunda marhamat qiladi:
أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ (54)
“Yoki Alloh o‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qiladilarmi?”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhis salom:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ، قَالَ : لا تَحَاسَدُوا وَلا تَبَاغَضُوا ، وَلا تَنَاجَشُوا وَلا تَدَابَرُوا ، وَلا يَبِيعُ بَعْضُكُمْ عَلَى بَعْضٍ ...
“Bir-birlaringizga hasad qilmanglar. Bir-birlaringizni yomon ko‘rmang. O‘zaro tortishmanglar. Bir-birlaringizga dushmanchilik qilmang. Birlaringiz boshqa birlaringizning savdosi ustidan savdo qilmasin”, deb aytdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobaridan bir kishini uch marta jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. Shunda anashu kishidan: “Jannatga kirish baxtiga nima bilan erishdingiz”, deb so‘ralganida, u kishi: “Men qalbimda biror musulmonga nisbatan hasad yo gina-adovat yo g‘illi-g‘ashlik bo‘lmagan holimda tunayman”, deb javob bergan ekan.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Baratov G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.