Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Tunlarni ibodat bilan bedor o‘tkazish

28.05.2018   45507   11 min.
Tunlarni ibodat bilan bedor o‘tkazish

Kechalarda bedor bo‘lib, ibodat qilib tunni o‘tkazishlik islom dinida juda ham ulug‘ amallardan hisoblanadi. Tarixdan bizga ma’lumki, barcha o‘tgan ulug‘ insonlar, payg‘ambarlar bo‘lsin, sahobalar, tobe’inlar bo‘lsin, avliyolar bo‘lsin, barchalari kechalarda bedor bo‘lib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Bu amal inson bilan Alloh taolo o‘rtasida qurbat hosil qilib, uni jannatga kirishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bandalarini bu ishga targ‘ib qilishdan oldin, islomning avvalidayoq O‘z payg‘ambarini bunga buyurgan.

Alloh taolo aytadi:

  يَا أَيُّهَا الْمُزَّمِّلُ. قُمِ اللَّيْلَ إِلَّا قَلِيلًا . نِصْفَهُ أَوِ انْقُصْ مِنْهُ قَلِيلًا . أَوْ زِدْ عَلَيْهِ وَرَتِّلِ الْقُرْآَنَ  تَرْتِيلًا .

“Ey, (kiyimlariga) o‘ralib olgan kishi (Muhammad!) Tunda (bedor bo‘lib, namozga) turing! Faqat ozgina (uxlashga vaqt qolsin!) Ya’ni yarmi (qolsin) yoki yarmidan ham biroz kamaytiring! Yoxud unga (biroz vaqt) qo‘shing (yarmidan ko‘prog‘ida uxlang) va Qur’onni «tartil» bilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!” (Muzzammil surasi, 1-4 oyatlar).

Alloh taolo  yuqoridagi oyatda o‘z Rasuliga kechalarda ibodat va Qur’on tilovat qilib qoim bo‘lishga buyuryapti. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Robbisining buyrug‘iga itoat etdilar va kechalarda ibodat bilan qoim bo‘ldilar. U zot Robbisiga chin ixlos bilan, yig‘lagan holatda, xushu’ va xuzu’ bilan ibodatda davomli bo‘ldilar. Bu haqida u zotning sahobalaridan shunday rivoyat qilinadi:

عَنِ الْمُغِيرَةِ بْنِ شُعْبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ : قَامَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ حَتَّى تَوَرَّمَتْ قَدَمَاهُ ، فَقِيلَ : يَا رَسُولَ اللَّهِ أَلَيْسَ قَدْ غَفَرَ اللَّهُ لَكَ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِكَ وَمَا تَأَخَّرَ؟ قَالَ :« أَفَلاَ أَكُونُ عَبْدًا شَكُورًا؟ ». رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi (tungi namozni o‘qish uchun) qoim bo‘ldilar, hattoki ikki oyoqlari shishib ketdi. Shunda: “Ey Rasululloh Alloh taolo sizni o‘tgan va kelajakdagi barcha gunohlaringizni mag‘firat qilgan emasmi?”, deyildi. U zot: “Men shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?””, dedilar. Buxoriy rivoyat qilgan.

Avvalgi va oxirgi gunohlari mag‘firat qilingan zot, kechalarni shunday o‘tkazgan ekanlar, biz ham bu zotdan o‘rnak olgan holda, o‘zimizga bu amalni lozim tutishimiz kerak.

Alloh taolo Qur’oni Karimda solih bandalarini sifatlab shunday deydi:

كَانُوا قَلِيلًا مِنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ . وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ.

(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar. Saharlarda ular (Allohdan) mag‘firat so‘rar edilar”. (Zariyat surasi, 17,18-oyatlar).

Kechalarda qilingan duolar ijobatdir. Chunki, insonlar g‘aflatda bo‘lib, uxlaydigan paytda banda Allohni yodiga olib duo qilsa, uning duosi ijobat bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: « إِنَّ فِى اللَّيْلِ لَسَاعَةً لاَ يُوَافِقُهَا رَجُلٌ مُسْلِمٌ يَسْأَلُ اللَّهَ خَيْرًا مِنْ أَمْرِ الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ إِلاَّ أَعْطَاهُ إِيَّاهُ وَذَلِكَ كُلَّ لَيْلَةٍ » رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan shunday deganlarini eshitdim:

“Albatta, kechada bir soat borki, musulmon kishi unga muvofiq kelib, Alloh taolodan dunyo va oxirat ishidan biror narsani so‘raydigan bo‘lsa, Alloh taolo uni unga beradi va shu har bir kechadadir”. Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda aytilishicha, kechqurunda nafl ibodat qilish, kunduz kunidagi nafl ibodatdan afzaldir, chunki har bir kechada duolar ijobat bo‘ladigan bir vaqt bordir. Har bir kunduz kunida bunday emas, faqatgina jum’a kunida shunday vaqt bor. Shuning uchun inson kechadagi shu ulug‘ vaqtni topishlik uchun, kechaning hammasini yoki ba’zisini ibodat bilan o‘tkazishi lozim.

Yana bir hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: « يَنْزِلُ رَبُّنَا تَبَارَكَ وَتَعَالَى كُلَّ لَيْلَةٍ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا حِينَ يَبْقَى ثُلُثُ اللَّيْلِ الآخِرُ فَيَقُولُ: مَنْ يَدْعُونِى فَأَسْتَجِيبَ لَهُ مَنْ يَسْأَلُنِى فَأُعْطِيَهُ مَنْ يَسْتَغْفِرُنِى فَأَغْفِرَ لَهُ ».رَواهُ مالِكٌ فِي الْمُوَطَّأ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Albatta Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Robbimiz taboraka taolo har kecha, tunning oxirgi uchdan biri qolgan vaqtda dunyo osmoniga tushadi va: “Kim menga duo qilsa uni ijobat qilaman, kim mendan so‘rasa unga beraman, kim menga istig‘for aytsa, uni mag‘firat qilaman”, deb aytadi”, dedilar. Imom Molik Muvattoda rivoyat qilgan.

Bu hadisda yuqorida zikr qilingan duolar ijobat qilinadigan vaqtning qachon ekanligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, bu vaqt kechaning oxirgi uchdan biri ekan. Shuning uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom kechaning avvalida uxlab, kechaning oxirida ibodat bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَنَامُ أوّلَ اللَّيلِ ، وَيَقُومُ آخِرَهُ فَيُصَلِّي . مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ .

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy solallohu alayhi vasallam kechaning avvalida uxlar, oxirida esa, qoim bo‘lardilar va namoz o‘qirdilar”. Muttafaqun alayh.

Shuningdek, ulug‘ sahobalardan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu kechasi namoz o‘qib bo‘lib, xizmatchilaridan: “Ey, Nofe’, sahar kirdimi?”, deb so‘rardilar. Agar Nofe’, ha, desa, tong otguncha duo va istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lar edilar.

Kechalarda ibodat  bilan bedor bo‘lishlik, insonning gunohlarini kechirilishiga sabab bo‘ladi. Bu haqida Nabiy alayhissalom xabar berib shunday deganlar:

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهِلِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ ، عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمْ، قَالَ:"عَلَيْكُمْ بِقِيَامِ اللَّيْلِ، فَإِنَّهُ دَأْبُ الصَّالِحِينَ قَبْلَكُمْ، وَهُوَ قُرْبَةٌ لَكُمْ إِلَى رَبِّكُمْ، وَمَكْفَرَةٌ لِلسَّيِّئَاتِ، وَمَنْهَاةٌ عَنِ الإِثْمِ". رَواهُ التِّرْمِذِىُّ.

Abu Umoma al-Bahiliyyi  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh solallohu alayhi vasallam: “Kechada qoim bo‘lishni o‘zingizga lozim tuting, u sizlardan oldingi solih kishilarning odatidir. Bu amal Robbingizga sizlar uchun qurbat bo‘ladi, gunohlarni ketkazuvchi va ayb va xatolardan qaytaruvchidir”, dedilar. Termiziy rivoyat qilgan.

Tunlari ibodatda qoim bo‘lgan kishining Alloh taologa yaqin bandalardan bo‘lishi va Alloh taolo uni yaxshi ko‘rishligi haqida hadisi qudsiyda ham bayon qilingan. Alloh taolo shunday deydi: “Banda nafl ibodatlar bilan menga yaqinlashishda davomli bo‘lsa, men uni yaxshi ko‘raman”.

Demak, inson tunlarda namoz o‘qib, ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, Robbisining muhabbatiga sazovor bo‘ladi va gunohlaridan mag‘fur bo‘ladi.

Yuqoridagi oyat va hadislardan ko‘rinib turibdiki, shari’atimizda kechalarni ibodat bilan o‘tkazishlikka juda ham ko‘plab targ‘ib qilingan. Bu amalni doimo o‘ziga lozim tutgan odamga ko‘plab savoblar va’da qilingan, bu savoblarga ega bo‘lish uchun tunlarni bedor o‘tkazishga harakat qilishimiz lozim. Xossatan, hozir ulug‘ Ramazon oyida turgan ekanmiz, bu ulug‘ kecha va kunduzlarini g‘animat bilishimiz kerak bo‘ladi. Zero, bu oyda kunlari ro‘za bo‘lib, kechalarda qoim bo‘lgan kishi uchun bundanda ko‘proq ulkan savoblar beriladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : « مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إيماناً َاحْتِسَاباً غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ » . مُتَّفَقٌ عَلَيْهِِ .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazon (oyi) da iymon keltirgan va savobini umid qilgan holda qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi", dedilar. Muttafaqun alayh.

Bu savobli amallarga nafaqat o‘zimiz, balki ahli ayollarimiz va farzandlarimizni ham targ‘ib qilishimiz kerak bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً قَامَ مِنَ اللَّيْلِ فَصَلَّى ، وَأَيْقَظَ امْرَأَتَهُ فَإِنْ أَبَتْ نَضَحَ فِى وَجْهِهَا الْمَاءَ ، رَحِمَ اللَّهُ امْرَأَةً قَامَتْ مِنَ اللَّيْلِ فَصَلَّتْ وَأَيْقَظَتْ زَوْجَهَا ، فَإِنْ أَبَى نَضَحَتْ فِى وَجْهِهِ الْمَاءَ » أَبُو دَاوُدَ، وَالنَّسائِيُّ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi:

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kechasida qoim bo‘lib, namoz o‘qib, so‘ngra o‘z ayolini uyg‘otgan, agar ayoli (uyqu g‘olibligi sababli, o‘rnidan turishlikni) xohlamasa, yuziga suv sepgan (xolda bo‘lsa ham, uyg‘otgan) kishini Alloh taolo rahm qilsin. Kechasida qoim bo‘lib, namoz o‘qib, so‘ngra o‘z erini uyg‘otgan, agar eri (uyqu g‘olibligi sababli, o‘rnidan turishlikni) xohlamasa, yuziga suv sepgan (xolda bo‘lsa ham, uyg‘otgan) ayolni Alloh taolo rahm qilsin”, dedilar. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisi sharifda inson o‘ziga suygan narsani o‘zining yaqinlariga ham ravo ko‘rishligi bayon qilinmoqda. Demak, inson yaxshi ishlarga faqatgina o‘zi emas, balki boshqalarni ham targ‘ib qilmoqligi lozimdir. Bu haqida Qur’oni Karimda shunday deyilgan:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ.

“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta Alloh iqobi shiddatli Zotdir”. (Moida surasi, 2- oyat).

Alloh taoloning ushbu oyatini inson o‘ziga shior qilib olsa, o‘z-o‘zidan yaxshi ish qilganlarning soni ko‘payib, yomonlar esa kamayib boraveradi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, inson Allohga qurbat hosil qilmoqchi bo‘lsa, Allohning nazdida darajasi yuqori bo‘lib, gunohlari mag‘firat qilinishini xohlasa, nafl ibodatlarni o‘ziga lozim tutib, kechalarda bedor bo‘lishi lozim. Chunki, inson farz amallarini ado qilishligi bilan, bo‘ynidagi majburiyatni ado qilgan bo‘ladi xolos. Kechalarni ibodat bilan o‘tkazishlik esa, haqiqiy mukammal mo‘minlik belgisidir.

Ramazon oyi bizlar uchun juda ham ko‘plab yaxshi amallarni qilishimiz uchun juda ham yaxshi fursatdir. Chunki, bu oyda shaytonlar zanjirband qilinadi. Inson shayton vasvasasidan ozod bo‘ladi, faqatgina o‘zining nafsini yengishi lozim bo‘ladi.Ushbu oyda o‘zimizga turli xil nafl ibodatlarni odat qilib oladigan bo‘lsak, ramazondan keyin ham bu ishlarda bardavom bo‘lishimiz oson bo‘ladi.

 

“Ko‘kaldosh” Toshkent o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Madaminov Shokirjon.

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiy haqida 15 fakt

30.04.2025   6016   3 min.
Imom Moturidiy haqida 15 fakt

1. Olimning to‘liq ismi sharifi Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Ansoriy.


2. Kamoliddin Bayoziyning tahqiqiga ko‘ra bu zotning nasabi ulug‘ sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi.


3. Abu Mansur Moturidiyning qaysi yilda tug‘ilgani aniq ma’lum emas. Ammo ustozi Muhammad ibn Muqotil Roziy hijriy 248 (milodiy 862) yilda vafot etgani aytilgan. Shunga ko‘ra, Abu Mansur Moturidiy hijriy 240 (milodiy 854) yildan oldin tug‘ilgani taxmin qilinadi.


4. Imom Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan. Quyidagilar ularning eng mashhurlari:

  1. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq Juzjoniy;
  2. Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyoziy;
  3. Nusayr ibn Yahyo Balxiy;
  4. Muhammad ibn Muqotil Roziy va boshqalar.


5. Ushbu olimlar Imom Moturidiyni Imom Abu Hanifa rahimahullohgacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi.


6. Imom Moturidiyning shogirdlari uning ilimy merosini davom ettirib, bu ta’limotni rivojlantirganlar. Masalan:

  • Abulqosim Is'hoq ibn Muhammad Hakim Samarqandiy.
  • Imom Abulhasan Ali ibn Sa’iyd Rustug‘faniy.
  • Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy.
  • Imom Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy.


7. Abu Mansur Moturidiy tafsir, usulul fiqh va aqoid kabi shar’iy ilmlarning turli yo‘nalishlari bo‘yicha asarlar ta’lif etgan.


8. Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’vilotu ahli sunna” nomli tafsir yozgan.


9. Usulul fiqh yo‘nalishida “Ma’xozush sharoi’” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan.


10. Ulamolar Abu Mansur Moturidiy aqoid ilmi bo‘yicha yozgan asarlarini o‘rganib chiqib, ularni uch turga ajratganlar:

  1. Maqolot (maqolalar);
  2. Raddiyalar;
  3. Alloh taologa iymon keltirish asoslari.


11. Abdulhay Laknaviy “al-Favoidul-bahiya” asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.


12. Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.


13. Butun hayotini ilm ma’rifat o‘rganish va uni yoyish bilan o‘tkazgan Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 (milodiy 945) yilda taxminan to‘qson besh yoshida Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.


14. 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” tashkil etilgan.


15. Shuningdek, 2025 yil mart oyida Davlatimiz rahbari tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.