Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ro‘za va ro‘zadorlar haqida ko‘plab go‘zal bashorat-xushxabarlar berganlar. Jumladan, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi va gunohi kechirilgandir”, deb marhamat qildilar.
Ramazon bu shunday muborak oyki, bu oyda ro‘za tutish ibodat, ro‘za holatda uxlash ibodat, hatto gapirmasdan jim turish ham ibodat, iftorlikda taom tanovul qilsa ham ibodatdir. Zotan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu Ramazon oyi baraka oyidir”, deb bejizga aytmadilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Ro‘zadorning uyqusi ham ibodatdir” dedilar, ya’ni ro‘zador odam oilasining nafaqasi uchun ishlab mehnat qilsa va charchaganidan peshindan keyin yoki asrdan so‘ng biroz mizg‘ib olsa, uni Alloh taolo har bir chiqargan nafasi uchun zikr qildi, deb nomai a’moliga yozib qo‘yadi. Ro‘zadorning martabasiga qarang. Alloh taolo ro‘zador bandasini qanday aziz qilib qo‘ydi!
Shuningdek, Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za tutgan kishining gapirmasligi, jim turishligi tasbehdir”, dedilar. Ya’ni, ro‘zador odam oldin har xil nomaqbul so‘zlarga o‘rgangan bo‘lsa, endi bu odatini tark etib yaxshi so‘z, bo‘lmasa jim turishi lozimligi tushuntirilmoqda. Mana shu holda Parvardigori olam u insonga sukut saqlagani uchun «“Subhanalloh” dedi», deb hisoblaydi. Hadisning davomida keladi “Ramazonda qilingan savobli ishlarning ajri orttiriladi”, deyiladi. Ya’ni, Ramazonda qilingan ibodatlari, boshqa vaqtlarda qilingan ibodatlari bilan bir xil bo‘lsa-da, ammo muborak oyda qilingan xayrli ishlarning savobi yetmish daraja ko‘tariladi. Bu juda katta mukofotdir. Ramazonda har tun 20 rakaat taroveh namozi o‘qiladi. Bu 1400 rakaat namoz o‘qilganning ajri beriladi deganidir. Hamda bu oyda sadaqalar, xayrli ishlar, zikrlar 70 marotaba ziyoda qilinadi. Shuning uchun ham insonlar zakotlarini ushbu muborak Ramazon oyida ado etadilar. Chunki Ramazon oyida qilingan har bir ezgu amalga 70 marta ko‘p savob beriladi.
Va yana hadisda ro‘zadorning sifatlari zikr etilib: “Ro‘zadorning duosi maqbuldir” deyiladi. Chunki u Alloh taolo yaxshi ko‘rgan banda bo‘lishga intilmoqda. U Parvardigori uchun kunduzi yeyish, ichish va oilaviy munosabatdan uzoqlashadi. Rabbisi uchun nafsining kuchli orzularini tark etadi. U Alloh taolo uchun fidokorlik qilganligi sababli ham Xudoi taolo uning duosini ijobat qiladi.
Hadisning oxirida Sarvari koinot (sollallohu alayhi va sallam) “Ro‘zadorning gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qildilar. Ro‘za tutgan musulmon mag‘firat dahasida ko‘proq istig‘for aytsa, albatta, gunohlari kechiriladi. Boshqa bir hadisi sharifda quyidagilar aytilgan:
“Sizlarga Ramazon oyi keldi, barokot oyi keldi. Unda ko‘p yaxshiliklar bor. Sizlarni Alloh taolo O‘z rahmatiga g‘arq qiladi. Xatolaringizni kechirib, duolaringizni ijobat qiladi. Bu Ramazon oyida ibodat borasida qiladigan musobaqalaringizga Parvardigorlaringiz rozi holda qarab turadi. Bu ishlaringiz bilan Alloh taolo farishtalarga maqtanadi. Shuning uchun bu oyda Parvardigorlaringizga o‘zlaringizni yaxshi tomonlaringizni ko‘rsatinglar. Chunki faqat badbaxt insongina Allohning rahmatidan mahrum bo‘ladi”.
Ko‘pchiligimiz shu barakotli oy tufayli nomaqbul amallarimizni tark qilamiz. Shuningdek, bu muborak oyda ajru mukofotlari behisob ekanligiga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu so‘zlari dalildir:
“Bandalarim farmonimni tutib, yeyish, ichish va hamma xohishdan kechdilar, shuning uchun ularning ajru savoblarini o‘zim beraman”.
Bu oyning fazilatlaridan yana biri, ro‘zador qanday inson bo‘lishidan qat’i nazar uning duosi, albatta, ijobat bo‘ladi. Chunki bu oyda ro‘zador insonga Alloh O‘z rahmat nazari bilan qaraydi va faqat U uchun tutilgan xolis ro‘zadorni duosini ijobat qiladi. bu haqda hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Uch toifa kishining duosi rad etilmaydi. Ular: Ro‘zadorning og‘zini ochguncha qilgan duosi, odil imomning duosi va mazlumning duosi”
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, ushbu oyda bizlar Allohga o‘zimizning eng yaxshi tomonlarimizni ko‘rsatishimiz, ajru mukofotlar ega bo‘lish uchun ko‘proq xayrli amallarni qilishimiz zarurdir. Chunki Sarvari koinotning o‘zlari bu oyda juda saxovatpesha bo‘lganlar va biz ummatlarga ham shuni ta’lim berganlar.
Ushbu hadisi shariflardan ko‘rinib turibdiki, bu oyning har bir daqiqasini g‘animat bilib, ezgu ishlar qilishga shoshilishimiz, shaytonlar kishanlangan paytda yomon odatlarimizdan qutulishimiz, istig‘foru tasbehlarni ko‘paytirib, nomai a’mollarimizni ajru hasanotlarga to‘ldirishimiz, ko‘proq xayru ehsonlar qilib, savoblar shodasiga ega bo‘lishimiz lozim ekan.
Hoshimjon Nizomiddinov,
Toshkent islom instituti talabasi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati