Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalomu alaykum. Tungi soat 12dan keyin saharlik qilib keyin niyat qilib uxlasa bo‘ladimi
Javob: Va alaykum assalom! Ha, joiz. Lekin saharlikni bomdod vaqti kirishiga taqab yopish sunnat amallardan hisoblanadi.
Savol: Assalomu alaykum! Ro‘zador odam yo‘lda naushnikda musiqa eshitsa tutgan ro‘zasi ochilib ketmaydimi. Javob uchun oldindan rahmat.
Javob: Va alaykum assalom! Tutgan ro‘zasi qabul yoki qabul emasligini Alloh taolo biladi. Lekin ro‘za paytida nafaqat noshar’iy ishlar, hatto muboh ishlardan ham saqlanish tavsiya qilinadi. Shundan xulosa chiqarib oling.
Savol: Assalomu alaykum hurmatli ustozlar! Saharlik va iftor vaqtida o‘qiladigan duolar o‘rniga o‘zingdan duo keltirsa bo‘ladimi yo faqat shu kalimalarni aytish joizmi? Javob uchun oldindan rahmat
Javob: Va alaykum assalom! Ha, mazkur paytlarda xohlagan duolarni qilishingiz mumkin.
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati