Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Aprel, 2025   |   24 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:07
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:11
Shom
19:14
Xufton
20:34
Bismillah
22 Aprel, 2025, 24 Shavvol, 1446

Ro‘zaning fazilati va unga oid ayrim masalalar

25.05.2018   39983   17 min.
Ro‘zaning fazilati va unga oid ayrim masalalar

Ma’lumki, ro‘za nihoyatda fazilatli va buyuk amallardan hisoblanadi. Bu haqda vorid bo‘lgan oyati karimalar va hadisi shariflar ham mashhurdir. Quyida ezgulikni eslatish qabilida ro‘zaning fazilatiga doir ayrim hadisi shariflarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz. So‘ngra ro‘zaga doir ayrim fiqhiy masalalar bilan tanishamiz, inshoalloh.

Rivoyat qilinishicha, Abu Umoma al-Bohiliy (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan “Qaysi amal eng afzal?” deb so‘radi. Shunda Ul zot: “Ro‘za tut! Zero, uning tengi yo‘qdir!” dedilar (Imom Ahmad, Nasoiy va Bayhaqiy rivoyati).

Ro‘zador kishi, hatto hech narsa qilmasdan yotog‘ida uxlab yotgan paytida ham ajr-savoblar qo‘lga kiritadi. Abul Oliya aytadilar: “Ro‘zador garchi to‘shagida uxlab yotgan bo‘lsa-da ibodat ichra bo‘lur”. Hafsa onamiz (roziyallohu anhuo): “Yotog‘imda uyquda bo‘lsam ham davom etadigan qanday ham yaxshi ibodat ekan bu (ro‘za)?!” der edilar.

Ibn Hassosiya (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Alloh aytdi: «Ro‘za olovdan qalqondir, ro‘za Mening uchundir, uning mukofotini Men beraman. Zero, ro‘zador yemog‘ini, ichmog‘ini, nafsoniy istaklarini Mening uchun tark etadi. Ro‘zador og‘zining hidi Alloh nazdida mushk hididan ham yoqimliroqdir»(Bag‘aviy va Tabaroniy).

Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda keltirilishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Alloh aytadi: «Har kimsaning a’zolari haromdan, gunohlardan tiyilmasa, yemoq-ichmog‘ini tark etishiga ahamiyat bermayman» (Abu Nuaym).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Ro‘za (do‘zax o‘tidan asrovchi) qalqondir. Ro‘za tutgan kishi yomon so‘zlarni so‘zlamasin, qo‘pollik qilmasin. Agar biror kishi uni urishsa yoki haqorat qilsa, ikki marta «men ro‘zadorman», desin. Allohga qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Alloh nazdida mushk-anbar hididan ham xushbo‘yroqdir. Chunki Alloh taolo: «Ro‘zador Mening uchun yemaydi, ichmaydi va shahvatini tark qiladi. Ro‘za xolis Men uchundir, unga O‘zim hisobsiz savob beraman. Vaholanki, har bir yaxshilikka o‘n barobar yaxshilik bordir» (Imom Buxoriy).

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlar ichida xayr qilishda eng saxiyi edilar. U zotning yana ham saxiy bo‘lishlari Ramazon oyiga to‘g‘ri kelar edi. Ramazonning har kechasida u zotga Jabroil alayhissalom kelib uchrashar edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va salam) undan Qur’onni o‘tkazib olar edilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil kelgan paytda saxiylikda tez esgan shamoldek bo‘lib ketar edilar» (Imom Buxoriy).

Sahl ibn Sa’d So’idiy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Jannatning bir eshigi bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim kirmaydi. «Ro‘zadorlar qayerda?» deyiladi. Ro‘zadorlar turadilar. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmaydi. Ular kirgach, eshik berkitiladi, (so‘ng u eshikdan) boshqa hech kim kirmaydi», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va Nasoiy).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Ro‘zador ikki bor xursand bo‘ladi: birinchisi – og‘iz ochganida (iftor qilganida) va ikkinchisi – ro‘za tutib Allohga yorug‘ yuz bilan yo‘liqqanida», deganlar» (Imom Buxoriy).

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladilar», deganlar (Imom Tabaroniy va Ibn Hibbon).

Zayd ibn Xolid Juhaniy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning ro‘zasidan biror narsa kamaytirilmaydi”, deganlar» (Imom Termiziy).

Ro‘zaning sunnat va mustahablari

  1. Saharlik qilish. Undan murod sahar payti turib kunduzi ro‘za tutish niyatida yeb-ichishdir. Ibn Munzir saharlik qilish sunnat ekaniga olimlar ittifoq qilganlarini aytgan. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning saharlik qilmasdan uzluksiz (o‘tkarma) ro‘za tutganliklari uning vojibligini bildirmaydi. Saharlik qilish bilan mo‘minlar ahli kitoblardan farqlanib turadilar. Saharlikning eng kami biron narsa yeb olishlikdir. Hech bo‘lmasa bir qultum suv ichib olinsa ham, saharlik qilgan hisoblanadi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Saharlik qilingiz. Albatta, saharlikda baraka bordir», deganlar (Muttafaqun alayhi).

Undan tashqari, saharlik qiluvchilarga Alloh va Uning farishtalari salavot aytishadi.

Abu Said al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib, dedilar: “Saharlikni yeyish barakadir, shunday ekan, hech bo‘lmasa, bir qultum suv ichib bo‘lsa ham (saharlik qiling), uni tark etmang. Zero, Alloh azza va jalla va Uning maloikalari saharlik qiluvchilarga salavotlar ayturlar” (Imom Ahmad va Ibn Hibbon).

  1. Saharlikni tongga yaqin qilish. Saharlikni tunning oxirgi vaqtigacha ya’ni, tonggacha olib borish mustahabdir. Saharlik vaqti subh kirishi bilan tugaydi. Zayd ibn Sobit aytadilar: «Biz Rasululloh bilan saharlik qildik. So‘ng u zot namozga turdilar. Men: «Saharlik bilan azon orasida qancha vaqt bor?» deb so‘radim. U zot: «Ellik oyat miqdoricha» dedilar (Imom Muslim).

Bu haqda kelgan hadislarning barchasi sahih va mutavotirdir. Saharlik qanchalik tongga yaqin qilinsa, shunchalik afzal bo‘ladi. Agar muazzin subhi sodiq kirishi bilan azon aytadigan bo‘lsa, azongacha kechiktirishning zarari yo‘q. Kechroq saharlik qilgan kishi ko‘proq ajr oladi, kunduzi ham to‘qroq yuradi. Yeb-ichib o‘tirgan kishi tong kirib qolganini sezib qolsa, yeb-ichishni to‘xtatadi va ro‘zasini tutaveradi. Vaqt juda kam qolganini bila turib, o‘zini g‘aflatga solib yeb-ichib o‘tirish uzr bo‘lmay qolishi mumkin. Shuningdek, ehtiyot yuzasidan deb subhi-sodiqdan ancha ilgari, masalan bir yoki yarim soat oldin og‘iz yopib olish ham sunnatga xilofdir.

  1. Iftorni ertaroq qilish. Buning ma’nosi, quyosh botgani aniq bo‘lganidan keyin darhol iftor qilishdir. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bu haqda shunday deganlar: «Odamlar iftorni ertaroq qilar ekanlar, mudom yaxshilikda bo‘ladilar»(Muttafaqun alayhi).

Anas (roziyallohu anhu) aytadilar: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) suv bilan bo‘lsa ham og‘iz ochmagunlaricha shom namozini o‘qimas edilar» (Imom Termiziy rivoyati, hasan hadis).

  1. Og‘izni ho‘l yoki quruq xurmo yoxud suv bilan ochish. Eng afzali ho‘l xurmodir, eng oddiysi suvdir. Xurmo bilan og‘iz ochganda undan toq miqdorda uchta, beshta yoki yetti dona yeb ochish mustahabdir. Anas ibn Molik aytadilar: «Rasululloh namoz o‘qishlaridan oldin og‘izlarini ho‘l xurmo bilan, agar u bo‘lmasa quruq xurmo bilan, agar u ham bo‘lmasa, bir necha qultum suv bilan ochar edilar»(Tabaroniy rivoyati).
  2. Iftor mahali duo qilish. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) og‘iz ochganlaridan keyin shunday duo qilar edilar:

«Zahabaz-zoma’, vabtallatil-uruqu va sabatal-ajru in sha Alloh»«Chanqoq qondi, tomirlar ho‘llandi va ajr sobit bo‘ldi, inshaalloh» (Buxoriy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu esa shunday derdilar: «Ey Allohim, men Sendan hamma narsadan keng bo‘lgan rahmating bilan so‘raymanki, gunohlarimni kechir» (Ibn Moja rivoyati, sahih hadis).

Ro‘za makruhlari

Ro‘zador uchun quyidagi ishlarni qilish makruh:

  1. Tahoratda og‘iz va burunni chayqaganda, tomoq va dimog‘ning oxirigacha suv olish.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Burunga suvni chuqur olgin, ammo ro‘zada unday qilma», – deganlar (As'hobus-sunan rivoyati, sahih hadis).

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ro‘za paytida og‘iz va burunni qattiq chayqaganda ichga suv ketib qolish xavfi bo‘lgani uchun ham bu ishni karih ko‘rganlar.

  1. O‘pish. Bo‘sa shahvatni qo‘zg‘atib, ro‘za paytida qat’iyan man qilingan jimo’ga olib kelishi mumkin. Hadislarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘z ahllarini ro‘za hollarida o‘pganliklari haqida aytilgan. Lekin shu hadislar davomida u zot o‘zlarini tutib turuvchi kishi ekanliklari ham aytib o‘tilgan. Shundan kelib chiqib, ayrim ulamolar: «Kishi o‘zini tutib tura olishiga ishonsa, bo‘sa olishi joiz, o‘ziga ishonmasa, bo‘sa olishi haromdir», deb aytishgan. Inson o‘zini tutolmay qolishi mumkin. Shuning uchun bundan tiyilish afzal, ehtiyotsizlik makruhdir.
  2. Ahliga shahvat nazari bilan boqish.
  3. Jinsiy aloqani fikr qilish.
  4. Ahliga shahvat bilan teginish.
  5. Saqich yoki shunga o‘xshash narsalarni chaynash. Bu ishni qilgan odamni og‘zi ochiq deb o‘ylaydilar.
  6. Qozonda turgan taom mazasini tatib ko‘rish (Ammo ba’zi ulamolar nazdida ovqat pishiruvchi o‘zini ehtiyot qilgan holda zarurat yuzasidan taomning tuzini tatib ko‘rishi joizdir).
  7. Qon chiqarish yoki oqizish. Bu yerda zuluk yoki boshqa narsa vositasida ko‘p miqdorda qon oldirib tashlash nazarda tutilgan. Chunki bu insonning tanasini zaiflashtirib, ro‘zasini ochib yuborishga majbur qilishi mumkin. Ba’zi ahli ilmlar qon oldirishni ro‘zani buzuvchi amallardan sanaganlar. Tibbiy tahlil uchun qo‘l uchidan kam miqdorda qon oldirishning esa zarari yo‘q. Chunki uning tanaga ta’siri sezilmaydi.
  8. Visol, ya’ni ikki-uch kun iftorsiz (o‘tkarma) ro‘za tutish. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) o‘tkarma ro‘zadan qaytarganlar. Ayrim ulamolar shu hadisdan kelib chiqib, o‘tar ro‘zani harom ham deyishgan. Lekin makruh degan qavl kuchliroqdir. Chunki bu hadisdan so‘ng sahobalardan ayrimlari Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga o‘tkarma ro‘za tutishgan. Shunda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ularga indamaganlar. Agar u harom bo‘lganida edi, unga sukut qilmasdilar. Chunki u zot uchun haromga sukut qilib turish mumkin emas.

Yuqorida sanab o‘tilgan ishlarni qilish garchi ro‘zani buzmasa-da, uning savobini kamaytirishi mumkin.

Ro‘zani buzuvchi narsalar

Ro‘zani quyidagi narsalar buzadi:

  1. Jinsiy aloqa. Bu ro‘zani buzuvchi amallarning eng ulkanidir. Uning Ramazon kunduzida haromligiga ummat bilittifoq ijmo qilgan. Ramazonda kunduzi qovushish haromligini bila turib, ro‘zador ekani esida bor bo‘lgan holda, o‘z ixtiyori bilan jinsiy aloqa qilgan kimsa qattiq gunohkor bo‘lib, og‘ir kafforatni o‘tashi vojib bo‘ladi. Agar u bu ishini halol sanasa, dindan chiqib, kofir bo‘lib qoladi (Alloh asrasin). Uning uchun og‘ir kafforat qodirligiga qarab quyidagi tartibda vojib bo‘ladi:

a) Mo‘min qulni ozod qilish;

b) Ikki oy uzluksiz ro‘za tutish;

v) Oltmishta miskinni taomlantirish, bunda har bir miskinga bug‘doy bo‘lsa bir muddan, arpa, guruch yoki xurmo kabi narsalardan bo‘lsa yarim so’ berish nazarda tutiladi. Bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalamiz. Agar kishi bu ishning hukmini bilmasa, ro‘zador ekanini unutib qo‘ysa, xato qilsa yoki majburlansa, jinsiy aloqa sababli ro‘zasi buzilmaydi. Chunki yuqorida sanalgan holatlar uzrli sabablardir.

  1. Maniyni sun’iy yo‘l bilan chiqarish. Bunga yashirin odat ishlari kiradi. Kim Ramazon kunduzi bu ish bilan shug‘ullansa, ro‘zasi botil bo‘lib, qazo vojib bo‘ladi. Agar maniy insonning ixtiyorisiz, masalan, uxlayoatganda chiqsa, ro‘za buzilmaydi.
  2. Ichga ozuqa kiritish. Bu ikki xil yo‘l bilan bo‘ladi:

a) yeb-ichish. Kim qasddan, ro‘zaligini bilib turib yeb-ichsa, qattiq gunohkor bo‘lib, hanafiy mazhabiga ko‘ra unga yuqoridagi og‘ir kafforat vojib bo‘ladi. Agar ro‘zaligini unutib yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasi buzilmaydi. Unga qazo ham, kafforat ham lozim bo‘lmaydi. Bunda ko‘p yeyish bilan kam yeyishning ahamiyati yo‘q.

Ummu Is'hoq (roziyallohu anho) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida turganida bir idishdan suv olib ichib qo‘ydi va keyin ro‘zadorligi esiga tushib qoldi. Shu yerda turgan Zul-Yadayn:  «Endi, to‘yganingdan keyinmi?» dedi. Shunda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Ro‘zangni oxiriga yetkizaver. Albatta, bu Allohning senga bergan rizqidir», dedilar (Ahmad va boshkalar rivoyati, sahih hadis).

Og‘iz, burun yoki quloq orqali oshqozonga ataylab biron narsa kiritilsa, ro‘za buziladi.

b) Yeb-ichish ma’nosidagi narsalar. Odamga quvvat bo‘luvchi ukollar va shu kabi narsalar yeb-ichish hukmida bo‘ladi. Kim tomiridan yoki muskulidan quvvat bo‘luvchi ukollar olsa, ro‘zasi buzilib qazo vojib bo‘ladi, ammo unga kafforat lozim emas.

  1. Qasddan qusish. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Kim qasddan qayt qilsa, qazo tutib bersin», deganlar (As'hobus-Sunan rivoyati, sahih hadis).

Ammo qayt qilish beixtiyor amalga oshsa, ro‘za buzilmaydi. Kishi qasddan qusmasligi va tabiiy ravishda o‘z-o‘zidan kelayotgan qusuqni to‘smasligi kerak. Chunki buning sog‘liqqa zarari bor. Qasddan qusgan kimsaga qazo vojib bo‘ladi.

  1. Hayz qonining kelishi. Ayollarda hayz qonining kelishi ro‘zani bekor qilib, qazoni vojib qiladi. Hatto, hayz qoni quyosh botishiga sanoqli daqiqalar qolganda kelib tashqariga chiqsa ham, ro‘za buziladi. Agar u ichdan ko‘chsa-yu, biroq quyosh botguncha chiqmay, keyin tashqariga chiqsa, o‘sha kungi ro‘zasi sahih bo‘ladi. Buning uchun qazo vojib bo‘lmaydi.
  2. Ro‘za tutish niyatidan voz kechish. Kim ro‘za holida ro‘zasini ochib yuborishni qalbdan qasd qilsa, ro‘zasi bekor bo‘lib, qazo vojib bo‘ladi.

Ro‘zador uchun muboh (joiz) bo‘lgan ishlar

  1. Misvok tutish. Misvok tutish deganda «Arok» ismli o‘simlikning tomiridan kesib olinadigan qalamcha bilan tishni tozalash tushuniladi. Ko‘pchilik ulamolar uni ro‘zada ham joiz, deb aytishgan. Faqat ayrim olimlar uni zavol, ya’ni tushdan keyin ishlatish makruh deyishgan. Lekin ular ham ro‘zani buzuvchi narsa nuqtayi nazaridan emas, balki: «Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh nazdida mushkdan ko‘ra xushbo‘yroq sanaladi», – degan hadisga binoan makruh ko‘rishgan. Tish pastalarini ishlatishning hukmi ham misvok kabidir, biroq pasta ichga o‘tib ketmasligi kerak, agar o‘tib ketsa ro‘za buziladi.
  2. Tongga qadar yeb-ichish va ahli bilan qovushish.
  3. Muboh ehtiyoj uchun safar qilish, hatto og‘iz ochishga to‘g‘ri kelishini bilsa ham joiz. Faqat yuqorida aytilganidek, ro‘za tutishdan qutilish maqsadida safar qilmasa bas.
  4. Go‘dak uchun og‘izda taom chaynab berish. Buning sharti chaynab beruvchi o‘zining ichiga biron narsa ketib qolishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
  5. Atir va boshqa xushbo‘yliklardan foydalanish.

Yuqorida sanab o‘tilgan narsalarga shariatda ta’qiq kelmagani uchun ularni qilish joiz sanaladi.

 

Ro‘zadorga quyidagi ishlar uzrli va kechirimli sanaladi:

  1. Tupuk yutish. Tupuk ko‘p bo‘lsa ham, uni yutishning zarari yo‘q. Bu yerda birovning tupugi emas, balki insonning o‘z og‘zida paydo bo‘ladigan so‘lagi nazarda tutilgan.
  2. Qusuq g‘olib kelib, tashqariga chiqishi va uning biron qismi ichga qaytishi.
  3. Iskabtopar kabi mayda hasharotlarni ixtiyorsiz yutib yuborish.
  4. Yo‘l, zavod va fabrikalarning changi, yonayotgan o‘tin tutuni va boshqa saqlanish qiyin bo‘lgan hidlarni yutib yuborish.
  5. G‘usl vojib bo‘lgan holda tong ottirish. Agar u saharlikdan oldin g‘usl qilib olsa, afzal bo‘ladi. Ammo shu holatda saharlik qilib ro‘za tutishi ham joiz, g‘uslni tong otgandan keyin qilaveradi. Chunki hadislarda bu ikki holatga ruxsat bordir.
  6. Ro‘za holatida bulg‘anib qolish. Buni arab tilida «ihtilom» deyiladi. U balog‘atga yetish alomatlaridan biridir. Kim ro‘za holida uyqusida ixtiyorsiz bulg‘anib qolsa, g‘usl qilib, ro‘zasini davom ettiraveradi. Bunday holatda ro‘za buzilmaydi.
  7. Xato qilib yoki esdan chiqarib yeb-ichib qo‘yish. Bu haqdagi dalillar yuqoridagi boblarda o‘tdi.

 

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf”
jome masjidi imom xatibi
 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Videolar

Yangi farmonda diniy ta’lim yo‘nalishidagi o‘zgarishlar haqida

22.04.2025   1055   1 min.

Muzaffar Komilov – O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori

VIDEO