Kecha, 23 may kuni “Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus Islom bilim yurtida Poshshaxon Eshonxon qizining “Ayol – mo‘tabar zot” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotga Toshkent shahri ayrim tuman bosh otinoyilari, bilim yurti talaba qizlari hamda xodimalari va mehmonlar taklif etildi.
Taqdimot, taomilga ko‘ra, Qur’on tilovati bilan boshlandi.
Tadbirni bilim yurti mudirasi Nozima Ibragimova kirish va tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu kitob ayollarga oid eng zarur fiqhiy masalalarni o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatli ekani, shuningdek kitob keng ommaga, xususan, otinoyilar uchun ham muhim qo‘llanma bo‘lgani, ayniqsa, savol-javob tarzida yozilgani, kitobxonga juda manfaatli bo‘lishini aytib o‘tishdi.
Barcha yig‘ilganlar mudarrisa, kitob muallifi Poshshaxon Eshonxon qizining kelgusi ijodiga ulkan muvaffaqiyatlar tilashdi.
Taqdimot yakunida yig‘ilganlarga kitoblar ulashildi.
O‘MI Matbuot xizmati
IQNA sayti xabariga ko‘ra, Misrdagi mashhur “Qur’on karim” radioeshittirishi rahbari Ismoil Duvaydar uzoq tanaffusdan so‘ng mashhur “Mus'haf muallim” dasturi yana efirga qaytganini ma’lum qildi. Dastur har kuni mahalliy vaqt bilan soat 09:45 da efirga uzatiladi. Uni Sa’d al-Mut’aniy olib boradi.
Ushbu dastur Qur’on karimni yangi o‘rganayotgan va yod olishni istagan kishilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda tajvid qoidalariga muvofiq to‘g‘ri talaffuz o‘rgatiladi. Dasturda Shayx Mahmud Xalil Husariyning tilovatlari asos qilib olingan.
Shuningdek, Qur’on karim radioeshittirishi Misr Vaqflar vazirligi bilan hamkorlikda har kuni diniy tanlov ham o‘tkazmoqda. G‘oliblardan ikki nafariga 2 500 misr funti miqdorida mukofot beriladi. Tinglovchilarning savoliga javobni (sura va oyat raqami) vazirlikning “Facebook” sahifasidagi maxsus havola orqali yuborishlari lozim.
Ismoil Duvaydar ta’kidlashicha, radioeshittirish hozirda Misrning yetuk qori va mashhur ulamolari marhum shayx Abdufattoh Sha’sha’iyning ilgari efirga uzatilmagan noyob tilovatlarini ham taqdim etmoqda. Bu tilovatlarni shayxning oilasi radioeshittirishga sovg‘a qilgan.
Shuningdek, shayx Mustafo Ismoilning nabirasi tomonidan berilgan 18 ta noyob tilovat ham ushbu boy jamg‘armaga qo‘shildi. Shu bilan birga, Shayx Muhammad Rif’at, Shayx Abdulbosit Abdussomad va Shayx Muhammad Tabloviy kabi mashhur yetuk qorilarning tilovatlari ham efirda yangramoqda.
Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.