frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazon g‘animatdir

24.05.2018   48601   7 min.
Ramazon g‘animatdir

Ramazon – jannat eshiklari ochiladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan, shaytonlar zanjirlanadigan, Alloh solih bandalarini o‘tdan ozod etadigan  ulug‘ oy. Bu oy ibodatsiz, toatsiz, kunu soatlari havoda to‘zg‘igan zarradek zoye bo‘lib kirib-chiqib ketmasin. Bu oyda ibodatni tavbadan boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Tavbadan boshlashga maslahat berish bilan biror kishini aybdorsiz demaymiz. Chunki yo‘lning avvali ham, nihoyasi ham tavbadir. Tavba – Alloh subhanahu va taolo tomonga intilayotgan kishining birinchi o‘rindagi amalidir. Demak, tavba ko‘pchilik o‘ylaganidek, faqat osiy va xato qiluvchilarning iltijo qilishidan iborat emas. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

Ey odamlar! Allohga tavba qilinglar. Chunki men Unga bir kunda yuz bor tavba qilaman”[1], dedilar. Alloh bandalarini tavbaga buyurganda ularga iymon nomi bilan nido qilib dedi:

Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo‘minlar! Shoyadki (shunda) najot topsangizlar”[2].

Barchamiz gunohkor bandalarmiz. Alloh subhanahu taolo gunohlarni ko‘p kechiruvchi zot. Kunduzda gunoh qilgan tavba qilsin deb kechasi qo‘lini uzatadi, kechada gunoh qilgan tavba etsin uchun kunduzi qo‘lini cho‘zadi. Tavba qiluvchilarning tavbasidan, osiy va gunohkorlarning pushaymonidan mamnun bo‘ladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “Alloh subhanahu tavba qilmoq uchun Mag‘rib tomondan eni yetmish yillik bo‘lgan eshik qilib qo‘ydi. Uni to quyosh Mag‘ribdan chiqqungacha bekitmaydi”[3]. Tavba oson va yengil ishdir. Unda mashaqqat va harakat ko‘rsatish yo‘q. Tavba tiyilish va pushaymondan iborat. Gunoh ishlardan tiyilish, bularning o‘tmishda qilganiga pushaymon, kelgusida ularga qaytmaslikka qaror qilish bo‘ladi.

O‘tgan gunohlarga pushaymon bo‘lish, kelgusida gunohlarni tark qilish, siz uchun umringizni qadrlash va o‘tmish bilan kelgusi vaqt o‘rtasida hozir turgan vaqtingizni isloh qilishni vojib qiladi. Chunki vaqtni zoye qilib qo‘yish najotni bekor qilgandek bo‘ladi. Agar uni yuqorida zikr qilingan narsalar bilan saqlab qolinsa najot topiladi, rohat, ne’mat va lazzatga erishiladi. Inson o‘zining vujudligini fahmlay olishi zarur. Safar ozig‘ini tayyorlash va yurish uchun hozirlik ko‘rish bilan band bo‘lishi lozim. Amal mavsumi bo‘lgan ramazon oyida savobga erishish uchun harakat qilish, vaqtni boy bermaslik kerak. Har bir kishi o‘z zamoni va vaqtining qadru qiymatini bilmog‘i zarurdir. Undan birgina lahzasini ham bekorga o‘tkazmasin.

Allohga ibodat qilishda ulug‘larimizning ahvollaridan xabardor bo‘lib qo‘yishimiz zarar qilmaydi. Ularni yodga olsak, shoyadki, bizda oliyhimmatlik va ibodatga moyillik paydo bo‘lsa:

Mug‘iyra roziyallohu anhu bunday deydilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam kechasi namozda shunchalik uzoq turardilarki, hatto oyoqlari shishib ketar edi. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: Alloh taolo sizning o‘tgan va kelgusi xatolaringizni mag‘firat qilgan-ku, nega o‘zingizni bunchalar qiynaysiz?” deyishganida, u zot: “Alloh taoloning shu mehribonchiligiga shukr qiluvchi banda bo‘lmaymanmi?»  derdilar»[4].

Abu Bakr roziyallohu anhu, xossatan namozda va Qur’on qiroat qilganda ko‘p yig‘laguvchi kishi edilar.

Umar roziyallohu anhuning yuzida yig‘ining ko‘pligidan ikki qora chiziq paydo bo‘lgan edi.

Usmon roziyallohu anhu Qur’onni namozda uzoq o‘qirdi.

Ali roziyallohu anhu mehrobida yig‘lar, hatto soqoli ko‘z yoshlar bilan ho‘l bo‘lib ketardi. U: “Ey dunyo! Mendan boshqani alda, seni qaytishi yo‘q bo‘lgan uch taloq qo‘ydim”[5], der edi.

Qatoda Qur’onni doimo har haftada, Ramazonda har uch kunda xatm qilardi.

Sufyon Savriy qo‘rqqanidan yig‘lardi.

Said ibn Musayyib masjidni lozim tutgan kishi edi. Qirq yil muddat davomida jamoat bilan bir namoz ham u kishidan o‘tib ketmagan.

Ramazon oyi fursatdir. Alloh bilan savdo qiladigan oydir. Shunday ekan, solih amallarga, yaxshiliklarga, toatga shoshilaylik, Alloh tomonidan ko‘p foyda va ulkan savoblarga erishamiz.

Ramazon ish boshlovchilar yeng shimarib kirishadigan, taqvodorlar o‘z tayyorgarligini ko‘radigan, hushyor insonlar qo‘lga kiritadigan eng ulug‘ fursatdir. U qalbi salomat, a’zolari to‘g‘ri, vaqtini zararli va foydasiz ishlarda zoye qilmaydigan kishi uchun gunohlar kechirilish oyidir.  Quyida bu oy fursatlarini g‘animat bilishga, ularni solih amallar bilan obod etishga yordam beradigan ba’zi ishlarni havola qilamiz:

Ro‘za odat emas, ibodatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ramazonda iymon va ehtisob bilan ro‘za tutsa o‘tgan gunohi kechirilur”[6], dedilar. “Iymon bilan”ning ma’nosi – Allohga va U ro‘za tutgan kishilarga tayyorlab qo‘ygan narsalarga ishonib, degani, “ehtisob bilan”ning ma’nosi – Allohning savobini izlab demakdir. Ya’ni, uni ro‘za tutishga riyo, ovoza qilish, molu obro‘ talabi undamagan.

Ramazon shukri vojib bo‘lgan ne’mat. Alloh umringizni uzaytirib bu ulug‘ oyga yetib keldingiz va Alloh sizni bu ajru savoblarni kasb etishga muyassar qilib qo‘ydi. Bu shukr qilish lozim bo‘lgan eng katta ne’mat va buni berganiga Allohga hamdu sano aytish vojib.

Uyqu va uyqusizlik. Ramazon sanoqli kunlar va kuzatiladigan kechalardir. Kirib keladi, qarabsizki ketishga shay turibdi. Shuning uchun bu oyda toat-ibodatga jiddu jahd qiling. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirib, gunohlari kechirilmasdan chiqib ketgan kishining burni yerga ishqalansin”, dedilar[7].

Qur’on tilovati. Ramazon Qur’on oyidir. Bu oyda Qur’on tilovatiga g‘ayrat qiling. Shoshmasdan tartil, tadabbur va xushu’ bilan o‘qing. Imkoningiz boricha tilovat hukmlariga rioya eting.

Qiyomul-layl (kechani qoim qilish). Qiyomul-layl asosan taroveh namozi bilan bo‘ladi. Bu namozga rag‘bat qilib, imom bilan to‘liq o‘qimoq lozim. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki imomi bilan u ketguniga qadar tursa, unga kechani qoim qilgani yoziladi”[8], deganlar.

Sadaqa. Ramazon oyidagi sadaqa boshqa oylardagidan ko‘ra fazilatlidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ramazon kirsa saxovatlari oshib ketar edi. Shunday ekan, bu oyda o‘zingizda ehsonu sadaqaga shoshiling.

Ro‘zadorlarni iftorlantirish. Ro‘zadorlarni iftor qildirishga, miskin va kambag‘allarni taomlantirishga qiziqish kerak. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ro‘zadorga iftor qilib bersa, unga ro‘zadorning ajridek savob bo‘ladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas”[9],  deganlar.

Shuningdek, g‘animat bo‘lgan amallar sirasiga masjidni lozim tutish, iloji bo‘lsa ramazonda umra qilish, ramazonning oxirgi o‘n kunida g‘ayratni yanada oshirish, Qadr kechasidagi ibodatlar, zikr, duo va boshqa toat-ibodatlarni qoim qilish kiradi.

Bu g‘animat damlardan foydalanib qolshimizga Parvardigorimiz ko‘mak berishini so‘rab qolamiz!     

 

Rashidbek  ERNAZAROV,

Xorazm viloyati Bog‘ot tumani  bosh imom-xatibi 

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   48180   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari