Shunday ulug‘ kunlarda yana nimalar qila olishingiz mumkinligini o‘ylab, tafakkur qiling, albatta, sarmoyangiz juda ulug‘ bo‘ladi.
Alloh hammani imkoniyat va ko‘rinish jihatdan har xil qilib yaratgan. Kuzatib Allohning shunday mehribonligiga guvoh bo‘ldimki, hamma insonlar o‘z holatiga qarab savob amal qilish imkoniyatiga ega ekan. Biz xaqir sanagan ba’zi amallar Alloh nazdida yuqori bo‘lishi mumkin:
– Qarindosh va tanishlarimiz bilan oramizda bo‘lgan gina-kuduratlarga chek qo‘yaylik;
– Neki ezgulik qilmaylik, ikkilanishdan yiroq bo‘lsin;
– Charchog‘ingiz sabab nafl ibodatlarga ojizlik qilayotgan bo‘lsangiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga behad ko‘p salovat ayting;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Ro‘zadorning duosi rad etilmaydi” (Imom Ahmad rivoyati). Shuning uchun iftorlik paytida ko‘p-ko‘p xayrli duolarni qilishga shoshiling;
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqaning eng afzali Ramazonda berilgan sadaqadir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Kam miqdorda bo‘lsa ham Ramazon oyida baholu qudrat sadaqa qiling;
– Bu oyning fazilati va ulug‘ligiga shubha qilmagan holda qilingan har bir amal Alloh huzuriga to‘siqlarsiz boradi, inshoalloh.
Taassufki, shunday voqealarni guvohi bo‘lyapmizki, ramazon oyi ham oddiy oylarga o‘xshab bormoqda. Ba’zida ro‘za kunlarida ko‘cha-kuyda quloqqa chalingan behayo so‘zlardan teringizning bir qavati shilinib tushadigandek, go‘yo. Yana shu narsa ajablanarliki, ko‘plab yoshu-qari “men uzrliman” ro‘za tutishdan ko‘ra fidya berib qo‘ya qolay, arzon ekan-ku? degan gaplarni guvohi bo‘lyapmiz. Axir fidya qoidasi, qodir bo‘la turib ro‘za tutmaganlar uchun emas-ku? Ozgina nafsimizning qiyinchiligi deb, oxiratga sarmoya bo‘ladigan savobli amallardan osonlikcha yuz o‘girmaylik. Axir bu ulug‘ kunlar shukuhi va tarovati boshqa qaytib kelmaydi.
Soliha HUSNIDDIN qizi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.
Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.
Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.
Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.
Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.
Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.
Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.