Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.
Tilning ham o‘ziga xos ro‘zasi bor. Uni bilgan inson lag‘vdan saqlanadi, uzoq bo‘ladi. Til ro‘zasi Ramazon oyida bo‘lgani singari boshqa oylarda ham bo‘lishi zarurdir. Tilga Ramazon oyida ta’lim-tarbiya berib, dunyo-oxiratga manfaatli, hayotga foydali narsalarni gapirishga o‘rgatiladi. O‘z o‘rnida so‘zlab, o‘z o‘rnida jim turish, vaqtida sukut saqlashga odatlantiriladi.
Tilninig zarari buyuk, xatari ulkandir. Til vahshiy yirtqichdek jarohatlaydi, ilondek zaharlaydi, olovdek yondiradi. Qilich bilan berilgan jarohat shifo topishi mumkin, tilning jarohatiga davo yo‘qdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) o‘z tillariga: “Ey til, yaxshilikni so‘zlab, uni g‘animat bil. Yomon so‘zda sukut qil, salomat bo‘lasan”, degan ekanlar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim ikki jag‘i va ikki soni orasidagi narsaga kafil bo‘lsa, uni jannatga kirishiga men kafil bo‘laman”, dedilar. Alloh taolo g‘iybatdan, chaqimchilik, yolg‘on, uyatsiz so‘zlar, lag‘v va harom so‘zlardan tilini tiygan mo‘minga rahmatini yog‘dirsin.
Salafi solih ulamolar Qur’on va sunnat bilan odob berardilar. Ularning so‘zlari muloyim, nutqlari zikr, nazarlari ibrat, jim turishlari tafakkur edi. Inson Qahhor sifatli Rabga duch kelishdan qo‘rqsa, tilini zikr va shukrga ishlatib, behayo, uyatsiz, axloqsiz va lag‘v so‘zlardan tiyadi. Shuning uchun Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu): “Yer yuzida saqlash zarur bo‘lgan narsa tildir”, degan. Taqvodor zotlar gapirmoqchi bo‘lsalar, so‘zlari ortidan keladigan mashaqqat va natijasini o‘ylab sukut saqlab turaverganlar. Boshqalarga ozor berish harom. Ozor berishning turli-tuman ko‘rinishlari bor. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lsa, u komil mo‘mindir”, dedilar (Imom Muslim). Bu hadisdan inson kamolotga yetishi uchun til, qo‘l va barcha a’zolar bilan ozor berishdan saqlanishi lozimligi tushuniladi. Boshqa a’zolarga nisbatan til orqali g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik, tilyog‘lamalik, masxara, so‘kish, behayo so‘zlar, sirni ochish kabi gunohlar va ozorlar ko‘p sodir bo‘ladi. Shuninig uchun hadisda til zikr qilingan. Ba’zida uning xataridan jim turish bilangina najot topish mumkin.
Tilning ro‘zasi yomon, zararli gaplardan tiyilishi, jim turishidir. Inson jim turish bilan halokatdan saqlanish bilan bir qatorda ajr-savoblarga ham ega bo‘ladi. Manbalarda jim tura olish insonga berilgan najot topish omilidir, deyiladi. Inson hayotida jim turish bilan dunyo va oxirat saodatiga erishishi mumkin. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jim turish hikmatdir. Jim turuvchilar esa juda kamdir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy). Boshqa bir hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim jim tursa, najot topadi”, dedilar” (Imom Termiziy).
Ulamolar aytadi: “Tinglash vaqtida jim turish fazilat, sinov kelganida jim turish sabrdir, deyilgan”. Bishr ibn Horis Hofiy aytadi: “So‘zlovchi jim turuvchidan ko‘ra taqvoli bo‘lolmaydi. O‘z o‘rnida so‘zlab, o‘z o‘rnida sukut qilgan olimgina undan afzal bo‘lishi mumkin”. Sahl ibn Abdulloh: “Alloh taoloni tanuvchilar ilmli bo‘lsalar ham jim turadilar va izn bilan gapiradilar. Shuning uchun ularda lag‘v bo‘lmaydi”, deydi. Donishmandlar: “Inson so‘zlashni o‘rganishiga ikki yil kifoya qilsa, jim turishni o‘rganishiga ellik yil kerak bo‘ladi”, deydi.
Barcha sunnatlar qatorida o‘z o‘rnida sukut saqlay bilishga ham odatlanmog‘imiz lozim. Bunga erishishning oson yo‘li ro‘za tutishdir. Yeb-ichishdan saqlanish bilan bir qatorda ko‘zni nomahramdan, quloqni g‘iybatdan va barcha a’zolarni gunohdan tiyish, xususan, tilni bo‘hton, chaqimchilik, mazah qilish kabi ma’siyatlardan tiyish ro‘zaning savobini mukammal qiladi. Ushbu Ramazon oyi mazkur amallarni bajarib jim turishni o‘z odatimizga aylantirib olishimizga qulay fursatdir. Ey ro‘zadorlar, tillaringizni zikr bilan namlang. Unga taqvoni o‘rgating va gunohlardan poklang. Ey Rabbimiz, bizga to‘g‘ri so‘zlovchi til, salomat qalb va chiroyli xulq bergin! Ramazon oyida barchamizning maqsadlarimiz hosil bo‘lsin.
Bahriddin PARPIYEV
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati