Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Ro‘zani buzadigan va buzmaydigan holatlar

23.05.2018   48221   6 min.
Ro‘zani buzadigan va buzmaydigan holatlar

Ro‘zani buzuvchi holatlar:

Banda quyidagi ishlarni o‘z xohishi bilan amalga oshirsa, uning ro‘zasi buziladi va unga ro‘zaning qazosini tutib, kafforatni o‘tash vojib bo‘ladi:

– ozuqa yoki darmon bo‘luvchi biror narsa yeyish yoki ichish. g‘iybat qilgandan keyin yoki qon oldirgach, ro‘zam ochildi, deb biror narsa yeyish ham shunga kiradi;

– jinsiy aloqa qilish. Ya’ni, bunday holatda maniy to‘kilishi yoki to‘kilmasligining farqi yo‘q. Erkak jinsiy a’zosining bosh qismi ikkinchi tarafning old yoki orqa yo‘liga kirsa ikkisiga ham qazo va kafforat vojib bo‘ladi. Garchi ayol erkak tarafidan majburlansa ham, unga kafforat vojib bo‘ladi;

– xotinini shahvat bilan ushlagandan, qon oldirgandan, birovni g‘iybat qilgandan yoki mo‘ylabiga yog‘ surtganidan keyin, “ro‘zam ochilib ketdi”, degan xayolga borib, biror narsa yeyish yoki ichish (agar bir olim odam unga: “Ro‘zang ochilibdi”, deb fatvo bersa, u faqat ro‘zaning qazosini tutadi, kafforat vojib bo‘lmaydi);

– og‘ziga tushgan yomg‘ir tomchisini yutish;

– xom go‘sht bo‘lsa ham yeyish. Illo ozuqalik belgisi yo‘qolgan aynigan go‘shtni yegan bandaning ro‘zasi buziladi, ammo unga kafforat vojib bo‘lmaydi;

– mol charvisi yog‘ini yeyish;

– qovurilgan go‘sht yeyish;

– bo‘g‘doy donini chaynab yutish. Ammo bir dona bo‘g‘doy erib ketgunicha chaynalsa va tomoqdan erigan holda o‘tsa, ro‘za buzilmaydi, kafforat ham vojib bo‘lmaydi;

– bo‘g‘doy va kunjut kabilarni bir necha donadan yeyish;

– armaniy tuproq, oddiy tuproq yoki kesak yeyish;

– tuz yeyish;

– xotini yoki boshqa bir odamning tupugini yutish.

Shu yerda bir muhim narsani eslatib o‘tamiz. Kafforat faqat Ramazon ro‘zasini uzrsiz ochganlar uchun tayin qilingan. Boshqa turdagi ro‘zalarni ochib yuborganlar faqat ro‘zaning qazosini tutadilar, kafforat ularga vojib bo‘lmaydi. Kafforat Ramazon oyi ro‘zasining hurmatidan shari’atga joriy qilingan. Sababi bu ulug‘ oyda tutiladigan ro‘zaning qadri va o‘rni buyuk.

Quyidagi holatlarda bandaning ro‘zasi ochilib, Ramazon ro‘zasining qazosini tutish vojib bo‘ladi, kafforat uning zimmasidan soqit bo‘ladi:

– oziq sanalmaydigan va odam odatda uni yemaydigan narsalarni tanovul qilish. Masalan, xom guruch, xamir, ko‘p miqdorda tuz yeyish, pishmagan meva yeyish, tishlar orasida qolgan no‘xatdan katta narsani yeyish, paxta, qog‘oz, teri, tosh, tanga kabi narsalarni yesa;

– ovqat yoki dori-darmonning shar’iy uzr – bemorlik, safar yoki majburlash, xato, e’tiborsizlik hamda shubha sababidan tanovul qilsa,

– o‘z ixtiyori bilan ichiga tutun kirgizsa;

– orqa teshikdan, burun yoki ayolning oldidan ichiga suv kiritilsa;

– bir odam majburlash yoki aldov yo‘li bilan ro‘zani ochirib yuborsa;

– “saharlik vaqti hali chiqqani yo‘q”, degan gumon bilan yeb-ichishda davom etsa va borib qaraganda saharlik vaqti chiqqan bo‘lsa, shuningdek, “iftor vaqti bo‘ldi”, deb o‘ylab, og‘zini ochganidan keyin hali iftor vaqti bo‘lmagani ma’lum qilinsa;

– qasddan og‘zi to‘la qussa ham qazo tutadi. Agar ro‘zadorligi esidan chiqib, og‘zi to‘lmasdan taom emas balg‘am qussa, ro‘za ochilmaydi;

– tahoratda og‘iz chayayotganida xato bilan suv yutib yuborsa,

– bir kishi kechasi saharlikdan oldin niyat qilolmadi, kunduzi niyat qildi. Keyin “ro‘zam to‘g‘ri bo‘larmikan”, degan shubha bilan taom yesa, yoki ichimlik ichsa, qazosini tutib beradi.

Quyidagi holatlarda bandaning ro‘zasi buzilmaydi:
– ro‘zador ekanini unutib, taom yeyish yoki ichimlik ichish. Banda ro‘za tutgani esidan chiqib, biron narsa yesa yoki ichsa, eslagan zahoti chaynashdan to‘xtab, og‘zidagi luqmani chiqarib tashlashi lozim. Agar ro‘zadorligi esiga tushganda ham chaynashda davom etsa yoki luqmani yutib yuborsa, unga kafforat vojib bo‘ladi. Ro‘zadorligini unutib jinsiy aloqa qilishning hukmi ham shunday;
– erkak yoki ayolning shahvat qo‘zg‘aydigan joyiga tikilib qarash sababli shahvat suvi chiqishi;
– shahvat qo‘zg‘aydigan narsalarni o‘ylash natijasida shahvat suvi chiqishi (yuqorida sanalgan ishlar ro‘za paytida nojoiz bo‘lsa-da, ro‘za ochilmaydi);
– ro‘zani buzishga niyat qilib buzmaslik;
– sochga yog‘ surtish;
– surma qo‘yish yoki ko‘zga rang surtish (surtilgan narsaning ta’mi bilinsa ham zarari yo‘q);
– qon oldirish;
– misvok ishlatish;
– og‘iz va burunnig tahorat va g‘uslda ohista chayish (agar qattiq chayish oqibatida ichga suv ketib qolsa, ro‘zaning qazosi tutiladi);
– g‘iybat qilish;
– beixtiyor tutun yutish (ammo ro‘zadorligini bila turib, xushbo‘y narsalarni hidlasa, ro‘za ochiladi);
– tegirmonda ishlaydigan kishining tomog‘idan un chang holida o‘tishi;
– tomoqdan pashsha yoki chivin kabilar o‘tishi;
– ertalab ehtilom holida turish. Bunda ehtiyotkorlik bilan g‘usl qilib olinadi.

Aslida bunday holatda shomgacha junub holda yurish ro‘zaga xalal bermaydi;
– quloqdan suv kirishi;
– burun suvini ichga yutish;
– tishlar orasidagi no‘xatdan kichik narsani yutish;
– tish oldirirganda ichga qon yoki dori ketib qolmasa ro‘za ochilmaydi.
– og‘izga sedana va kunjut kabi mayda narsalarni solib, mazasi ketgunicha yutmasdan chaynaganda ham ro‘za ochilmaydi.

 

 

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisi

Turg‘unov Asadulloh

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Videolar

Diniy sohadagi islohotlarning yangi bosqichi

22.04.2025   4802   1 min.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

VIDEO