Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Rahmatulloh domla Fayzullayev: Terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi

1.06.2023   611   6 min.
Rahmatulloh domla Fayzullayev: Terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi

Hammaga ma'lumki, bugungi kunda ekstremizm va terrorizm nafaqat alohida mamlakatlarning milliy xavfsizligiga, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid solayotgan omilga aylanib ulgurdi. Bu esa har qanday yurt tinchligi va millat taqjiriga mas'ul bo'lgan kishilarni befarq qoldirmasligi aniq. Qonunga ko'ra, terrorizm bu – siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sog'lig'iga xavf tug'diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy ob'ektlarning yo'q qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur etkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko'zlab ig'vogarliklar qilishga, aholini qo'rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, zo'rlik va zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish yoki boshqa yo'l bilan amalga oshiriladigan jinoiy qilmish, hisoblanadi. Terrorizm­ni biror millat yoki dinga nisbat berish mutlaqo noto'g'ri. Zero, terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi. U kimning va nimaning nomidan sodir etilishidan qat'i nazar, bunday buz­g'unchilikni amalga oshiruvchi shaxs qonunga muvofiq jazolanadi.

Terrorizm kishilar, jamoatlar yoki davlatlarning dini, joni, ongi, moli, nomusiga buzg'unchilik bilan dushmanlik qilishdir. Uning doirasiga qo'rqitish, aziyat etkazish, tahdid qilish, nohaq o'ldirish, mol-mulkni tortib olish, yo'lto'sarlik, zo'ravonlik, tahdidning barcha turlari bilan yakka yoki jamoaviy tarzda jinoiy rejani amalga oshirish kiradi. Ushbu harakatlarning maqsadi kishilar orasida qo'rquv, tahlika solish, aziyat etkazib qo'rqitish yoki boshqalarning hayoti, erkinliklari va mol-mulkini xavf-xatarga qo'yishdir. Bularning barchasi buzg'unchilik qilish bo'lib, Alloh Qur'oni karimda musulmonlarni bu ishdan qaytargan. Aqidaparastlik, buzg'unchilik bugungi kunda paydo bo'lgan dolzarb masalalar emas, bu muammoga nisbatan buyuk allomalar ham ko'p murojaat etib, ularning salbiy oqibatlariga huquqiy va fiqhiy jihatdan baho bergan.

Qayd etish joizki, turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar Markaziy Osiyo respublikalaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan faoliyatini ham hanuz davom ettirayotgani achinarli hol.

Islom dinini o'zlariga niqob qilib olgan ayrim guruhlar va toifalar dindan foydalanib, g'araz maqsadlarni ko'zlagan holda, jamiyatda buzg'unchilik, begunoh odamlarning qoni to'kilishi kabi salbiy holatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq va dindorlar o'rtasida nizo chiqarishga, nifoq solishga harakat qilmoqda. O'zlarini «Islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa» deb e'lon qilgan holda, begunoh fuqarolarning o'limiga sabab bo'lmoqda. Eng yomoni, ular o'z xatti-harakatlarini asoslash uchun har bir musulmon uchun muqaddas bo'lgan Qur'oni Karim va Hadisi sharifni o'zlarining g'araz maqsadlariga moslab tafsir va ta'vil qilib, musulmonlar o'rtasida nifoq chiqarishga urinmoqda.

 Vaholanki, Islom dini har qanday og'ir sha­roitda ham ekstremizm va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta'limotiga ko'ra, nohaq qon to'kish eng og'ir gunoh hisoblanib, buning jazosi ham og'ir ekani ma'lum. Hozirgi kunda terrorizm, ekstremizm, diniy aqidaparastlik, mutaassiblik kabi illatlar tinchlik-osoyishtalikka raxna solmoqda.

Afsuslik bilan bo'lsada, aytish o'rinliki, yurtimiz O'zbekiston terrorizm tahdidlari va uning zararli oqibatlarini o'z boshidan kechirgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shu tufayli ham yurtimizda ushbu illatlarga qarshi kurashish, uning oldini olish bo'yicha jahon hamjamiyatiga namuna bo'la oladigan darajada o'ziga xos taj­riba shakllangan. Qolaversa, yurtimiz va  islom dini tarixiga salmoqli hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma'naviy-ma'rifiy meros nafaqat islom olamida, balki butun jahonda alohida e'tiborga loyiqligi e'tirof etilgan haqiqatdir. Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida tobora keskinlashib borayotgan qonli mojaro va ziddiyatlar, terrorizm va ekstremizm xavfi bizdan doimiy ogoh va hushyor bo'lishni talab etmoqda.

Aqidaparastlar sodir etayotgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilar ekan, jamoatchilikni, rasmiy imom xatiblarni va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarini qoralash maqsadida inson huquqlari poymol etilayotir, vijdon erkinligi ta'minlanmayotir va bizni qiynoqqa solishyapti, degan turli fis­qu fasodlarni tarqatishmoqda. Bu tuhmatlar, albatta, noto'g'ri ekanligi o'z isbotini topayotganiga qaramay, bu bo'htonlarni chetdan turib uyushtirayotgan va qo'llab-quvvatlayotganlar ham bor.

Mazkur holatlarni e'tiborga olgan holda, hozirgi kunda islom dunyosining barcha olimu ulamolari hamkorlikda muqaddas dinimizning sof ta'limotini asl holda asrab-­avaylash, uning ahkomlarini buzib ko'rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma'rifiy usullar bilan kurashishni yanada faollashtirishni zaruriy ishlardan deb hisob­laydi.

Mutaassiblikni ko'pincha din bilan bog'lash va terrordan foydalanib hamda musulmonlar uchun muqaddas bo'lgan islom niqobi ostida o'zining dahshatli ishlarini amalga oshirayotgan, mohiyatan, mintaqada vaziyatni beqarorlashtirayotgan bir qator tashkilotlar faoliyati bilan bog'liq voqealarga e'tibor qaratgan holda, dinshunos olim, jamoat arbobi Ali Apsheronining fikr­larini keltirish o'rinlidir. «Islom, – deb yozadi u, – o'ta ketgan mutaassib inqilobchilarga muhtoj emas, aksincha, u chuqur va samimiy e'tiqodga ega bo'lgan, boshqacha fikrlovchi, boshqa tilda so'zlaydigan yoki boshqa dinga e'tiqod qiladigan kishilarga nisbatan bag'rikenglik va ochiqlik xos bo'lgan taqvodor va xudojo'y kishilarga muhtojdir».

 Hulosa qilib aytganda, terrorizm illatiga qarshi kurashishda zamonaviy huquq manbalaridan tashqari, muqaddas dinimizning asosi hisob­langan Qur'oni karim va hadisi sharif hamda buyuk ajdodlarimizning tavsiyalariga amal qilsak, yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni ta'minlashga o'zimizning munosib hissamizni qo'shgan bo'lamiz.

Rahmatulloh Fayzullayev,
Marg'ilon shahar "Robiya hoji ona" masjid imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

100 dan ziyod oilaning holidan xabar olindi

17.01.2025   7428   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati