Hammaga ma'lumki, bugungi kunda ekstremizm va terrorizm nafaqat alohida mamlakatlarning milliy xavfsizligiga, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid solayotgan omilga aylanib ulgurdi. Bu esa har qanday yurt tinchligi va millat taqjiriga mas'ul bo'lgan kishilarni befarq qoldirmasligi aniq. Qonunga ko'ra, terrorizm bu – siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sog'lig'iga xavf tug'diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy ob'ektlarning yo'q qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur etkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko'zlab ig'vogarliklar qilishga, aholini qo'rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, zo'rlik va zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish yoki boshqa yo'l bilan amalga oshiriladigan jinoiy qilmish, hisoblanadi. Terrorizmni biror millat yoki dinga nisbat berish mutlaqo noto'g'ri. Zero, terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi. U kimning va nimaning nomidan sodir etilishidan qat'i nazar, bunday buzg'unchilikni amalga oshiruvchi shaxs qonunga muvofiq jazolanadi.
Terrorizm kishilar, jamoatlar yoki davlatlarning dini, joni, ongi, moli, nomusiga buzg'unchilik bilan dushmanlik qilishdir. Uning doirasiga qo'rqitish, aziyat etkazish, tahdid qilish, nohaq o'ldirish, mol-mulkni tortib olish, yo'lto'sarlik, zo'ravonlik, tahdidning barcha turlari bilan yakka yoki jamoaviy tarzda jinoiy rejani amalga oshirish kiradi. Ushbu harakatlarning maqsadi kishilar orasida qo'rquv, tahlika solish, aziyat etkazib qo'rqitish yoki boshqalarning hayoti, erkinliklari va mol-mulkini xavf-xatarga qo'yishdir. Bularning barchasi buzg'unchilik qilish bo'lib, Alloh Qur'oni karimda musulmonlarni bu ishdan qaytargan. Aqidaparastlik, buzg'unchilik bugungi kunda paydo bo'lgan dolzarb masalalar emas, bu muammoga nisbatan buyuk allomalar ham ko'p murojaat etib, ularning salbiy oqibatlariga huquqiy va fiqhiy jihatdan baho bergan.
Qayd etish joizki, turli ekstremistik va terroristik tashkilotlar Markaziy Osiyo respublikalaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan faoliyatini ham hanuz davom ettirayotgani achinarli hol.
Islom dinini o'zlariga niqob qilib olgan ayrim guruhlar va toifalar dindan foydalanib, g'araz maqsadlarni ko'zlagan holda, jamiyatda buzg'unchilik, begunoh odamlarning qoni to'kilishi kabi salbiy holatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq va dindorlar o'rtasida nizo chiqarishga, nifoq solishga harakat qilmoqda. O'zlarini «Islom dini va musulmonlarni himoya qiluvchi xaloskor firqa» deb e'lon qilgan holda, begunoh fuqarolarning o'limiga sabab bo'lmoqda. Eng yomoni, ular o'z xatti-harakatlarini asoslash uchun har bir musulmon uchun muqaddas bo'lgan Qur'oni Karim va Hadisi sharifni o'zlarining g'araz maqsadlariga moslab tafsir va ta'vil qilib, musulmonlar o'rtasida nifoq chiqarishga urinmoqda.
Vaholanki, Islom dini har qanday og'ir sharoitda ham ekstremizm va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta'limotiga ko'ra, nohaq qon to'kish eng og'ir gunoh hisoblanib, buning jazosi ham og'ir ekani ma'lum. Hozirgi kunda terrorizm, ekstremizm, diniy aqidaparastlik, mutaassiblik kabi illatlar tinchlik-osoyishtalikka raxna solmoqda.
Afsuslik bilan bo'lsada, aytish o'rinliki, yurtimiz O'zbekiston terrorizm tahdidlari va uning zararli oqibatlarini o'z boshidan kechirgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shu tufayli ham yurtimizda ushbu illatlarga qarshi kurashish, uning oldini olish bo'yicha jahon hamjamiyatiga namuna bo'la oladigan darajada o'ziga xos tajriba shakllangan. Qolaversa, yurtimiz va islom dini tarixiga salmoqli hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma'naviy-ma'rifiy meros nafaqat islom olamida, balki butun jahonda alohida e'tiborga loyiqligi e'tirof etilgan haqiqatdir. Bugungi kunda dunyoning ayrim mintaqalarida tobora keskinlashib borayotgan qonli mojaro va ziddiyatlar, terrorizm va ekstremizm xavfi bizdan doimiy ogoh va hushyor bo'lishni talab etmoqda.
Aqidaparastlar sodir etayotgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilar ekan, jamoatchilikni, rasmiy imom xatiblarni va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarini qoralash maqsadida inson huquqlari poymol etilayotir, vijdon erkinligi ta'minlanmayotir va bizni qiynoqqa solishyapti, degan turli fisqu fasodlarni tarqatishmoqda. Bu tuhmatlar, albatta, noto'g'ri ekanligi o'z isbotini topayotganiga qaramay, bu bo'htonlarni chetdan turib uyushtirayotgan va qo'llab-quvvatlayotganlar ham bor.
Mazkur holatlarni e'tiborga olgan holda, hozirgi kunda islom dunyosining barcha olimu ulamolari hamkorlikda muqaddas dinimizning sof ta'limotini asl holda asrab-avaylash, uning ahkomlarini buzib ko'rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma'rifiy usullar bilan kurashishni yanada faollashtirishni zaruriy ishlardan deb hisoblaydi.
Mutaassiblikni ko'pincha din bilan bog'lash va terrordan foydalanib hamda musulmonlar uchun muqaddas bo'lgan islom niqobi ostida o'zining dahshatli ishlarini amalga oshirayotgan, mohiyatan, mintaqada vaziyatni beqarorlashtirayotgan bir qator tashkilotlar faoliyati bilan bog'liq voqealarga e'tibor qaratgan holda, dinshunos olim, jamoat arbobi Ali Apsheronining fikrlarini keltirish o'rinlidir. «Islom, – deb yozadi u, – o'ta ketgan mutaassib inqilobchilarga muhtoj emas, aksincha, u chuqur va samimiy e'tiqodga ega bo'lgan, boshqacha fikrlovchi, boshqa tilda so'zlaydigan yoki boshqa dinga e'tiqod qiladigan kishilarga nisbatan bag'rikenglik va ochiqlik xos bo'lgan taqvodor va xudojo'y kishilarga muhtojdir».
Hulosa qilib aytganda, terrorizm illatiga qarshi kurashishda zamonaviy huquq manbalaridan tashqari, muqaddas dinimizning asosi hisoblangan Qur'oni karim va hadisi sharif hamda buyuk ajdodlarimizning tavsiyalariga amal qilsak, yurtimizda tinchlik-xotirjamlikni ta'minlashga o'zimizning munosib hissamizni qo'shgan bo'lamiz.
Rahmatulloh Fayzullayev,
Marg'ilon shahar "Robiya hoji ona" masjid imom-xatibi
Har birimiz hayotda muvaffaqiyat qozonish istagida bo‘lamiz-u, lekin unga yetisha olmaymiz. Buning sababi esa “muvaffaqiyat”ni yetib bo‘lmas bir ro‘yo deb o‘ylashimizdir. Aslida biz muvaffaqiyatga eltuvchi omillarga bee’tibor bo‘lamiz, natijada muvaffaqiyatsizliklarimiz ko‘payib boraveradi.
Muvaffaqiyat – bu yaxshidan yanada yaxshirog‘i tomon intilishimizdir. (Barkamollik Alloh taoloning O‘zigagina xosdir). Birortasi sizga “Hayotdagi maqsadimga erishdim” desa, bilingki, u odam qulay boshlabdi. Kishi muvaffaqiyat sari harakat qilishi zarur. Zero, Alloh azza va jalla hech bir odamning ajrini zoye qilmas. Badi’uz zamon Hamazoniy bunday deydilar:
Vojib manga tirishmog‘im, qilmoq jahd,
Shart bo‘lmag‘ay najohni idrok etmak.
Hayot bo‘stonidan muvaffaqiyat mevalarini terish ilinjidagi kishiga oid mana bu nasihatlar sizga ham asqatadi. Bu nasihatlar ikki dunyo saodatini topish uchun chaqiriqdir. Zero, oxirat diyorida kishi ochiq-oydin xusronga yuz tutar ekan, uning dunyo hayotidagi zafaridan ne naf?!
Alloh taologa taqvoni lozim tuting, shuning o‘zi xayrli oziqa va a’lo nasihatdir. Zero, Alloh taolo Taloq surasining 2–3-oyatlarida: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur...», deya marhamat qiladi va yana xuddi shu suraning 4-oyati so‘ngida ham: «...Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib beradur!» – deya taqvo qilishga amr qilgan.
Qalbingiz avval Alloh taolo va Uning Rasuliga, keyin esa ota-onangiz va atrofingizdagilarga muhabbat ila to‘lib-toshsin. Zero, muhabbat kishini yoshartiradi, umrni uzaytiradi, xotirjamlik baxsh etadi. Nafrat esa qalbni qoraytiradi. Muhabbat jarohatga malham bo‘lib xizmat qiladi hamda qalbga mehr va yaqinlik taftini soladi.
O‘zingizga bo‘lgan muhabbatingiz boshqalarga nisbatan kichikroq, ozroq bo‘lsin. Alloh taolo Hashr surasining 9-oyatida ansoriylarni maqtab: «...Va gar o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (ularni) o‘zlaridan ustun qo‘yarlar...», deya marhamat qiladi. Odamlarga yaxshilik ilinib farahmand bo‘ladigan kishilar haqiqiy baxtiyor insonlardir. Badbaxtlar esa faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Oxir-oqibatda hech qanday savobga erishmaydilar.
Qalbingizni muhabbat, bag‘rikenglik, g‘amxo‘rlik kabi tuyg‘ular bilan to‘ldirish uchun harakat qiling. Hech shak yo‘qki, badbaxtlarning qalblari hasad, g‘azab va nifoq ila limmo-lim bo‘ladi.
O‘tgan ishlarga qayg‘urmang! Noxushliklarga ko‘z yosh to‘kish foyda bermaydi. Birovlarning musibatlaridan kuladiganlar esa o‘zlariga jabr qiladilar. Ko‘zadagi to‘kilgan sutga ayyuhannos solgandan ko‘ra, uning o‘rnini qoplash payida bo‘ling. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu muborak so‘zlarini doimo yodda tuting: “Senga biror ish sodir bo‘lsa, “agar bunday qilganimda, mana bunday bo‘lardi-da” deya ko‘rma, faqatgina “Alloh taqdir qilgan ekan, O‘zi xohlagani bo‘ldi” deb
aytgin. “Agarda” shaytonga yo‘l ochib beradi”[1].
Nafsingizni yaxshi gumon qilishga o‘rgating! Zero, yaxshi gumonda bo‘ladiganlar tunda osmonga tikilib, oyning nazokatini ham ko‘ra oladilar. Badgumonlar esa samoga tashlagan nazari ortida zulmatdan boshqa narsani ko‘ra olmaydilar. Boshqalarni o‘zidan ko‘ra yaxshiroq deb o‘ylaydiganlardan bo‘ling. Yaxshilikka yo‘yuvchilar boshqalarning muhabbatiga sazovor bo‘ladilar. Badgumonlar esa o‘z atrofidagilarni go‘yo quvib-soladilar.
Haliymiy aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yaxshi gumonni xush ko‘rardilar. Chunki badgumonlik Alloh taolo xususidagi yomon o‘ylovdir. Nekgumonda bo‘lish esa Alloh taolo xususidagi yaxshi o‘ydir. Mo‘min hamma holatda ham Alloh taolo xususida yaxshi gumonda bo‘lishga ma’murdir”.
Boshqa bir hadisda Muoviya ibn Hakam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men: “Yo Allohning Rasuli, bizning oramizda shumlanadiganlar bor”, dedim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ko‘ngillariga kelgan narsa xolos. Bu narsa ularni (biron ish qilishdan) to‘smasin”, dedilar».
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.