Ezgulik va ehson, ibodat mavsumi Ramazonga yetganimiz ulug‘ bir ne’mat. Alloh taolo bu oyda gunohlardan poklanishimiz, nafslarimizni tarbiyalab, toatlarga o‘rgatishimiz uchun bizga ro‘zani farz qildi, Qur’on tilovatiga, kechalari qoim bo‘lishga, xayr-ehson qilishga undadi.
Shubhasiz, bu oyning eng ulug‘ ibodati ro‘zadir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Odam bolasining har bir (yaxshi) amali savobi o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi. Alloh taolo aytdi: “Faqat ro‘za mustasno. Albatta, u Men uchun va unga O‘zim mukofot beraman. Banda shahvati va taomini Men uchun tark qiladi”” (Imom Muslim rivoyati).
Ro‘za insonni yolg‘izlikda ham, odamlar orasida ham Alloh taoloni unutmaslikka, toatlarga sabrli bo‘lishga, doim go‘zal xulqli bo‘lishga, Alloh qaytargan narsalardan uzoq bo‘lishga o‘rgatadi.
Ramazon – tarovih oyi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oy kechalarida ibodat bilan qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar unsidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).
Ramazon – Qur’on oyi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara, 185). Ro‘zador bu oyni Qur’oni karim tilovati uchun g‘animat bilishi kerak. Qur’on ro‘zadorga shafoatchi va guvohdir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Rabbim, men uni kunduzi taomdan va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur’on: “Men uni tunda uyqudan qoldirdim, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkalovi shafoatchi qilinadi” (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Ramazon – xayru saxovat oyi. Bu oyda boshqa oylarga qaraganda ko‘proq saxovat ko‘rsatishga targ‘ib qilingan. Zero bu oyda qilingan sadaqa va ehsonlar savoblari ko‘paytirib beriladi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan vaqtlari Ramazonda – Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashganlarida bo‘lar edi. U zot Jabroil (alayhissalom) bilan Ramazonning har tunida uchrashib, Qur’onni dars qilishar edi. O‘shanda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) saxovatda esayotgan shamoldan-da tez bo‘lib ketar edilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati