Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo‘lib turganliklari sababli Ramazon oyida diniy sohada ayni ish hajmining ortishi, ko‘plab tadbirlar va xayrli loyihalarda mas’ullik yuklatilishi munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha Ergash domla Rustamov bajarib turgan edi. Bugun, 21 may kuni Toshkent shahridagi «Minor» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonovni vazifasidan ajralmagan holda Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimovning buyruqlarini o‘qib eshittirdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Davlatimiz Rahbari tomonidan joriy yil 16 fevral kuni imzolangan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ushbu oyni xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarga sodiq holda o‘tkazishda asosiy omil bo‘lmoqda.
Qutlug‘ oyning avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida soha xodimlari tomonidan yurtimizning barcha hududidagi eng og‘ir mahallalardagi kam ta’minlangan oilalar uchun iftorliklar tashkil etilib, ko‘ngli o‘ksik kishilar og‘irini yengil qilish va ko‘ngillarini shod etish ishlari boshlab yuborildi.
Joriy yilning 22 fevral kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Uchtepa tumani "Hazrat Ali" masjidi imomlari bilan birgalikda Davlatobod mahallasida istiqomat qiluvchi Husan aka Alimov xonadonda bo‘ldilar. Hovli kichik bo‘lishiga qaramy 4 ta oila ahillikda, Yaratganga shukronalikda umr kechirmoqdalar. Tashrif chog‘ida ushbu xonadon ahillariga ro‘zg‘or ashyolari va oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilindi. Shundan so‘ng xonadon egalari bilan birgalikda iftorlik dasturxonida ma’rifiy-hayotiy suhbat qilindi. Yakunda Yurtimiz va yurtdoshlarimizning haqqiga xayrli duolar qilindi.
Bunday xayriya tadbirlari mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati