Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo‘lib turganliklari sababli Ramazon oyida diniy sohada ayni ish hajmining ortishi, ko‘plab tadbirlar va xayrli loyihalarda mas’ullik yuklatilishi munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha Ergash domla Rustamov bajarib turgan edi. Bugun, 21 may kuni Toshkent shahridagi «Minor» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonovni vazifasidan ajralmagan holda Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimovning buyruqlarini o‘qib eshittirdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 3 yanvar kuni Toshkent islom institutida Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari, o‘quv-uslubiy va yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limlari boshliqlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi boshlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Oliy ma’had rektori Uyg‘un G‘afurov, Diniy idora mutaxassisi Muhammadamin Nasriyev va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Husanboy Qirg‘izov ishtirok etib, mazkur malaka oshirish kursining ahamiyati xususida so‘z yuritishdi.
Tadbirda mutasaddi vakillar malaka oshirish mashg‘ulotlari diniy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik usullarni joriy qilish, ta’lim sifatini yaxshilashga xizmat qilishi, o‘quv mashg‘ulotlari maxsus o‘quv reja va dars jadvali asosida zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda o‘tkazilishi aytib o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida, ana shunday malaka oshirish kursalari shu yil 3–7 yanvar kunlari diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilar uchun Toshkent, Buxoro va hududlardagi ta’lim muassasalarida ham o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati