Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo‘lib turganliklari sababli Ramazon oyida diniy sohada ayni ish hajmining ortishi, ko‘plab tadbirlar va xayrli loyihalarda mas’ullik yuklatilishi munosabati bilan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha Ergash domla Rustamov bajarib turgan edi. Bugun, 21 may kuni Toshkent shahridagi «Minor» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur hazratlari diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi domla Rahmonovni vazifasidan ajralmagan holda Toshkent shahar vakili, Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani to‘g‘risidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimovning buyruqlarini o‘qib eshittirdi.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.