Joriy yilning 23-25 iyun' kunlari Malayziyaning Penang shtatida "Halol" standart mahsulotlari bo'yicha XII xalqaro ko'rgazma va konferentsiya bo'lib o'tadi. Unda turli davlatlardan 20 000 ziyod soha vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Malayziyaning Penang shtati bosh vaziri Chou Kon Yu XII xalqaro ko'rgazma va konferentsiya Malayziya shimolidagi eng yirik tadbir ekanligini ma'lum qildi. U ko'rgazmaning Hitoy, Ispaniya va Chili davlatlari delegatsiyalari ishtirokida o'tkazilishini aytib, ko'rgazma yangi imkoniyatlar ochishi mumkinligini ta'kidladi.
Vazirning so'ziga ko'ra, ko'rgazma halol oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish, turizm, moda va texnologiya sohalari bo'yicha bo'lib o'tadi.
Uning so'zlariga ko'ra, Penangda halol mahsulotlarga oid xalqaro konferentsiya davlat imkoniyatlarini namoyish etish va iqtisodiy farovonlik uchun halol brendini ilgari surish uchun platforma yaratadi.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi.
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.