frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hazrat Navoiy ro‘za haqida nima deganlar?

21.05.2018   47262   4 min.
Hazrat Navoiy ro‘za haqida nima deganlar?

Hazrat Mir Alisher Navoiy islom arkonlaridan, diniy bilimlardan yetarlicha xabardor bo‘lganlarini yaxshi bilamiz. Hazratning «Sirojul-muslimin» nomli asari aynan islom ruknlariga bag‘ishlangan.

Kitobning bitilish sababida keltirilishicha, kunlarning birida bir samarqandlik rostgo‘y, bilimdon zot Hazrat Navoiyning huzuriga kelib, Xoja Ubaydulloh Ahrorning iltimosini yetkazadi. Xoja Ahror Hazrat Navoiydan islom dinidagi ruknlar, farz, sunnat va vojib amallar xususida sodda, hammaga tushunarli tilda nazmiy risola bitishni iltimos qilgan ekanlar.

Navoiyning o‘zlari ham ancha paytdan beri xuddi shu mavzuda asar bitishni rejalashtirgan ekanlar. Shu bois tez kun asar yozib bitkaziladi.

Biz qutlug‘ Ramazon oyida ushbu asardan olingan, ro‘za haqidagi parchalarni e’tiboringizga havola etamiz:

Erur to‘rtunchi (rukni) islomning savm,

Ki, o‘tgan kimsaga taqvo bila yavm.

Chu ro‘za bo‘ldi yilda bir oy,

Aning ijrosida bo‘l nafsfarmoy.

Ani bil subhdin to shom chog‘liq,

Taomu shurbu shahvatdin yirog‘liq

Taqvo bilan kun o‘tkazuvchi kimsa uchun Islomning to‘rtinchi rukni ro‘zadir. Ro‘za bir yilda bir oydir. Uni bajarish uchun inson o‘z nafsini qo‘lga olishi kerak bo‘ladi. Shuni bilki, tong otganidan to shom kirgunicha, yeyish, ichish va jinsiy yaqinlikdan uzoq bo‘lish kerak.

Erur bu ro‘zada niyat sanga farz,

Valekin necha avlo ayladim arz.

Navofilda vals niyatni qilmoq,

Sanga joiizdurur tushtin burunroq.

Ro‘zadan avval niyat qilish farzdir. Lekin imkon darajasida tushdan avvlroq niyat qilish ma’qul sanaladi.

Chibin yo pashshadek har jinsi hosil,

Emas bo‘g‘zungg‘a kirsa ro‘za botil.

Agar chivin yoki pashshadek narsalar tomoqqa kirsa ro‘za buzilmaydi.

Tuzu sirka totorg‘a ahli idrok,

Tengursa til uchun emas anga pok.

Aqli komil kishilar tuz yoki sirkani til uchi bian tatib ko‘rsalar buning ziyoni yo‘q.

Yana ulkim, hijomat qilsayu qasd,

G‘am ermas, ro‘zag‘a chun qilmamish qasd.

Yana hijoma qildirsa, ya’ni qon oldirsa bu ham ro‘zaga ziyon yetkazmaydi.

Gar o‘tmak tifl uchun chaynar anosi,

Ravodur gar yana yo‘qtur g‘izosi.

Vale bilmak keraktur ani makruh,

Kerak makruhdin xotirda anduh.

Shuningdek ona o‘z bolasiga non chaynab bersa, o‘zi yutib yubormasa, bu ham ro‘zani sindirmaydi. Lekin bu makruh sanaladi. Imkon qadar makruh amallarga yo‘l bermagan yaxshiroqdir.

Unutib gar yesang, ichsang emas g‘am,

Erur ul ro‘za boqiy, ey mukarram.

Bilmasdan yeb-ichib qo‘ysa, keyin ro‘zani davom ettirib ketaversa, bunda ham ro‘zaga zarar yetmaydi.

Shuningdek hazrat Navoiy bu bobda ro‘zaning kaffortiga ham alohida to‘xtalib o‘tganlar:

Agar beboklik oyini tuzduk,

G‘izoning g‘ayri birla ro‘za buzduk.

G‘izo yeb ro‘za ulkim, qilsa zoyil,

Va yo nafsi bo‘lib shahvatg‘a moyil.

Kafforat oltmish miskinga it’om,

Erur yo oltmish kun savmi nokom.

Agar hech narsadan andisha qilmasdan, ovqat yo boshqa narsa bilan qasdan ro‘zani sindirib qo‘ysak, yana kimdir taomlanib, shahvatini qondirib, ro‘zani buzsa, (bir kun uchun) oltmish nafar miskinni to‘ydirishi yoki oltmish kun ro‘za tutishi kerak bo‘ladi.

Kim, ul kunlarning o‘lg‘ay ittisoli,

Yo‘q ersa solim ermas ro‘za holi.

Va yo bir bandaning ko‘nglin qilib shod,

Anga Tengri yo‘linda qilmoq ozod.

Shu tariqa ro‘za tutilmay qolgan kunlarning o‘rnini to‘ldirish mumkin. Aks holda ro‘za mukammal bo‘lmaydi. Yo bo‘lmasa bir bandaning ko‘nglini shod qilib, uni qullikdan qutqarish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam!

Manba: Xabar.uz

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidenti Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi

24.08.2026   39546   1 min.
O‘zbekiston Prezidenti Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.

Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari