Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Chekish yoki sog'lom hayot – tanlov o'zingizdan!

1.06.2023   948   8 min.
Chekish yoki sog'lom hayot – tanlov o'zingizdan!

Tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish inson salomatligiga jiddiy zarar etkazadi. Ushbu oddiy haqiqat bilan hayotda qayta-qayta duch kelsak-da, dunyoda chekuvchilar tobora ortmoqda. Ayniqsa, voyaga etmagan yoshlar, xotin-qizlar orasida bu illat keng tarqalayotgani ayanchli.

Har yili 31 may – Jahon tamakisiz kuni jahon miqyosida nishonlanadi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1987 yil ta'sis etgan ushbu xalqaro sana chekishni tashlash bo'yicha global hamkorlikning eng muhim voqeasidir.

Jahon tamakisiz kunini o'tkazishdan bir necha maqsad ko'zlangan. Hususan, tamaki xavfi haqida butun dunyo bo'ylab xabardorlikni oshirish, chekishni tashlashning afzalligini targ'ib qilish, ushbu zararli odatni tark etishda amaliy yordam taklif etish, chekish bilan kurashadigan sog'liqni saqlash uyushmalari va shifoxona xizmatlarini rag'batlantirish, yoshlarni tamaki mahsulotlaridan, ayniqsa, elektron sigaret kabi yangi mahsulotdan himoya qilish shular sirasiga kiradi.

Bu yil Jahon tamakisiz kuni “Tamaki emas, oziq-ovqat etishtirish” mavzusi doirasida nishonlanmoqda. Binobarin, tamaki sanoatining atrof-muhitga zararli ta'siri, salbiy oqibati muttasil ortib bormoqda. Bu sayyoramizning shusiz ham cheklangan resurslari va kuchsizlangan ekotizimiga ortiqcha yuk bo'lmoqda.

Raqamlarga murojaat qilamiz. Sigaret ishlab chiqarish uchun bir yilda 600 million daraxt kesiladi, 22 milliard litr suv ishlatiladi, atmosferaga 84 million tonna karbonat angidrid (SO2) gazi chiqadi. Bularning bari er yuzida havo harorati yanada ko'tarilishiga sabab bo'lmoqda.

Tamaki etishtirish nafaqat qishloq xo'jaligi ishchilari, balki barchamizning sog'lig'imizga putur etkazmoqda, boz ustiga ushbu illatdan sayyoramiz beqiyos zarar ko'rmoqda. Tamaki sanoati esa tamakini boshqa ekinlar bilan almashtirishga yo'l qo'ymay, oqibatda global oziq-ovqat inqirozi kuchayishiga hissa qo'shmoqda.

Bu yilgi tamakiga qarshi kompaniya, bir tomondan, hukumatlarni tamaki ishlab chiqarishni subsidiyalashdan voz kechishga hamda tejalgan mablag'ni qishloq xo'jaligi korxonalariga oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun yo'naltirishga, ikkinchi tomondan, odamlarning ovqatlanishini yaxshilash uchun yanada barqaror ekinlarga o'tish uchun yordam berishga qaratilgan.

Chekishning zararini tamaki iste'moli tufayli yuzaga keladigan kasalliklardan ham bilish mumkin. Bu odat yurak-qon tomir, nafas olish, ovqat hazm qilish, asab, jinsiy bezlar kabi insonning muhim ichki a'zolariga zaharli ta'sir qiladi. Oqibatda miokard infarkti, xafaqon kasalligi, bronxlarning surunkali yallig'lanishi, yara va saraton singari ko'pgina xavfli kasalliklaga olib keladi.

Kashandalik 17 xil saratonga sababchi: 98 foiz qizilo'ngach yoki tomoq saratoni, 96 foiz o'pka saratoni, 30 foiz boshqa turdagi saraton kasalliklari, 75 foiz surunkali bronxit va o'pka emfizemasi, 25 foiz yurak-ishemik kasalliklari. Yurak kasalligi bilan bog'liq o'limning 20 foizi aynan tamaki iste'moli natijasida kelib chiqadi.

JSST statistikasi:

  • tamaki chekuvchilarning teng yarmi aynan shu illat tufayli o'lim topadi;
  • tamaki iste'moli bilan bog'liq kasalliklardan  har yili 8 milliondan ortiq odam vafot etadi;
  • ushbu o'lim holatlarining 7 milliondan ko'pi to'g'ridan-to'g'ri kashandalik natijasida, 1,2 millionga yaqini esa chekmaydiganlar, ya'ni passiv chekuvchilar orasida tamaki tutuni ta'siridan kelib chiqadi;
  • dunyodagi 1,3 milliard nafardan ortiq kashandaning 80 foizi past va o'rta daromadli mamlakatlarda yashaydi;
  • 2020 yil dunyo aholisining 22,3 foizi, xususan, erkaklarning 36,7 foizi va ayollarning 7,8 foizi tamaki iste'mol qilgan. Bugungi kunda ushbu raqamlar yanada ortmoqda;
  • tadqiqotlar tamaki iste'mol qiluvchilar hech qachon chekmaganlarga nisbatan 10-15 yil kam yashashini ko'rsatgan.

Ta'kidlash joiz, tamakining salbiy ta'siri oldini olishga urinish elektron sigaret keng tarqalishiga olib keldi. Elektron sigaret nima o'zi?

Elektron sigaret – chilim, bug' generatori, vaporayzer yoki vayp singari tamaki o'rniga maxsus suyuqlik kartrijidan foydalanadigan chekish moslamasi.

Chekishning ushbu yangi shakli ko'pincha o'smirlar, yoshlar tomonidan ma'qul ko'rilmoqda. Bunga asosiy sabab esa elektron sigaretning dizayni, ixcham o'lchami va shaklidir. Qolaversa, turli yoqimli hid va ta'm chekish holatini yashirish imkonini beradi. Ota-ona, hatto, farzandi elektron sigaret iste'mol qilayotganini payqamasligi ham mumkin.

JSST ekspertlari va boshqa ko'plab mutaxassislar o'z tadqiqotlarida bunday turdagi elektron chekish vositasining zararli oqibati ayonligini isbotlamoqda. Shu sababli elektron chekish vositalari tarqalishining oldini olish ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Dunyo bo'ylab 800 millionga yaqin odam chekishni tashlashni xohlaydi. Binobarin, bu unchalik oson ish emasdek, go'yo. Chekish kuchli jismoniy va ruhiy qaramlikni keltirib chiqaradi.

Mutaxassislar fikricha, inson tamaki iste'mol qilishdan voz kechganda uning tanasida quyidagi jarayonlar yuz beradi:

  • oxirgi iste'mol qilingan sigaretdan atigi 20 daqiqa o'tgach, yurak urishi sekinlashadi;
  • 12 soat ichida qondagi uglerod oksidi miqdori me'yoriy darajagacha tushadi;
  • 2-12 hafta ichida qon aylanishi va o'pka faoliyati yaxshilanadi;
  • 1-9 oy ichida yo'tal va nafas qisishi asta-sekin yo'qoladi;
  • 5-15 yil o'tgach, insul't xavfi chekmaydigan odamdagi darajagacha kamayadi;
  • 10 yil ichida o'pka saratoni rivojlanish xavfi, taxminan, ikki barobar pasayadi;
  • 15 yil ichida yurak xastaligining rivojlanish ehtimoli chekmaydiganlar darajasiga qadar tushadi.

Insonning salomatlikka nisbatan huquqini ta'minlash maqsadida barcha davlatlar tamaki mahsulotlari uchun soliqni oshirish, jamoat joyida tamaki iste'molini cheklash va reklamasini taqiqlash kabi zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Yaqindagina davlatimiz rahbari “Alkogol' va tamaki mahsulotlari tarqatilishi hamda iste'mol qilinishini cheklash to'g'risida”gi Qonunni imzoladi. Ushbu qonunga ko'ra, jamoat joyida tamaki mahsuloti, elektron sigaret va chilim iste'mol qilish taqiqlanadi. Ya'ni, tamaki mahsulotini faqat ochiq havoda, binodan tashqarida chekish mumkin. Chilim yoki tamaki mahsuloti iste'mol qilishga mo'ljallangan bino va inshoot esa maxsus ventilyatsiya tizimi bilan jihozlangan bo'lishi kerak.

Qonunga binoan, tamaki mahsuloti 21 yoshga to'lmagan shaxslarga va ular tomonidan, bolalarga mo'ljallangan mahsulotlar sotiladigan xonalarda sog'liqni saqlash, ta'lim, madaniyat, sport inshooti, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasa hududlarida, ta'lim, sport va diniy tashkilotdan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo ob'ektida, donalab yoki ochilgan holda sotilishi mumkin emas.

Bir so'z bilan aytganda, sog'ligimiz – Yaratganning bizga ato etgan ulug' ne'mati. Shu bebaho boylikni asrash uchun tamakidan voz kechaylik. Biz chekadigan tamaki tutuni nafaqat o'zimiz, balki atrofimizdagi insonlar, ayniqsa, farzandlarimiz salomatligiga jiddiy xavf tug'dirishini esdan chiqarmaylik.

Rustam Atovulloyev,

Inson huquqlari bo'yicha

O'zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bosh yuriskonsul'ti

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Imom Muslimdan hadis rivoyat qilgan roviylar

20.01.2025   2837   4 min.
Imom Muslimdan hadis rivoyat qilgan roviylar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

1. Ali ibn Hasan ibn Abu Iso Hiloliy (yoshlari imom Muslimdan katta)
2. Muhammad ibn Abdulvahhob Farro (shayxlaridan). Ammo Farrodan «Sahih»larida hadis rivoyat qilmaganlar.
3. Husayn ibn Muhammad Qabboniy
4. Abu Bakr Muhammad ibn Nazr ibn Salama Jorudiy
5. Ali ibn Husayn ibn Junayd Roziy
6. Solih ibn Muhammad Jazara
7. Abu Iso Termiziy («Jome’i Termiziy»da)
8. Ahmad ibn Muborak Mustamliy
9. Qozi Abdulloh ibn Yahyo Saraxsiy
10. Abu Sa’id Hotim ibn Ahmad ibn Mahmud Kindiy Buxoriy
11. Ibrohim ibn Is'hoq Sayrafiy
12. Saboqdosh do‘stlari Ibrohim ibn Abu Tolib
13. Ibrohim ibn Muhammad ibn Hamza
14. Faqih Ibrohim ibn Muhammad ibn Sufyon («Sahihi Muslim»ning roviylaridan)
15. Abu Amr Ahmad ibn Nasr Xaffof
16. Zakariyo ibn Dovud Xaffof
17. Abdulloh ibn Ahmad ibn Abdusalom Xaffof
18. Hofiz Abu Ali Abdulloh ibn Mahammad ibn Ali Balxiy
19. Abdurrahmon ibn Abu Hotim
20. Ali ibn Ismoil Saffor
21. Abu Homid Ahmad ibn Hamdun A’mashiy
22. Abu Homid Ahmad ibn Muhammad ibn Sharqiy
23. Abu Homid Ahmad ibn Ali ibn Hasnavayh Muqriy (zaif roviylardan)
24. Hofiz Ahmad ibn Salama
25. Sa’id ibn Amr Barza’iy
26. Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Sharqiy
27. Fazl ibn Muhammad Balxiy
28. Abu Bakr ibn Xuzayma
29. Abul Abbos Sarroj
30. Muhammad ibn Abd ibn Humayd
31. Muhammad ibn Maxlad Attor
32. Makkiy ibn Abdon
33. Yahyo ibn Muhammad ibn So’id
34. Hofiz Abu Avona
35. Hofiz Nasr ibn Ahmad ibn Nasr.

Abu Amr Mustamliy aytganlar: «Bizga Is'hoq Kavsaj 251 yilda hadis yozdirdilar. Muslim tanlab yozardilar, men esa aytganlarini yozardim va davom etaverishlarini so‘rardim. Shunda Is'hoq Kavsaj Muslimga: «Siz musulmonlar orasida ekansiz, yaxshilik doim biz bilan birga», – dedilar».

Termiziy «Jome’»larida imom Muslimdan bittagina hadis rivoyat qilganlar («Ramazon boshlanishini bilish uchun sha’bonda oyni kuzatinglar»).[1]

Abul Qosim ibn Asokirga Abu Nasr Yunortiy shunday deganlar: «Menga Solih ibn Abu Solih daraxt po‘stlog‘iga yozilgan bir varaqni berdilar. Unda imom Muslim dastxatlari bilan Valid ibn Muslimdan eshitib yozib olgan hadislar bitilgan ekan».

Bu sanadi uzilgan, ishonchiz ma’lumot.

Ahmad ibn Salama aytganlar: «Abu Zur’a va Abu Hotimning sahih hadislarni bilishda imom Muslimni zamonalarining shayxlaridan ustun qo‘yishlarini ko‘rdim. Husayn ibn Mansurdan eshitishimcha, u kishi Is'hoq ibn Rohavayhning imom Muslim to‘g‘rilarida gapira turib, forscha bir so‘z aytganlarini eshitganlar. Uning ma’nosi – shu qadar ulug‘ inson bo‘lar ekan-da?!».

Ahmad ibn Salama aytganlar: «Muslim bir ilm majlisiga taklif etildilar. Unda bu kishi bilmaydigan bir hadis zikr qilindi. Uylariga borib, chiroqni yoqdilar-da, oila ahliga: «Huzurimga hech kim kirmasin», – dedilar. Bir payt: «Bizga bir savat xurmo hadya qilindi», – deyishdi. «Olib kiringlar», – dedilar. Xurmoni kiritishdi. Tong otguncha undan bitta-bittadan olib, o‘sha hadisni qidirishga tushdilar. Xurmo ham tugadi, hadis ham topildi».

Bu voqeani Abu Abdulloh Hokim ham rivoyat qilib: «Ishonchli do‘stlarimizdan birining aytishicha, o‘shandan keyin imom Muslim vafot etibdilar», – deganlar.

«Mashhur daholar siyrati» kitobidan

[1] 687-hadis.