frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazon ro‘zasining fazilati

20.05.2018   48474   19 min.
Ramazon ro‘zasining  fazilati

Ramazon ro‘zasining farzligi haqida yetarli ma’lumot olmaguncha kishi tutayotgan ro‘zasining ahamiyatini anglab yetishi qiyin.

Bu ibodat Qur’oni karim oyatlari, Pay­g‘ambarimiz (alayhissalom)ning hadislari va Islom ummatining ijmo’i ila sobit bo‘lgandir. Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo‘ygan. Mazkur fazilatlarni sanab adog‘iga yetish qiyin.

 

Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Shariat istilohida esa, «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqlikdir». Ro‘zani ochuvchi narsalar deganda yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq va ro‘zani ochib yuboradigan boshqa narsalar tushuniladi.

 

Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan bo‘lib, ro‘za tutishning inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan, ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo ro‘za haqidagi oyatning oxirida:

 

«Shoyadki, taqvo qilsangiz», degan.

 

Alloh taolo bandalarni ro‘za tutishga buyurib:

 

«Ey imon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz», degan (Baqara: 183-184).

 

    Va yana:

 

«Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas, ro‘zasini tutsin», degan (Baqara. 185).

 

Bundan avvalgi oyatda ro‘za «sanoqli kunlar» farz qilingani aytilgan edi. Bu oyat o‘sha «sanoqli kunlar – «Ramazon oyi» ekanini bayon qilyapti. Ayni choqda, Ramazon oyining fazli ham zikr etilyapti.

 

Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar bor, ulug‘ ulamolarning so‘zlari, madhlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqdagi ta’riflarning gultojisi Robbil Olamiynning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu Ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidagi ta’rifdir. Ya’ni:

 

«Unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu fur­qondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir».

 

 Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy alayhissalom: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», dedilar» (Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).

 

 

 

Ro‘zaning fazilati haqida Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda:  «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam):  «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay», dedilar»   (Beshovlari rivoyat qilganlar).

 

Boshqa bir rivoyatda: «Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur», dedi» deyilgan.

 

Demak, insonning ro‘zadan boshqa hamma qilgan amali o‘zi uchun bo‘ladi. Faqatgina tutgan ro‘zasi Alloh uchundir. Buni bunday tushunish mumkin:  Ro‘zadan boshqa hamma amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo‘jako‘rsinlik, o‘zgalarning havasi, maqtovi, obro‘-e’tibor paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qigan odam tahorat qilganida, namozga joy tanlaganida va nihoyat namoz o‘qiyotganida boshqalar ko‘radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e’tibor bilan qaraydi.

 

Shunga o‘xshab, zakot berganida har qancha yashirsa ham hech bo‘lmaganda zakotni olgan kishi bilib, haqqiga duo qiladi.

 

Hajga borganida esa, umuman, shov-shuv bo‘lib ketadi. Qaytganidan so‘ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga keladi. «hoji aka» yoki «hoji ona» degan nom bilan chaqiriladi.

 

Ro‘zada esa, bu narsalarning birortasi yo‘q, kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma barobar yuraveradi. Iftor vaqti kirayotganda ham, hech kimsiz yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ana shularning hammasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir.

 

Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taolo O‘zi bilib berishga va’da qilmoqda.

 

Shu bilan birga, ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi. Ro‘zadorning amali bunchalar yuqori baholanishining sababi u faqat Alloh taolo uchun taomi va shahvatini tark qilib, ro‘za tutganidandir.

 

Darhaqiqat, azizlar, bizlarga Alloh taolo barakot oyini nasib qildi. uning qanchalik darajada barakalik ekanligini, imonimiz va ishonchimiz  darajasi ila his qilamiz. Ammo bu rahmat oyida ko‘p yaxshilik borligiga hech kimning shubhasi yo‘q. chunki bu oyda tutayotgan ro‘zalarimiz bilan ko‘p o‘zimizdagi yomonliklardan tiyilamiz. “Men ro‘zadorman” deb ancha muncha nojoiz ishlarimizdan to‘xtaymiz.

 

Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, ro‘za bu omonatdir, ro‘za bu ibodatdir. Shuning uchun bu issiq kunlarda tutayotgan ro‘zalarmizni chiroyli ado etaylikda Parvardigordan uning ajrini kutaylik. Payg‘ambarimiz s.a.v. shunday marhamat qildilar:

 

Ro‘za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi va gunohi kechirilgandir

 

Agar mening ummatim Ramazon oyi ichidagi narsalarni bilganlarida edi, albatta, yilning hammasi Ramazon bo‘lsaydi, deb orzu qilardilar. Zero, savoblar Ramazon ichida yig‘ilgandir va toatlar maqbuldir, duolar mustajobdir va gunohlar kechirilgandir va jannat ro‘zadorlarga mushtoqdir.

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   40783   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari