frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Silai rahm yaxshiliklar kaliti

20.05.2018   51181   16 min.
Silai rahm yaxshiliklar kaliti

Har yili Ramazon oyi boshimizga soyabon bo‘lib kelganida ul muborak oyning fazilatidan bahramand bo‘lib qolish uchun intilamiz, tutayogan ro‘zamiz qabul bo‘lishi uchun bir-birimizga yaxshiliklar ilinamiz. 

Dinimiz yaxshilikni avval o‘z yaqinlaringdan boshlashga amr etadi. Yaqinlarga qilinadigan yaxshilikning eng afzali esa silai rahmdir.

 

 «Sila» so‘zi arab tilida «qo‘shish», «bog‘lash», «jamlash» va «payvandlash» ma’nolarini anglatadi. Shuningdek, moddiy mukofot va mol berishga ham ishlatiladi. Ulamolar istilohida esa, asosan, silai rahm, ya’ni qarindoshlarga va yaqin kishilarga yaxshilik qilishga «sila» deyiladi. «Sila silai rahmdir. U nasabdosh qarindoshlarga yaxshilik qilish, ularga mehr-murvvat ko‘rsatib, hollaridan xabar olishdan iboratdir.

 

Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) sahobalar qarindoshlaridan shikoyat qilishganida, u zot: “Ular yomonlik qilishsa ham, sizlar yaxshilik qila- veringlar”, deb buyurganlar.

 

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

 

“Ey odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Rabbilaringdan qo‘rqinglar! Shuningdek, o‘rtalaringdagi o‘zaro mu- omalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir” (Niso, 1).

 

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) “Qarindoshlaridan aloqani uzgan odam jannatga kirmaydi. Silai rahm doimiy bordi-keldi emas, balki uzoqlashib ketgan qarindoshning holidan xabar olishdir ” (Buxoriy va Muslim rivoyati), dyeb marhamat qilganlar.  Qarindoshlik haqlari faqat bordi-keldilarning takrorlanishi bilan chegaralanib qolmay, ochin-to‘qin kunlarida dalda va xursandchiligiga sherik bo‘lishni ham taqozo etadi. Inson tabiatan yaqinlariga, og‘a-inilariga suyanishni xohlaydi va topganlarini ular bilan baham ko‘rishga urinadi. Yaqinlarning o‘zaro bordi-keldini uzib qo‘yishi jamiyatda mehrsizlik, bag‘ritoshlik kabi illatlarni paydo qiladi. Demak, qarindoshlik aloqalarining mustahkamligi jamiyat taraqqiyotida ham muhim omildir.

 

Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Alloh taolo: «Men Allohman! Men Rahmonman! Rahm Mening ismimdan olingandir! Kim uning silasini qilsa, Men ham uning silasini qilaman. Kim uning silasini uzsa, men ham uning silasini uzaman», deydi», — dedilar.

 

Hadislarda aka ota o‘rnida, opa ona o‘rnida ekani aytilgan. Demak, akani ota kabi hurmatlash, opani ona kabi e’zozlash lozim. O‘z navbatida, bu qoidadan aka va opaning uka-singillariga ota va ona kabi g‘amxo‘rlik qilishlari kerakligi ham anglashiladi.

 

Alloh taolo barchalarimizni bir- birlarimizga mehr-muhabbatli qilsin, farovon hayot kechirishimizni nasib etsin!

 

Ayniqsa, muborak Ramazon kunlarida yaqinlarimizni yo‘qlaylik. Bu esa yuqorida aytilganidek ro‘zalarimizning mukammal qabul bo‘lishiga dalolatdir.

 

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   27908   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari