frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Ro‘za tuting – salomat bo‘lasiz!”

20.05.2018   50501   8 min.
“Ro‘za tuting – salomat bo‘lasiz!”

  Ro‘zaning foydalari shu qadar ko‘pki, gapni qay biridan boshlashdi bilmaydi odam. Ro‘za – oxiratning bebaho  sarmoyasi,  shu barobarida  uning bu dunyoda ham insonga keltiradigan manfaatlari ko‘p. Qisqasi, ro‘za – ikki dunyo saodatining kaliti! 

Keling, shu o‘rinda ro‘zaning naqd foydasi haqida ikki og‘iz suhbatlashaylik.   Bir oy tugal ro‘za tutgan odam tani va ruhidagi ijobiy o‘zgarishlarni teran his etadi. Bu ro‘zaning  naqd foydasi bo‘lmay, nima?!

Tibbiyot olamlari allaqochon ilmiy isbot qilishganki, ro‘za ichki va tashqi a’zolarni muhofaza qiladi, zararli moddalarni chaqiruvchi cho‘kindilardan himoyalaydi hamda organizmning salomatligiga monelik qiluvchi mikrob va bakteriyalardan xalos etadi.

Shifokorlar ro‘zaning salomatlikni mustahkamlash bobidagi foydalarini ko‘p gapirishgan: “Ro‘za oshqozon va ichaklarni ortiqcha chirindilardan tozalaydi, u tufayli hazm qilish tizimi ma’lum muddat orom oladi. Ba’zi xastaliklarning davosi faqat parhez bo‘ladi. Ro‘za esa parhezning bir turi, hatto undan ustun. Ichak va yo‘g‘on ichaklarida surunkali yallig‘lanishi bor bemorlar hamda jigari xastalar iftor vaqti ko‘p taom tanovul qilishmasa, ro‘zaning foydasini sezishadi. Ba’zida qichima kasali borlar ro‘za sharofatidan tuzalib ketadilar. Chunki ro‘zada taomlanish bir tartibga tushganidan qichishish sabablari yo‘qoladi”.

Ro‘zaning asab tizimiga foydasi kata ekan. Doktor Muhammad Abu Shavq “Ro‘za va asab tizimi” nomli risolasida shunday yozadi: “Ro‘za nafs va ruhni poklaydi, qiyinchiliklarga chidash hamda kambag‘al va muhtojlarga mehr ko‘rsatishni o‘rgatadi, shahvatlarga berilishdan qaytaradi, nafsni muomalada rostgo‘ylik, omonatdorlik, g‘azab qilmaslik, o‘ch olmaslik kabi xulqlarga erishtiradi.

Bularning barchasi insonga tinchlik, muhabbat va poklik ruhini beradi. O‘z navbatida, bu asab tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Organizm asab tizimiga qarab sokin bo‘ladi yoki qo‘zg‘aladi. Asab tizimi tinch emas ekan, qolgan a’zolar ham bir maromda faoliyat ko‘rsatmaydi. Bu hikmatni qarang, ro‘zadorni inson suratidagi farishta qilib qo‘yadi. Bu bilan uning o‘zi saodatmandlikka erishadi va o‘zgalarni ham baxtli qiladi”.

Gapida davom etib, u yana bunday deydi: “Ey asabiy taranglik va charchoqlik, uyqusizlik, tushkunlik hamda shu kabi kasalliklardan qutulish maqsadida shifokorlarga qatnab yuruvchilar, agar ro‘za va uning sizlarga bergan yaxshiliklarini mahkam tutganingizda, uzluksiz davolanishga ehtiyoj sezmasdingiz”.

Inson tanasidagi ortiqcha vazn sababidan ham kasallik seza boshlaydi. Ro‘za tanadagi yog‘larni yo‘qotadi va bu bilan inson qisqa vaqt ichida ortiqcha vazndan qutuladi.

Ro‘za qon bosimi ko‘tarilganda, o‘tkir buyrak shamollashida, peshob yo‘lida to‘plangan toshlarni eritishda, jigar kasalliklarida, o‘t qopining shamollashi va toshlarini tushirishda, semizlik va siqilishga olib keluvchi surunkali yurak kasalligida, oqsil va kraxmal moddalarining ko‘pchish holatiga sabab bo‘luvchi oshqozon bezovtaligida foyda beradi. U yana g‘ayrat bag‘ishlaydi va keksalik tomon bo‘lgan qadamni sekinlashtiradi.

Ro‘zaning salomatlikka yetaklovchi foydalari, hatto musulmon bo‘lmagan ovrupalik, amerikaliklar va boshqalar tomonidan ham isbotlanmoqda. Ular bu borada kitoblar yozdilar. Ro‘za bilan davolanishni xohlovchilar uchun shu yo‘l vositasida muolaja o‘tkazuvchi sihatgohlar ochdilar va bedavo kasalliklarni ro‘za bilan davolashda katta natijalarga erishdilar. Fransiyalik ayrim shifokorlarning aytishlaricha, yiliga bir oy ro‘za tutish bir yil davomida organizmda to‘plangan befoyda cho‘kindilarni ketkazadi.

Ro‘zaning salomatlikka foydalari haqida kitob yozganlardan eng mashhuri amerikalik olim Mak Faddendir. U mamlakatda dong‘i ketgan shifoxona ochib, unga o‘z nomini bergan. Bedavo xastaliklarni yo‘qotishda ro‘za vositasida katta natijalarga erishgach, “Ro‘za” nomli kitob ta’lif qildi. U va boshqalar: “Ro‘za organizm uchun foydali bo‘lib, uni oziq-ovqat va dorilardan qolgan zahar quyqum­aridan tozalaydi”, deyishgan.

Doktor Mak bunday deydi: “Men ro‘za vositasida ko‘p kasallarni davoladim. Ro‘zaning ularga ta’siri kasalliklariga qarab bo‘ladi. Uning foydasini ko‘proq his qilgan bemorlar, asosan, oshqozonlaridan shikoyat qilganlardir. Ularning ro‘za vositasida shifo topishlari tez va hayratda qolarlidir. Qonga bog‘liq kasalliklar va revmatizm kabi tomirga oid xastaliklarni davolashda ham ro‘za katta foyda beradi”. Shifokor ro‘za bilan davolagan bemorlarning nomlari, kasalliklari va kasallik tarixlarini ham aytib o‘tgan.

Uning ta’kidlashicha, har bir inson, shuningdek, kasallar ham ro‘za tutishga ehtiyoj sezadi. Chunki taom va dorilar organizmda to‘planarkan, insonni og‘irlashtirib, g‘ayratini susaytiradi. Shunda u bemor kabi bo‘lib qoladi. Agar ro‘za tutsa, zaharlar tanasidan chiqib ketib, vazni yengillashib, butunlay poklanadi, g‘ayrat-shijoatga to‘ladi.

Bu shaxs ro‘zadorning ro‘zadan oladigan foydalari to‘g‘risida ko‘p gapirgan va quvvatini yangilash uchun o‘zi ham bir necha bor ro‘za tutib, boshqa yo‘l bilan erishib bo‘lmaydigan darajada ko‘p foyda ko‘rganini aytgan. U hammaga ro‘za tutish tavsiyasini beradi. Ayniqsa, uning “Ro‘za boshqa davolash vositalari ojiz qolgan hamma dardga shifodir” iborasi juda mashhurdir.

Doktor Alan Kot qand va bo‘g‘im kasalliklarini, doktor Karlson va Djenningslar boshqa turli kasalliklarni davolashda ro‘zadan keng foydalanishgan.

Teri tanosil kasalliklari bo‘yicha mutaxassis, amerikalik doktor Robert Bartol bunday yozadi: “Ro‘za mikroblardan, ayniqsa, tanosil kasalliklari mikroblaridan xalos bo‘lishning faol vositalaridan ekaniga shubha yo‘q. Chunki u eskirgan hujayralarni bartaraf qilib, o‘rniga yangilarini hosil qiladi. Bu tanosil kasalliklarini davolashning ochlik nazariyasidir”.

Yuqorida aytib o‘tilganlar ro‘zaning salomatlikka oid foydalaridan ba’zilari, xolos. Ko‘rib turganimizdek, buni hatto musulmon bo‘lmagan mutaxassislar ham tan olishgan.

 

“RAMAZONDA SALOMATLIK” 

kitobi asosida tayyorlandi.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

17.08.2026   22988   2 min.
Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.

Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.

Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.

Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.

“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari