Ro‘zaning insoniyat bilgan-bilmagan, ulamolar qayd etgan, olimlar kashf qilgan, shu bilan birga hanuz sirligicha qolgan talay jihatlari bor.
Ammo bir narsa shubhasiz – ro‘za tutishlikning odam jismu joniga foydasi beqiyosdir.
Avval ro‘zaning musulmon ruhiyatiga ta’sirini ko‘rib chiqsak. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara, 183), deya marhamat qiladi. Ochlik ila kishilarni davolovchi tabibga: «Siz ro‘za tufayli topgan eng katta foyda nima?» deb savol berilganda: «Allohni his etish, ibodat qilishga havas, qisqasi, taqvodorlik», deb javob berdi.
Ro‘zaning foydalaridan yana biri havoyi nafsni jilovlashdir. Ma’lumki, havoyi nafsga ko‘r-ko‘rona ergashish insonni uning quliga aylantirib qo‘yadi. Bu esa aslo yaxshilikka olib kelmaydi. Ro‘za tutgan kishi ishtahasi kelib turgan holda yegulik, ichimlik, shahvoniy xohish-istaklardan o‘zini tiyishi bilan havoyi nafsini sindiradi.
Ro‘zador shaytonga qahr ko‘rsatadi. La’nati shayton odam bolasini mudom yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka undab turadi. Inson qing‘ir yo‘ldan yursa, shayton alayhila’na xursand bo‘ladi, ezgulik sari qadam bossa, Allohning amrini bajo keltirsa, hasratda qoladi.
Ro‘zadorning qalbi poklanadi. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taolo kuzatayotganini, Uning nazorati ostida ekanini his qilib turadi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz, guvohlarsiz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish kishi qalbini musaffo qiladi.
Ro‘za tutgan kishilarning gunohlari mag‘firat qilinadi. Ro‘zaga oid hadisi shariflarda bunga ko‘plab dalillar bor.
Ro‘za tutgan kishilar farishtalar sifati ila sifatlanadilar. Ma’lumki, yemoq, ichmoq va jinsiy yaqinlikdan tiyilib, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xosdir.
Ro‘zadorning sabr-bardoshi ortadi. Bu esa inson uchun juda ham zarur fazilatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun davomida ko‘ngli tusagan narsalardan tiyila olgan odam shubhasiz sabr-bardoshga ega bo‘ladi.
Ro‘za rahm-shafqat sifatini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ro‘zador nafsi uchun zarur, lazzatli narsalardan ixtyoriy ravishda vaqtincha mahrum bo‘larkan, noilojlikdan och-tashna, dunyo lazzatlaridan bebahra beva-bechoralarni yaxshiroq tushunadi, ularga nisbatan rahm-shafqati ortadi.
Ro‘za tutish odam jismiga ham nihoyatda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan 1400 yil burun musulmonlarga ro‘za farz qilinganda odamlar uning shifo xususiyatlari haqida ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lmaganlar. Buni azob-uqubat va jismga nisbatan haqorat deb hisoblagan johillar ham uchragan. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlar aksini tasdiqlayapti. Ixtiyoriy och qolishning eng go‘zal namunasi bo‘lgan ro‘zaning barchaga ayon hikmatlaridan biri salomatlikka ijobiy ta’sirdir. Shu bois ochlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha ko‘plab kitoblar yozilyapti, bu usul tibbiyotda keng qo‘llanilmoqda, davolashning bu turi dunyoda urf bo‘lmoqdi. Nafaqat sog‘liqni saqlashda, balki kasalliklardan xalos bo‘lishda ham ro‘za tutishning o‘ta zarurligi ta’kidlanyapti. Hozirgi kunda keng tarqalgan xastaliklarning ko‘pini musulmon bo‘lmagan yurtlar tabiblari ham ochlik – ro‘za tuttirish yo‘li bilan davolamoqdalar. Mutaxassislar buning samarasini e’tirof etishmoqda. Ayrim G‘arb mamlakatlarida shu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi maxsus shifoxonalar ham bor.
Odam vujudi shunday yaratilganki, oziq-ovqat yetkazish to‘xtagan paytda butun kuch-quvvat organizmni zararli mikroblar, xasta to‘qimalar, o‘sma va xiltlardan tozalashga qaratiladi. Tadqiqotchi, tibbiyot fanlari doktori Robert Bartlou ilmiy izlanishlar, tajribalari bilan ro‘za organizmni poklashda juda katta kuchga ega ekani va hatto boshlang‘ich bosqichda o‘smalarni yo‘qotishi mumkinligini isbotladi.
Ochlik bilan davolanayotganlarni kuzatgan olimlar ularning sog‘ayib, turli kasalliklardan tamoman qutulib ketganlariga guvoh bo‘lishdi. Tajribalar ro‘za qonda xolesterin miqdorining kamayishiga, natijada yurakda qon laxtasi (tromb) tiqilishining oldi olinishiga sabab bo‘lishini ko‘rsatdi. AQSHda olib borilgan tadqiqotlar esa ro‘za qondagi qand moddasi va me’da shirasi kislotasini hech qanday dori vositalarisiz me’yorda saqlab turishini isbotladi.
Ochlik ta’sirlarini o‘rgangan germaniyalik olimlar uch-to‘rt hafta mobaynida 10-15 soat hech nima iste’mol qilmay yengil ish bilan shug‘ullanish sog‘lik uchun juda foydali degan xulosaga keldilar. Doktor Bill Shernber har yili bir oy ro‘za tutish tetiklik va yoshlik asosi ekanini ta’kidlaydi.
Odessa universiteti olimlari o‘tkazgan tajribalar ochlik tanadagi zaharlarni har qanday dori-darmondan ko‘ra samaraliroq chiqarib tashlashini ko‘rsatdi. Masalan, ro‘za paytida organizmdan ammiakning chiqarilishi 100 barobarga kuchayadi.
Ro‘zaning inson asab tizimi va ruhiyatiga ijobiy ta’siri ham katta. Bunda yaqqol ko‘zga ko‘rinadigan foyda mustahkam iroda va taqvoning shakllanishidir. Eng kuchli dushman – nafs ustidan g‘alaba qozongan kishi metin irodaga ega bo‘ladi, uning ongi jism xohish-istaklarni bo‘ysundiradi. Ko‘p hollarda istaklari quliga aylanayozgan odam endi ularni boshqara oladi.
Fiziologiya qonuniyatlariga ko‘ra, refleks shakllanishi uchun bir oy kifoyadir. Bir oy uzluksiz ro‘za tutgan kishida Alloh qaytargan narsalardan tiyilish refleksi paydo bo‘ladi.
Odatda odamlarda fan tomonidan tasdiqlangan, amalda isbotini topgan narsalarga ishonch paydo bo‘ladi. Biroq ro‘zaning hali ilm-fan aniqlay olmagan foydali jihatlari borligi shubhasiz. Bular asta-sekin o‘z isbotini topadi.
Bu dunyoda shuncha foyda va manfaatlari bo‘lgan ro‘za uchun oxiratda Janobi Haq huzurida qanday mukofotlar bo‘lishi mumkinligini tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi...
Amrullo JO‘RAYEV,
Mir Arab madrasasi
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga yo‘l oladi. Ular yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Imom Buxoriy nomidagi Innovatsion muzey bilan tanishadi. Kunning ikkinchi yarmida esa ishtirokchilar uchun shaharning tarixiy-madaniy meros obyektlari, jumladan, YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar bo‘ylab maxsus dastur tashkil etiladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Yodgorlik majmuasi Samarqand viloyati Payariq tumanida, buyuk muhaddis va ilohiyotshunos Muhammad al-Buxoriyning (810–870) dafn etilgan joyida joylashgan. U «Sahihi Buxoriy» to‘plami muallifi bo‘lib, mazkur asar sunniy islomdagi eng mo‘tabar hadis to‘plamlaridan biri hisoblanadi.
Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng majmua 2026 yil bahorida ziyoratchilar uchun qayta ochildi. Uning umumiy hududi 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming kishilik masjid, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari, 154 ustunli ayvon, 14 ta moviy gumbaz va balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora barpo etilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng majmuaning kunlik qabul qilish quvvati 12 ming nafardan 65 ming nafargacha oshdi.
Majmuaning markaziy qismlaridan biri — to‘qqizta pavilondan iborat yangi Imom Buxoriy Innovatsion muzeyidir. Ekspozitsiya allomaning hayoti, hadisshunoslik tarixi va uning ilmiy merosiga bag‘ishlangan. Shuningdek, muzeyda Qur’onda zikr etilgan payg‘ambarlar, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makka va Madinadagi hayoti hamda yozma hadis to‘plamlarining shakllanish tarixi haqida ma’lumotlar berilgan.
Majmua yaqinida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham faoliyat yuritadi. Markaz islom ilmiy va qo‘lyozma merosini, jumladan, Markaziy Osiyoning o‘rta asr olimlari asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar va tarjimalar tayyorlash, shuningdek, xalqaro ilmiy almashinuvni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Majmuaga tashrifdan so‘ng forum ishtirokchilari tarixiy Samarqand bilan tanishadi. Shaharning asosiy me’moriy yodgorliklari qatoriga Registon, Bibixonim masjidi, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi kiradi. YUNЕSKO ushbu to‘rt obyektni 2001 yilda «Samarqand — madaniyatlar chorrahasi» nomi bilan Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharning asosiy yodgorliklari sifatida e’tirof etadi.
Samarqand bosqichi 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi dasturining bir qismi bo‘ladi.
Press-slujba Upravleniya musulman Uzbekistana