frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ro‘zaning jism va ruhiyatga ta’siri

19.05.2018   47128   16 min.
Ro‘zaning jism va ruhiyatga ta’siri

Ro‘zaning insoniyat bilgan-bilmagan, ulamolar qayd etgan, olimlar kashf qilgan, shu bilan birga hanuz sirligicha qolgan talay jihatlari bor.

Ammo bir narsa shubhasiz – ro‘za tutishlikning odam jismu joniga foydasi beqiyosdir. 

 Avval ro‘zaning musulmon ruhiyatiga ta’sirini ko‘rib chiqsak. Ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara, 183), deya marhamat qiladi. Ochlik ila kishilarni davolovchi tabibga: «Siz ro‘za tufayli topgan eng katta foyda nima?» deb savol berilganda: «Allohni his etish, ibodat qilishga havas, qisqasi, taqvodorlik», deb javob berdi.
       Ro‘zaning foydalaridan yana biri havoyi nafsni jilovlashdir. Ma’lumki, havoyi nafsga ko‘r-ko‘rona ergashish insonni uning quliga aylantirib qo‘yadi. Bu esa aslo yaxshilikka olib kelmaydi. Ro‘za tutgan kishi ishtahasi kelib turgan holda yegulik, ichimlik, shahvoniy xohish-istaklardan o‘zini tiyishi bilan havoyi nafsini sindiradi. 

 Ro‘zador shaytonga qahr ko‘rsatadi. La’nati shayton odam bolasini mudom yaxshilikdan qaytarib, yomonlikka undab turadi. Inson qing‘ir yo‘ldan yursa, shayton alayhila’na xursand bo‘ladi, ezgulik sari qadam bossa, Allohning amrini bajo keltirsa, hasratda qoladi.

  Ro‘zadorning qalbi poklanadi. Ro‘za tutgan inson doimo Alloh taolo kuzatayotganini, Uning nazorati ostida ekanini his qilib turadi. Shuning uchun o‘zi yolg‘iz, guvohlarsiz qolganida ham ro‘zasini ochishga jur’at etmaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish kishi qalbini musaffo qiladi.

  Ro‘za tutgan kishilarning gunohlari mag‘firat qilinadi. Ro‘zaga oid hadisi shariflarda bunga ko‘plab dalillar bor.

  Ro‘za tutgan kishilar farishtalar sifati ila sifatlanadilar. Ma’lumki, yemoq, ichmoq va jinsiy yaqinlikdan tiyilib, doimo toatda bo‘lish farishtalarga xosdir.

  Ro‘zadorning sabr-bardoshi ortadi. Bu esa inson uchun juda ham zarur fazilatdir. O‘z ixtiyori ila o‘ttiz kun davomida ko‘ngli tusagan narsalardan  tiyila olgan odam shubhasiz sabr-bardoshga ega bo‘ladi.

  Ro‘za rahm-shafqat sifatini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ro‘zador nafsi uchun zarur, lazzatli narsalardan ixtyoriy ravishda vaqtincha mahrum bo‘larkan, noilojlikdan och-tashna, dunyo lazzatlaridan bebahra beva-bechoralarni yaxshiroq tushunadi, ularga nisbatan rahm-shafqati ortadi.

 Ro‘za tutish odam jismiga ham nihoyatda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan 1400 yil burun musulmonlarga ro‘za farz qilinganda odamlar uning shifo xususiyatlari haqida ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lmaganlar. Buni azob-uqubat va jismga nisbatan haqorat deb hisoblagan johillar ham uchragan. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlar aksini tasdiqlayapti. Ixtiyoriy och qolishning eng go‘zal namunasi bo‘lgan ro‘zaning barchaga ayon hikmatlaridan biri salomatlikka ijobiy ta’sirdir. Shu bois ochlik yo‘li bilan davolash bo‘yicha ko‘plab kitoblar yozilyapti, bu usul tibbiyotda keng qo‘llanilmoqda, davolashning bu turi dunyoda urf bo‘lmoqdi. Nafaqat sog‘liqni saqlashda, balki kasalliklardan xalos bo‘lishda ham ro‘za tutishning  o‘ta zarurligi ta’kidlanyapti. Hozirgi kunda keng tarqalgan xastaliklarning ko‘pini musulmon bo‘lmagan yurtlar tabiblari ham ochlik – ro‘za tuttirish yo‘li bilan davolamoqdalar. Mutaxassislar buning samarasini e’tirof etishmoqda. Ayrim G‘arb mamlakatlarida shu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi maxsus shifoxonalar ham bor.

 Odam vujudi shunday yaratilganki, oziq-ovqat yetkazish to‘xtagan paytda butun kuch-quvvat organizmni zararli mikroblar, xasta to‘qimalar, o‘sma va xiltlardan tozalashga qaratiladi. Tadqiqotchi, tibbiyot fanlari doktori Robert Bartlou ilmiy izlanishlar, tajribalari bilan ro‘za organizmni poklashda juda katta kuchga ega ekani va hatto boshlang‘ich bosqichda o‘smalarni yo‘qotishi mumkinligini isbotladi.

 Ochlik bilan davolanayotganlarni kuzatgan olimlar ularning sog‘ayib, turli kasalliklardan tamoman qutulib ketganlariga guvoh bo‘lishdi. Tajribalar ro‘za qonda xolesterin miqdorining kamayishiga, natijada yurakda qon laxtasi (tromb) tiqilishining oldi olinishiga sabab bo‘lishini ko‘rsatdi. AQSHda olib borilgan tadqiqotlar esa ro‘za qondagi qand moddasi va me’da shirasi kislotasini hech qanday dori vositalarisiz me’yorda saqlab turishini isbotladi.

 Ochlik ta’sirlarini o‘rgangan germaniyalik olimlar uch-to‘rt hafta mobaynida 10-15 soat hech nima iste’mol qilmay yengil ish bilan shug‘ullanish sog‘lik uchun juda foydali degan xulosaga keldilar. Doktor Bill Shernber har yili bir oy ro‘za tutish tetiklik va yoshlik asosi ekanini ta’kidlaydi.

 Odessa universiteti olimlari o‘tkazgan tajribalar ochlik tanadagi zaharlarni har qanday dori-darmondan ko‘ra samaraliroq chiqarib tashlashini ko‘rsatdi. Masalan, ro‘za paytida organizmdan ammiakning chiqarilishi 100 barobarga kuchayadi.

 Ro‘zaning inson asab tizimi va ruhiyatiga ijobiy ta’siri ham katta. Bunda yaqqol ko‘zga ko‘rinadigan foyda mustahkam iroda va taqvoning shakllanishidir. Eng kuchli dushman – nafs ustidan g‘alaba qozongan kishi metin irodaga ega bo‘ladi, uning ongi jism xohish-istaklarni bo‘ysundiradi. Ko‘p hollarda istaklari quliga aylanayozgan odam endi ularni boshqara oladi.

 Fiziologiya qonuniyatlariga ko‘ra, refleks shakllanishi uchun bir oy kifoyadir. Bir oy uzluksiz ro‘za tutgan kishida Alloh qaytargan narsalardan tiyilish refleksi paydo bo‘ladi.

 Odatda odamlarda fan tomonidan tasdiqlangan, amalda isbotini topgan narsalarga ishonch paydo bo‘ladi. Biroq ro‘zaning hali ilm-fan aniqlay olmagan foydali jihatlari borligi shubhasiz. Bular asta-sekin o‘z isbotini topadi.

 Bu dunyoda shuncha foyda va manfaatlari bo‘lgan ro‘za uchun oxiratda  Janobi Haq huzurida qanday mukofotlar bo‘lishi mumkinligini tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi... 

Amrullo JO‘RAYEV,

Mir Arab madrasasi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

17.08.2026   23438   2 min.
Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.

Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.

Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.

Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.

“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari