Joriy yilning 20 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida VI Xalqaro Qur’oni karim musobaqasi o‘z faoliyatini boshlaydi.
Mazkur musobaqa 20-30 may kunlari o‘tkazilib, quyidagi 2 yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi:
1. Qur’oni karimni tajvid qoidasi bilan to‘liq yoddan o‘qish.
2. Qur’oni karimni tajvid qoidalari bilan tilovat qilib berish.
Yurtimizning 2 nafar vakili Sayyid Muhyiddin Maxdum o‘rta maxsus islom bilim yurti 4-bosqich talabasi Abdujalilov Sirojiddin qori va Xidirboyev Xusanxon qori hifz va mujavvid yo‘nalishida o‘z iqtidorlarini namoyish etish maqsadida mazkur musobaqada ishtirok etmoqda. Biz qorilarimizga ushbu nufuzli musobaqada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishida Allohdan muvaffaqiyat va omadlar tilab qolamiz.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Abdulloh Parpiyev
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi