O‘zbek qorilari xorij masjidalirda taroveh namozlarini ado etib bermoqda.
Qadimdan yurtimizdan yetishib chiqqan diniy ulamolar va qorilarga xorij davlatlarida katta hurmat bilan qaralgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng diniy ta’limga katta e’tibor berildi. Buning natijasi o‘laroq yurtimizdan yuzlab, minglab qorilar yetishib chiqdi va chiqmoqda.
Bir necha yildan buyon xorij davlatlari diniy idoralaridan kelgan takliflar asosida qorilarimiz chet mamlakatlarida diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etib, taroveh namozlarini ado etib bermoqdalar.
Joriy yil Ramazon oyida ham qorilarimiz bir qancha davlatlarga, xususan, AQSH, Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlarga jo‘nab ketdilar.
Jumladan Turkiston – Amerika jamiyati taklifiga binoan Toshkent shahridagi “Minor” masjidi noib-imomi Kabirov Murodjon qori AQSHga jo‘nab ketdi. U yerda qorimiz Ramazon oyi davomida musulmonlarga taroveh namozini ado etib, diniy – ma’rifiy suhbatlar o‘tkazib berishi rejalashtirilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Kecha, 29 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari xalqaro konferensiya doirasida Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot hamda Qirol Abdulloh II nomidagi Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, mamlakatlar rahbarlarining do‘stona aloqalari turli yo‘nalishlardagi munosabatlarga zamin bo‘layotgani, aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgani, unda diniy ta’lim, zamonaviy fatvo ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilanganiga urg‘u qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga Davlatimiz Rahbari sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Diniy idora Fatvo markazi ulamolari mazkur institutdagi o‘quvlarda muntazam ishtirok etib kelayotgani, iordaniyalik ulamolar mamlakatimizdagi anjumanlarda doimiy qatnashib kelayotgani, xususan, Islomiy ilmlar dorulfununi doktori Shayx Saloh Abul Hoj faolligi uchrashuvda alohida ta’kidlandi.
Iordaniya muftiysi zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi mutafakkirlar yetishib chiqqani, yurtimiz ulamolari din rivojiga katta hissa qo‘shgani, Islom aqidasini himoya qilishdagi beqiyos xizmatlariga urg‘u qaratdi.
Ahmad Ibrohim Hasanot Samarqandda o‘tayotgan konferensiyaning dolzarbligi haqida gapirib, bugungi kunda moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotgani, moturidiylik maktabining ilm-ma’rifat, mo‘tadillik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishdagi o‘rnini yuqori baholadi. Shuningdek, u o‘zbekistonliklar fayzu baraka, ilm-ma’rifatni arab olamidan emas, balki o‘zlarining o‘tmishdagi buyuk mutafakkirlari merosidan olishlari eng to‘g‘ri yo‘l ekanini izohladi.
Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda ushbu o‘quv dargohi masjid imom-xatiblari tayyorlanishi va ularning malakasi oshirish, diniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, ekstremizm va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish ishlari bilan shug‘ullanishini bildirdi.
Uchrashuv nihoyasida zamonaviy fatvolarni ishlab chiqish, diniy soha xodimlari malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot olib borishda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati