O‘zbek qorilari xorij masjidalirda taroveh namozlarini ado etib bermoqda.
Qadimdan yurtimizdan yetishib chiqqan diniy ulamolar va qorilarga xorij davlatlarida katta hurmat bilan qaralgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng diniy ta’limga katta e’tibor berildi. Buning natijasi o‘laroq yurtimizdan yuzlab, minglab qorilar yetishib chiqdi va chiqmoqda.
Bir necha yildan buyon xorij davlatlari diniy idoralaridan kelgan takliflar asosida qorilarimiz chet mamlakatlarida diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etib, taroveh namozlarini ado etib bermoqdalar.
Joriy yil Ramazon oyida ham qorilarimiz bir qancha davlatlarga, xususan, AQSH, Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlarga jo‘nab ketdilar.
Jumladan Turkiston – Amerika jamiyati taklifiga binoan Toshkent shahridagi “Minor” masjidi noib-imomi Kabirov Murodjon qori AQSHga jo‘nab ketdi. U yerda qorimiz Ramazon oyi davomida musulmonlarga taroveh namozini ado etib, diniy – ma’rifiy suhbatlar o‘tkazib berishi rejalashtirilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.