Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Avgust, 2025   |   9 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:20
Peshin
12:34
Asr
17:31
Shom
19:42
Xufton
21:07
Bismillah
03 Avgust, 2025, 9 Safar, 1447

Ilm dargohini e’zozlang

16.05.2018   4110   4 min.
Ilm dargohini e’zozlang

Ilm shunday beqiyos ne’matki, uni jismonan his qilib, ta’mini totib ko‘rib, qo‘l bilan miqdorini aniqlab bo‘lmasa-da, unga erishish natijasida ongda yuzaga keladigan farog‘atni bu dunyodagi hech bir rohat bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Inson ana shunday ne’mat bilan ne’matlanganki, uning zarrasini ham yo‘qotmasdan o‘z vaqtida to‘g‘ri anglay olishi va qadriga yeta olishi uni ham moddiy, ham ma’naviy yuksaklikka olib chiqadi. Aksincha, bu ne’matni his qila olmaslik, uni qadriga yetmasdan, moddiy ne’matlar qa’riga sho‘ng‘ib ketish oxir-oqibat insonni jarlikka yuztuban qiladi.

Inson tafakkurining ilmni qanday qabul qilishi, shubhasiz, uning yoshiga bog‘liq. Ilm o‘rganishning yo‘llari va usullari ko‘pligi, inson uchun uning yoshiga muvofiq egallashda yengillik tug‘diradi. Bunda uslub va yoshni to‘g‘ri muvofiqlashtirish muhim. Ilmni egallay olmaslik va uni tafakkur qila olmaslik aksar holda ana shu mutanosiblikning yo‘qligidan yuzaga keladi. O‘quv muassasalarida o‘quvchining yosh me’yoriga qaramasdan darsliklar tanlanishi va noto‘g‘ri uslublardan foydalanilishi ilm saviyasining tushib ketishiga hamda o‘quvchilarda u yoki bu fanga qiziqishning so‘nishiga olib keladi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida bu muammo ancha sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi. Bu ikki dargoh bolaning ilm olish debocha manzili bo‘lib, ta’limning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi shu dargohlardan boshlanishi lozim. Buning uchun har bir fanning o‘ziga xosligidan kelib chiqib yondashish muhim o‘rin tutadi.

Bolaning tafakkurida ko‘rish, tinglash va eslab qolish xususiyatlari kuchli bo‘ladi. Ko‘rish deganda, u katta va rangli shakldagi harf va suratlarni yaxshi qabul qila oladi. Bunda u harfni ham, suratni ham surat deb qabul qiladi va qulog‘i orqali eshitib ularning nomlarini eslab boradi. Bolaning tafakkurida turli tillarni farqlash hali rivojlanmagani uchun u bir necha tilni (ta’kidlash joizki, bir necha tilni bola chalkashtirib yubormaydi) barobar egallab borishi mumkin. Albatta, bola ko‘rgan va eshitgan narsasinigina olib qoladi va yuzdan oshiq so‘zlarni eslab qolishi mumkin. Tajribalarda bundan ham ko‘p natijalar kuzatilgan. Muhimi shundaki, bu uzviylikni to‘xtatmaslik kerak. Chunki ko‘rmayotgan va eshitmayotgan narsasini unutish bola uchun ko‘p vaqtni olmaydi. Qanchalik tez egallagan narsasini, shunchalik tez unutadi. Albatta, bu mashaqqatli yo‘lda ilk ustoz bolaning ota-onasi hisoblanib, ilm saroyining ilk g‘ishtlarini ular qo‘yadilar.

Maktab bolaning qanday shakllanishida asosiy o‘rin tutadigan vosita bo‘lib, u yerda erishilgan yutuq yoki yo‘l qo‘yilgan har bir kamchilik bolaning shakllanishida o‘z natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Bunda ustoz, darslik va uslubning o‘rni beqiyos. Ustozda o‘z faniga va o‘quvchilariga muhabbati bo‘lmasa, darslik o‘quvchining yoshiga va xalq mentalitetiga mos bo‘lmasa hamda uslub to‘g‘ri tanlangan bo‘lmasa, o‘quvchi maktabni tamomlaganda, xuddi bo‘sh xonaning u eshigidan kirib bu eshigidan chiqqandek holatda bo‘ladi. Oqibatida boshlang‘ich ta’limni ololmagan bolaning o‘rta-maxsus va oliy ta’lim dargohlarida tahsil olish sifatini tasavvur qilib ko‘rish qiyin emas.

Boshlang‘ich sinflardan so‘ng dars sekin-asta jiddiylashib boradi. Darslik muhim manba bo‘lgani sababli har bir sinf bosqichi uchun uni to‘g‘ri tanlay bilish yutuq darajasini belgilab beradi. Darslik tanlashda, albatta, bu xorijiy til ekanini va u ona tilining qabul qilinishidan tubdan farq qilinishini e’tiborga olish muhim. Afsuski, maktablarda ana shu tomonlar hisobga olinmay, xorijiy til egasining ona tili kitobi kabi darsliklar tanlanib, oqibatida bizning o‘quvchilarning xorijiy tilni egallay olmasliklariga sabab bo‘layotgan hollar ham yo‘q emas. Oqibatida, maktabni bitirgan bolada xorijiy til bu qandaydir egallab bo‘lmaydigan dovon degan tushuncha hosil bo‘lmoqda. O‘rta-maxsus o‘quv yurtlari tilni davom ettirish o‘rniga, avval o‘quvchida shu qo‘rquvni bartaraf etish va so‘ngra tilni o‘rgatishga vaqt sarflashlariga to‘g‘ri kelayapti.

Ilm olishda uzviylik bo‘lsa, har bir ilm dargohi berishi lozim bo‘lgan ilm darajasini berishga erishsa, bolada ilmga muhabbat uyg‘ota olinsa, albatta, ilm bog‘idagi nihollar barg ochib, ulkan mevali daraxtlarga aylanadi.

 

Rashidbek ERNAZAROV,

Xorazm viloyati Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Chandiq qolur, dog‘ qolur...

01.08.2025   6263   2 min.
Chandiq qolur, dog‘ qolur...

Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.


O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.


Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:


– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.


O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:


– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..


Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.


Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga  va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan. 

Akbarshoh Rasulov

O'zbekiston yangiliklari